У нас есть только
оригинальные песни

2014–2016-yillarda jahonda ro‘y bergan eng yirik temir yo‘l halokatlari

calendar 21.11.2016
1392

20-noyabr kuni Hindiston shimolidagi Uttar-Pradesh shtatida, Kanpur shahridan 100 kilometr narida Indor-Patna ekspressining 14 vagoni relslardan chiqib ketdi. Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, 116 kishi halok bo‘ldi, 200 dan ortiq odam yaralandi. Qurbonlar soni ortishi mumkin. Qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Ushbu voqeadan so‘ng “TASS” oxirgi uch yilda jahonda ro‘y bergan eng yirik temir yo‘l transporti halokatlarini yodga oldi.

2014-yil 22-aprelda Kamina yaqinidagi (Kongo Demokratik Respublikasi) Katongola ko‘prigida yuzlab noqonuniy yo‘lovchini olib ketayotgan tovar poyezdining 15 ta vagoni relslardan chiqib ketdi. 48 kishi halok bo‘ldi, 150 ka yaqin yo‘lovchi jarohatlandi. Bu 2014-yildagi eng ko‘p qurbonlarga olib kelgan temir yo‘l halokati bo‘ldi.

2015-yil 20-martda Hindistonda Dehdarun – Banoras reysini amalga oshirayotgan Janata Express yo‘lovchi poyezdining lokomotivi va ikki vagoni Ray-Bareli okrugidagi (Uttar-Pradesh shtati) Bahravan stansiyasida relslardan chiqib ketdi. 58 kishi halok bo‘ldi, 150 dan ortiq odam jarohatlandi. Hindiston temir yo‘l vazirligi axborotiga ko‘ra, halokat poyezd svetoforning taqiqlovchi signalidan o‘tib ketgani tufayli ro‘y bergan.

2015-yil 4-avgustda Xarda shahri (Madxya-Pradesh, Hindiston) yaqinidagi Machak daryosi ustidan o‘tadigan ko‘prikda ikki yo‘lovchi poyezdining to‘qnashib ketishi oqibatida 32 kishi halok bo‘ldi, besh kishi bedarak yo‘qoldi, 40 dan ortiq odam jarohatlandi. Temir yo‘l ko‘prigi konstruksiyalari toshqin tufayli yuvilib ketgan bo‘lib, teskari yo‘nalishlarda ketayotgan ikki sostavning og‘irligini ko‘tara olmadi. Oqibatda Mumbay – Banoras yo‘nalishida ketayotgan Kamayani Express poyezdining oltita, Janata Express poyezdining to‘rtta vagoni relslardan chiqib ketdi. Odamlarning ko‘pchiligi tok urishi tufayli halok bo‘ldi.

2016-yil 12-iyulda Bari shahri yaqinidagi (Apuliya viloyati, Italiya) Korato va Andriya aholi yashash punktlari orasida Ferrotramviaria kompaniyasining ikki shahar cheti yo‘lovchi elektr poyezdi to‘qnashib ketdi. Buning oqibatida 23 kishi, shu jumladan, ikki sostavning mashinistlari halok bo‘ldi. Shuningdek, 54 kishi jarohat oldi.

2016-yil 21-oktabrda Camrail (Kamerun temir yo‘llari) kompaniyasi yo‘lovchi poyezdi poytaxt Yaundedan mamlakatning eng yirik shahri bo‘lmish Dualaga ketayotganida Eseka shahri yaqinida relslardan chiqib ketdi. 79 kishi halok bo‘ldi, 550 dan ortiq odam jarohat oldi. Qurbonlarning ko‘pligi poyezdning to‘lib ketgani bilan tushuntiriladi — 600 kishiga mo‘ljallangan sostav 1300 yo‘lovchini olib ketayotgan edi. Bundan tashqari, poyezdning katta tezlikda ketayotgani ham halokatning sabablaridan biri bo‘ldi. Poyezd soatiga 80 kilometr tezlik bilan ketayotgan edi, yo‘lning ushbu qismida esa o‘rtacha tezlik ikki barobar kam qilib belgilangan. 2007-yildan buyon Afrikada ro‘y bergan eng yirik temir yo‘l transporti halokati hisoblanadi.

Яндекс.Метрика