1,2 million murojaat. Virtual qabulxona bilan bir yil

O'zbekiston Respublikasi prezidenti virtual qabulxonasi ishga tushirilganiga bir yil to'ldi. Ushbu munosabat bilan «Xalq so'zi» gazetasida maqola e`lon qilindi. Quyida ushbu maqola bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

Xalq bilan muloqotning noyob tizimi fuqarolarning davlat organlari bilan to'g'ridan-to'g'ri munosabat o'rnatish imkonini berdi. Bir yil davomida sinovdan o'tib, tobora takomillashtirilib borilgan ushbu mexanizm dunyo hamjamiyatiga chinakam demokratiya yo'lidagi muvaffaqiyatlarimizdan biri sifatida namoyish etildi. Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yuksak minbaridan turib, xalq hokimiyatini nomiga emas, balki amalda joriy qilish mexanizmlarini mustahkamlashni global maqsad sifatida belgilab, mamlakatimiz barcha hududida Prezidentning virtual va Xalq qabulxonalari tashkil etilganini hamda hozirgi kungacha bir milliondan ortiq fuqarolarimiz bu qabulxonalar orqali o'zlarining dolzarb muammolarini hal qilganini ta`kidlab o'tdi.

Xalq hokimiyatchiligi to'g'ridan-to'g'ri muloqot, ya`ni «fuqaro — davlat» g'oyasida mujassam bo'lgan eng muhim tamoyillardan biri hisoblanadi. Bu so'nggi paytlarda mamlakatimizda barcha sohada kechayotgan islohotlarni o'zaro uzviy bog'lab turadigan asosiy negiz sifatida ko'zga tashlanmoqda. Bu borada yurtdoshlarimiz hamjihatlikda mamlakatimizning yaqin istiqboldagi «yo'l xaritasi»ni ishlab chiqqani hamda u jamoatchilik muhokamasidan so'ng tasdiqlanganini eslashning o'zi kifoya. Bugun xalqaro ekspertlar alohida e`tirof etishmoqdaki, agar O'zbekistonda boshlangan o'zgarishlarning tub mohiyatini tushunishni istasangiz, Harakatlar strategiyasini sinchkovlik bilan o'rganib chiqishingiz kerak, shunda barchasini anglab olasiz. Aytish joizki, yurtdoshlarimizni, ochig'i, ko'p o'ylatgan, ko'nglini bir qadar bezovta qilgan, o'ziga xos nozik muammo ham yechimini topdi. Aniqroq aytadigan bo'lsak, ko'p sonli murojaatlar asosida o'rganilib, maktablarda 10-sinf qayta tiklandi. Bu xalq xohish-irodasi mamlakatdagi islohotlar yo'nalishlarini belgilab berayotganining yana bir yaqqol isboti, desak, ayni haqiqat. Davlatimiz rahbarining ezgu tashabbuslarida inson manfaatlari yurtimizda kechayotgan yangilanishlarning asosiy maqsadi sifatida aks etadi. «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan o'tkazilgan tahlillarga ko'ra, «xalq» va «mamlakat» — Prezidentimizning ma`ruzalari, nutqlarida eng ko'p uchraydigan so'zlar ekan. Yurtboshimizning 12 ta ma`ruzasida ushbu so'zlar uch yuz martalab yangragan.

Prezidentning virtual qabulxonasiga yil davomida 1,2 milliondan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Bu o'zbekistonliklarning davlat rahbari hamda yangi institutga bo'lgan yuksak ishonchini ko'rsatmoqda. Binobarin, Virtual qabulxona allaqachon aholi muammolarini amalda hal qilishga qodir bo'lgan mexanizmga aylanib ulgurdi.

