У нас есть только
оригинальные песни

15 sentabr “Avtomobilsiz kun” aksiyasiga start beriladi

calendar 09.09.2018
2267

Joriy yilning 15 sentabrida respublika hududida “Avtomobilsiz kun” aksiyasi o'tkaziladi. Ushbu tadbir Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi “Yo'l harakati xavfsizligi kunini o'tkazish va yo'l transport xodisalari profilaktikasining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 701-sonli qarorida belgilangan vazifaga asosan tashkil etiladi. O'sha kundan boshlab har oyning uchinchi juma kunida doimiy ravishda aksiya o'tkaziladi.

Respublika ekologiya qo'mitasi binosida 8 sentabr kuni O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Yo'l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi, Mudofaa vazirligi, Sog'liqni saqlash vazirligi, Respublika Avtomobillar yo'llari davlat qo'mitasi va jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Unda aksiya doirasida qilinayotgan ishlar haqida ma`lumotlar berildi.

Respublika Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi raisi o'rinbosari O'ktam O'tayev bu haqida quyidagilarni aytib o'tdi:

“Bu aksiyani o'tkazishdan maqsadimiz odamlar orasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilishdan tashqari, atrof-muhitni muhofaza qilishda daxldorlik hissini uyg'otishdir. Biz “Avtomobilsiz kun” aksiyasini o'tkazishdan oldin 24 ta xorijiy davlatning tajribasini o'rganib chiqdik. Aytish joizki, rivojlangan mamlakatlarda dam olish kunlari velosipedlardan foydalanishadi. Shu an`anani joriy etsak, barchani birlashtira olsak, yurtimiz ekologiyasiga katta hissa qo'shgan bo'lamiz.   Toshkent shahar hokimligi tomonidan veloturargohlar tashkil qilinmoqda. Toshkent shahrining To'ytepa ko'chasida shunday zamonaviy veloturargoh barpo qilinyapti. Chilonzor tumanida velosipedlar uchun yo'lak qurildi. Bularning sonini bosqichma-bosqich ko'paytirib borish niyatidamiz”.

Eslatib o'tamiz, 15 sentabrda poytaxt ko'chalarida avtomobil harakati cheklanmaydi.

Яндекс.Метрика