Fidoyi va jonkuyarlar davri keldi

Xorijiy ommaviy axborot vositalarida e`tirof etilganidek, Shavkat Mirziyoyev ko'plab amaldorlarni aylanib o'tib, fuqarolarning shikoyatlarini to'g'ridan-to'g'ri qabul qiladigan va Prezident devoniga yetkazadigan Virtual qabulxonani tashkil etish orqali shu paytga qadar xalqdan uzoqlashib ketgan o'zbek siyosiy modelini ijobiy ma`noda larzaga keltirdi. Natijada aksariyat amaldorlarning nafaqat qaror qabul qilishdan, balki oddiy insonlar muammolarini tushunishdan yiroqligi ham ayon bo'ldi.

Bu tizimga moslasha olmagan amaldorlar xalq bilan muloqot vaqtinchalik aksiya emas, aksincha, xalq fikri har doim ustuvor bo'lishini chuqur anglab yetganlaridan so'ng lavozimlarini tark etishdi. «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» tamoyilini hayotga tatbiq etishga, ishni soat mexanizmidek tashkil qilishga qodirlargina qoldi. Bu tamoyil odamlarning hokimiyat bilan to'siqsiz muloqot o'rnatishiga keng maydon hamda imkon beradi.

O'tgan yilning oxiriga kelib, ushbu ezgu ishlar ko'lami yanada ortdi. Prezident Farmoni bilan har bir tumanda, shaharda davlat rahbarining Xalq qabulxonalari tashkil etilishi belgilandi. Bu davlat va fuqaro o'rtasidagi muloqotni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi, jamiyatda adolat ildizlarini yanada chuqurroq mustahkamlashga, turli bo'g'indagi rahbarlar, amaldorlarni aholi bilan yaqinlashtirishga, murojaatlarning imkon qadar tezroq hal qilinishiga zamin yaratdi.

Qabulxonaga iqtisodiyot hamda tadbirkorlik, ijtimoiy rivojlanish, yoshlar siyosati, fuqarolar yig'inlari va jamoat tashkilotlari, sud-huquq masalalari, kommunal xo'jaligi hamda qurilish sohalari bo'yicha kelib tushayotgan murojaatlar tezkorlik bilan rasmiylashtirilib, taalluqliligi bo'yicha onlayn tarzda yuborilmoqda.

Ana shunday murojaatlardan biri Zuhra Bozorboyeva tomonidan yo'llangan edi. Gap shundaki, uning Jizzaxdagi uyi shahar rejasiga ko'ra buzilgan va unga hokimlik tomonidan kompensatsiya to'lanishi kerak edi. Ammo bu oddiy masala yechimi uzoq cho'zildi. Xalq qabulxonasida Zuhra opaning arzu shikoyati tinglandi, e`tiborga olindi, muammo o'rganilib, yordam berilishi aytildi. Ko'p o'tmay, opaning hisob raqamiga 102 million so'm -o'tkazib berildi.

Jamiyatdagi o'zgarishlar barometri

O'tgan davr mobaynida Virtual hamda Xalq qabulxonalari mamlakatni yangilashning amaliy mexanizmiga aylandi. Prezidentimiz tomonidan o'tkazilayotgan ko'plab selektor yig'ilishlari fuqarolarning kundalik hayotiga doir murojaatlarni ko'rib chiqishga qaratilgan ishlarning borishi muhokamasidan boshlanadi.

Aholining haqli talablariga mas`uliyatsiz munosabatda bo'lgan ayrim rahbarlar faoliyati tanqid qilinadi. Vaholonki, murojaatlarning katta qismini o'z vaqtida tezkorlik bilan hal etish mumkinligi kundek ravshan. Statistik ma`lumotlarga ko'ra, -shikoyatlarning 70 foizga yaqini bevosita mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari vakolatiga kiradigan masalalardir. Ammo ko'p hollarda, ko'tarilgan muammolar, taassufki, o'z vaqtida hamda joyida hal qilinmasdan qolayotgani ham bor gap. Shuning uchun markaziy idoralarga sim qoqish, maktub yo'llash holatlari ko'p.

Yurtdoshlarimizning murojaatlari ayni paytda butun boshli sohalarda haqiqiy ahvolni ko'rsatadigan indikator, jamiyat kayfiyatini o'rganish barometri, tahlil, asosiy dasturilamal hujjatlar uchun noyob material hamdir. Masalan, sudlar va sudyalar faoliyati bo'yicha qabulxonalarga kelib tushgan ko'p sonli murojaatlar natijasida tizimda tub o'zgarishlarga qo'l urildi. Bunday yangilanishlarni sog'liqni saqlash, ichki ishlar organlari, uy-joy kommunal xo'jalik faoliyatida ham kuzatish mumkin.

Virtual hamda Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan elektron, yozma va og'zaki murojaatlar, taklif hamda shikoyatlarga faqatgina javob qaytarilmasdan, ularda ko'tarilgan muammolarni hal etish tizimli tahlil jarayonida umumlashtirilmoqda. Deylik, bir xil masalada minglab odamlar murojaat qilayotgan bo'lsa, ular atroflicha o'rganilib, tegishli takliflar ishlab chiqilmoqda. Pirovardida davlat darajasida qarorlar qabul qilishga asos yaratilmoqda.

2017 yilning boshida kelib tushgan 7 mingta murojaatda fuqarolarimiz pensiya va boshqa ijtimoiy nafaqalar ularning roziligisiz plastik kartochkaga to'liq o'tkazib yuborilayotganiga e`tiroz bildirishgan. Ushbu muammoning tizimli yechimi sifatida davlatimiz rahbarining «Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to'lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarori qabul qilindi. Fevral oyidan barcha turdagi pensiyalar naqd pulda berila boshlandi, talabalar stipendiyalarining kamida 50 foizi naqd shaklga o'tkazildi. 58 ta tog'li hamda olis tumanda, ya`ni to'lov terminallari va bank apparatlari tizimi yaxshi rivojlanmagan tumanlar aholisiga ijtimoiy to'lovlar ham naqd shaklda berilishi yo'lga qo'yildi.

Yana bir misol. Fuqarolarimiz ko'chmas mulk bo'yicha bitimlarni tuzishda ma`lumotnoma olish uchun qimmatli vaqtlarini yo'qotib idorama-idora yurishardi. Fuqarolardan kelib tushgan ko'p sonli murojaatlar tahlil etilib, hukumat qarori ishlab chiqildi hamda qabul qilindi. Unga ko'ra, ko'chmas mulk bilan bog'liq bitimlarni notariuslar tomonidan ma`lumotnomalarni qog'oz shaklida so'ramasdan rasmiylashtirish talabi qo'yildi. Zarur ma`lumotlarni olish uchun idoralararo axborot tizimi ishga tushirildi. Bu minglab yurtdoshlarimizning turli muassasalar, arxiv idoralari bo'sag'asidagi sarson-sargardonligiga barham berdi.

Najotsiz qolganlarga yordam

Sir emas, fuqarolarning shikoyatlari orasida mavzu bo'yicha uy-joy masalasi yetakchilik qiladi. Shu mavzuda birgina Virtual qabulxonaning o'ziga 110 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushgan. Muammolar umumdavlat va mahalliy kesimlarda hal etib kelinmoqda. Shunga qaramay, masalani o'zi mustaqil yechishga qiynaladigan toifa ham mavjud. Albatta, so'z jismoniy imkoniyati cheklangan kishilar haqida bormoqda. Ulardan ayrimlarining davlatimiz insonparvarligidan umid qilishdan boshqa iloji yo'q.

Xatlar hamda telefon qo'ng'iroqlari va Prezident devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tomonidan viloyatlarda tashkil etilayotgan sayyor qabullari asosida nogironlarni uy-joy bilan ta`minlashning adolatli hamda shaffof tizimi yaratildi. Bunday kishilar fuqarolar yig'ini, xotin-qizlar qo'mitasi va oqsoqollarning qarori bilan uy-joyga muhtojlar ro'yxatiga kiritiladi. Qarangki, shu paytgacha o'z oilasi bilan qarindosh-urug'larinikidan panoh topgan yoki qo'shnilar, tanishlarinikida yashashga majbur bo'lgan nogironlar istihola qilib, tegishli idoralarga murojaat etishmagan ekan. Ularning ahvoli uyma-uy yurib, so'rab-surishtirilganda ma`lum bo'ldi.

Ayni chog'da yangilangan loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylar ularga juda qulay shartlarda ajratilayapti. Ya`ni xonadon narxining to'rtdan bir qismiga teng bo'lgan dastlabki badal davlat tomonidan to'lanayapti. Qolgani esa imtiyozli ipoteka krediti -orqali 15 yil davomida qoplanadi. Bundan tashqari, nogiron ayollarga tikuv mashinalari sovg'a qilinmoqda. Paxta va g'allani qayta ishlovchi korxonalar, temir yo'l tizimi tashkilotlari ularga buyurtmalar berib, xom ashyoni ham o'zlari yetkazib berishayapti. Ayollar uyda o'tirib mehnat qilish orqali ipoteka kreditini to'lash imkoniyatiga ega bo'lmoqdalar. Shu paytgacha mamlakatimiz bo'yicha 180 ta oila yangi uylarga ko'chib kirdi, yil oxirigacha ular soni 385 taga yetadi.

Taqdir sinovlarini mardonavor yengib yashayotgan ana shunday insonlar safida Yekaterina Shevelerani alohida aytib o'tish lozim, degan fikrdamiz. Yekaterina Navoiy viloyatining Karmana tumanidan. Mehribonlik uyida voyaga yetgan. Ota-ona mehridan mosuvo bo'lib ulg'aygan qiz hamma qatori o'z uyi bo'lishini istardi. Bu orzuning amalga oshishiga esa Virtual qabulxonaga yo'llagan murojaati yo'l ochdi. Viloyat hokimligi Yekaterinaga turarjoy ajratish bilan birga, uni Jismoniy va yuridik shaxslar bilan ishlash boshqarmasiga ishga ham qabul qildi. Endi u o'zi singari qiyinchiliklarga duch kelgan insonlarga yordam berayapti.

Murojaatlar «o'ntaligi»ning keyingi qatoridan fuqarolik bilan bog'liq masalalar o'rin oldi. Ularning har birida rasmiyatchilik mashmashalaridan charchagan insonlarning qalb nidosi yashirin. Shu «dard» bilan Virtual qabulxonaga murojaat qilganlar soni 17,5 ming kishidan ortiq bo'ldi.

Davlatimiz rahbarining topshirig'iga muvofiq, mas`ul idoralar fuqarolikka qabul qilishga doir tegishli hujjatlarni ko'rib chiqishni tezlashtirishdi. Bu borada o'tgan yil dekabridan bugungi kungacha Prezident yettita Farmonni imzoladi. Besh, o'n, hatto yigirma yillab kutgan 

835 nafar kishi nihoyat fuqarolik pasportini qo'liga oldi. Bu esa 1991 yildan 2007 yilgacha fuqarolikka qabul qilinganlar sonidan ikki baravar ziyoddir.

Qoliplardan — yangicha usullarga

Shu yil avgust oyida qabul qilingan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan qaror xalq bilan muloqotning mantiqiy davomi bo'ldi. Har bir hudud «mahalla — tuman (shahar) — viloyat — respublika» tamoyili asosida ishlovchi sektorlarga bo'lindi. Demak, bundan buyon qoraqalpog'istonlik o'qituvchilar, qashqadaryolik chorvadorlar, samarqandlik quruvchilar, poytaxtning shifokoru ziyolilari, qisqasi, hamma — yoshu qari o'z qishlog'i va shahridagi bunyodkorlik ishlariga o'zlari bosh bo'ladilar.

Mazkur islohotning bosh maqsadi — kerakli chorani oldindan ko'rish. Davlat endi muammolar to'planib qolishini kutib o'tirmaydi, ularni odamlar tegishli idoraga murojaat qilgunicha hal etib qo'yishga intiladi. Negaki, sektor vakolatlari doirasida ko'pgina masalalarni joyida yechish imkoniyati mavjud. Masalan, yuqorida aytilganidek, o'nta muammodan yettitasi mahalliy xarakterga ega. Mabodo sektor vakillari joyida yordam bera olishmasa, unda hududni rivojlantirish bo'yicha «yo'l xaritasi»ga taklif kiritishadi. Ilgari bunday dasturlar kabinetda o'tirib tuzilardi. Lekin vaqti-vaqti bilan poytaxtdagi keng hamda ravon shohko'chaga derazadan qarab qo'yish, aytaylik, Kegeyli yoki Sho'rchi yo'llarini ta`mirlashning o'ziga xos xususiyatlarini hisobga olishga imkon bermasdi. Endilikda har bir hududni obodonlashtirishda o'sha joyning noyob landshafti e`tiborga olinadi va qurilish rejasi sektor taqdim qilgan tahliliy ma`lumotlarga asosan ishlab chiqiladi. Misol uchun, qayerda bolalar bog'chasi qurish, qayerdan gaz quvuri o'tkazish maqsadga muvofiq bo'lishini muayyan hudud aholisining o'zi aniqlaydi. Uyma-uy o'tkaziladigan uchrashuv hamda suhbatlar davomida bildirilgan fikr va takliflar mahalliy «yo'l xaritasi»ga kiritiladi.

Xo'sh, shunga o'xshash manzilli dasturlar qanday bo'lishi kerak? Bu savolga javob tariqasida davlatimiz rahbarining aprel oyida qabul qilgan qarorini keltirish mumkin. U Navoiy viloyatining olis cho'l zonasida yashovchi aholining turmush tarzini -yaxshilashga qaratilgan ko'plab murojaatlar asosida ishlab chiqildi. Tomdi, Konimex hamda Uchquduq tumanlarida istiqomat qiladigan 80 mingdan ziyod turli millatlar vakillarining kelajakka bo'lgan ishonchi deyarli yo'qolayozgan, ayrimlari, hatto, boshqa shahar va tumanlarga ko'chib ketishayotgan edi.

Lekin bir necha oydayoq vaziyat ijobiy tomonga o'zgara boshladi. Buni, eng avvalo, yigit-qizlar his etishdi. Joriy qilingan imtiyozlarga asosan, cho'l zonasidan kelgan abituriyentlar testda 68 balldan yuqori ball to'plagan holda, uchta viloyatdagi oliy ta`lim muassasalariga qabul qilinib, o'qishni bitirganidan so'ng o'z tumanining byudjyet tashkilotlarida kamida to'rt yil ishlab berish sharti bilan bepul ta`lim oladigan bo'lishdi.

Ta`lim sifatini ko'tarish, ijtimoiy sohani rivojlantirish maqsadida chetdan mutaxassislar taklif etildi. Mehnat qilishga keldingizmi, marhamat, haqingizni ortig'i bilan oling! Maoshga qo'shimcha to'lov, uch yil ishlab bergandan keyin o'z nomiga o'tkazib olish mumkin bo'lgan bepul turarjoy va boshqa yangiliklar joriy etildi. Mahalliy aholiga o'z biznesini yo'lga qo'yish uchun imtiyozli kreditlar taqdim qilinmoqda. Tadbirkorlar hamqishloqlari uchun mingga yaqin ish o'rinlari yaratishdi. Bugun Navoiy sahrolarida hayot qaynamoqda. Ko'plab inshootlar qad ko'tarayapti, maktablar va yo'llar ta`mirdan chiqarilayapti, suv quvurlari yotqizilayotir, umuman olganda, mukammal infratuzilma tashkil etilmoqda.

Shunday qilib, odamlarning o'y-fikrlari, xohish-istaklari islohotlar uchun asos bo'lib xizmat qilayapti. Ta`kidlash kerakki, xalq bilan ochiq muloqot ko'p narsani, avvalo, odamlar dunyoqarashini o'zgartirmoqda. Ular o'z huquqlarini muhofaza etishga, davlat bilan birga harakat qilishga o'rganmoqdalar. Joylardagi Xalq qabulxonalari xodimlarining e`tirof etishicha, murojaatlarning xarakteri ham o'zgarayapti. Agar bir necha oy avval ular, asosan, shaxsiy masalada bo'lgan bo'lsa, endi ko'proq jamiyat manfaatini ko'zlab yo'llanayapti. Murojaatlarda «Kelinglar, mahallamizni obodonlashtiraylik, maktab ochaylik yoki ishlab chiqarishni yo'lga qo'yaylik» kabi takliflar borligi har qanday kishini quvontiradi.

Xususan, Mo'ynoq tumanining Qozoqdaryo ovulida yashovchi U. Nazarboyev bir guruh qishloqdoshlari bilan birga yo'llagan murojaatida ichimlik suvi uchun nasos o'rnatish taklifini bildirgan. Albatta, muhimi iltimos qanoatlantirildi, mahalla faollari qishloqdoshlarining turmush tarzini yengillashtirishga hissa qo'shishdi. Mahalla taqdiriga bunday kuyinchaklik nimadan dalolat beradi?! Aholining ijtimoiy -faolligi oshayotgani, eng asosiysi, yurtdoshlarimizda davlat miqyosidagi ezgu ishlarga jonkuyarlik va faxr bilan yondashuv kuchayotganini tasdiqlaydi.

Joylardagi rahbarlar tafakkurida ham o'zgarishlar ro'y bermoqda, «Men boshliqman, -shuning uchun har doim haqman», degan eskicha qarashdan voz kechilayapti. Ba`zi mahalliy rahbarlarning tan olishicha, yangicha ishlashga o'tilganidan so'ng odamlar og'irini yengillashtirishgani bois o'z faoliyatlaridan qoniqish his qilishmoqda.

Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash borasidagi tashabbus jahon hamjamiyati tomonidan ham qiziqish bilan kutib olingani bejiz emas. Xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning delegatsiyalari tashrifi dasturida Xalq qabulxonalarida bo'lish alohida manzilga aylandi.

Shu yilning may oyida mamlakatimizga kelgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha boshqarmasi Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn ham Xalq qabulxonasi faoliyati bilan qiziqib, obdan tanishgandi. Mazkur nufuzli tashkilot boshqarmasining rasmiy saytida uning quyidagi xulosalari keltirilgan:

— Qadimiy Samarqand shahrida, Prezidentning Xalq qabulxonasida bo'lib, ro'y berayotgan o'zgarishlarning yana bir tasdig'iga guvoh bo'ldim. Bunday qabulxona davlat rahbarining tashabbusi bilan xalqning dardini tinglash maqsadida butun mamlakat bo'ylab tashkil etilibdi. O'tgan yili bu ish boshlanganidan buyon 800 mingga yaqin murojaat kelib tushibdi. Shikoyatlar ko'plab yangi islohotlarni boshlashga, shuningdek, mavjud muammolarni mahalliy darajada amaliy hal qilishga turtki bergan. Buni men Samarqandda ko'rdim: kishilarga maslahat beruvchi ma`lumotxonalar ochilgan, ayrim hollarda, uy-joy, ish bilan ta`minlash, sog'liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar va bank xizmatlari ko'rsatish, huquqiy yordam berish kabi masalalar tezkorlik bilan hal etilayapti. Shuningdek, mobil qabulxonalar tuzilgani eng olis qishloqlar bilan ham aloqa o'rnatish, muammolarning tezkor va amaliy yechimini ta`minlashga xizmat qilayapti.

Quvonchlisi shundaki, mamlakatimizga tashrif buyurgan boshqa mehmonlar hamda ekspertlar ham ushbu institutning noyobligini e`tirof etishmoqda. Har qaysi davlat ham bunday majburiyatlarni o'z zimmasiga ololmasligini, boshqa biror mamlakatda Virtual va Xalq qabulxonalari, uning tarkibiga kiruvchi davlat organlari tizimi ta`sis qilinmaganligini aytishmoqda. Demak, bir yil davomida o'zining samaradorligini isbotlagan tajriba, Prezidentimizning boshqa tashabbuslari qatori, o'rganish hamda ommalashtirishga munosib. Eng muhimi, xalq sari ravon yo'l ochildi hamda bu yo'l xalq bilan davlatning yakdilligini ko'rsatibgina qolmay, buyuk ishlarni birga, yelkama-yelka amalga oshirishga, pirovardida yaqin yillarda O'zbekistonning eng nomdor davlatlar qatoridan joy olishiga xizmat qilmoqda. Bunyod etilgan bu yo'l esa xalqparvarlik, adolatparvarlik, barqarorlik, ta`bir joiz bo'lsa, yuksak ishonch, ezgu orzu va umidlar yo'lidir.

O'tkir RAHMAT, «Xalq so'zi» gazetasi bosh muharriri.


Комментарии (0) | Добавить: 23.09.2017
Faqat ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar izoh qoldirishi mumkin. Marhamat ro'yhatdan o'ting!
[ Регистрация | Kirish ]
MP3 va KLIP Izlash

«Новости»

Muhammad payg‘ambar (s.a.v.) sevgan 10 ta oziq-ovqat
Shohruhxon va Asal Shodiyevadan yangi fotosessiya
Apple’ning yangi egiluvchan smartfoni haqida batafsil ma’lumotlar paydo bo‘ldi
Moskva sudi Telegram’ni FXX talabini bajarmagani uchun 14 ming dollar jarimaga tortdi
Ramzan Qodirov shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari​ning qabrini ziyorat qildi
Qirg'izistonning yangi prezidenti Sooronboy Jeenbekov, uning oilasi va qarindoshlari haqida nimalar ma`lum?
Qanday qilib uyqudan yaxshi kayfiyat bilan uyg‘onish mumkin?
Qualcomm Xitoyda iPhone ishlab chiqarishni taqiqlashni talab qildi
Alisher Usmonov o'z samolyotini O'zbekiston prezidentiga ijaraga bergan
Mirziyoyev elektr energiyasi va tabiiy gaz bo'yicha yig'ilish o'tkazdi
BMT: dunyoda 815 mln odam och qolmoqda
Shakardan voz kechishning 3 usuli
Jahon chempionati uchrashuvini ilk marta ayol hakam boshqaradi
Neymar eng yaxshi futbolchi sifatida Messini ortda qoldirdi
Telegram’ning rus tilidagi yangi versiyasi ishga tushdi
Sirdaryoda 2 nafar fuqaroning noqonuniy baliq ovlashi salkam 25 mln so‘mga tushdi
Dubay aeroportida yuzni aniqlovchi virtual tunnel-akvarium paydo bo‘ladi
Telefon suvga tushsa nima qilish kerak?
Hindistonda oq yo'lbarschalar park xodimini g'ajib tashladi
O'zbekiston​ 2020 yilgi MDH raisligiga da`vo qilmoqda
Las-vegaslik merganning miyasi o'rganildi
Messi tarixga kirdi
Miyani chiniqtiruvchi 5 ta jismoniy mashq
Bo‘ysunmaydigan sochlarni qanday uddalash mumkin?
Shavkat Mirziyoyev Sochiga jo‘nab ketdi
Turkmanistonda gaz, elektr va suvdan bepul foydalanish bekor qilinadi
FIFA prezidenti Infantino Maradona va Messini taqqoslab ko'rdi
Putin bir-biriga juda o‘xshash bo‘lgan gubernatorlarni tayinlashda davom etmoqda
Milliy xavfsizlik xizmati bir necha yirik valyutafurushlarni qo'lga oldi
Uyi yoki mashinasini dollarda sotganlarga qanday jazo bor?