У нас есть только
оригинальные песни

8 yoshli maugli qiz

calendar 09.12.2017
1846

Hindistonni mo''jizalar makoni, deb atasak adashmaymiz. Chunki u yerda har qanday voqea sodir bo'lishi mumkin. Bolalarning sevimli qahramoniga aylangan Mauglini real hayotda ham aynan ana shu mamlakatda uchratishdi. To'g'ri, ilgari ham bunday voqea bo'lgan. Ammo bu gal u qiz bola. Hind huquqni himoya qilish tashkiloti xodimlari Katarniagxat qo'riqxonasidan 8 yoshli ko'rinishidan yovvoyi tabiat bag'rida o'sgan va maymunlar tarbiya qilgan qizaloqni topib olishdi. 
Uttar-Pradesh shtati politsiyachilari mahalliy o'rmonda patrullik xizmatini o'tab yurganda to'satdan kir-chir bo'lib ketgan va o'zini xuddi hayvonlardek tutadigan paxmoq sochli qizaloqni uchratib qolishdi. Hind chinovniklari ikki oydan so'nggina jurnalistlarga kishini hayratda qoldiradigan bu topilma bilan ko'rishishga ruxsat berishdi. 
Politsiya inspektori Suresh Yadavning aytishicha, hamkasbi bilan o'rmonda ketayotib maymunlar to'dasi va ularning orasida yalang'och yugurib yurgan paxmoq sochli bolachani ko'rib qolishgan. Qizcha yovvoyi hayvonlar orasida o'zini erkin tutar va xuddi ularniki kabi to'rtoyoqlab harakatlanar edi. Politsiyachilar to'daga yaqin borishgan va notanish qizcha bilan gaplashishga harakat qilishgan. Shundagina u inson tilini tushunmasligi va xuddi maymunlar kabi qichqirish orqali fikrini ifodalashi ma'lum bo'lgan. Politsiyachilar yovvoyi qizni tutib olishdi, maymunlar esa buni ko'rib, ularning atrofida qichqira boshlashdi, ayrimlari hatto qizchani o'rmondan kuch bilan olib ketishlariga qarshilik ko'rsatishga ham harakat qilishdi. 
Qonun himoyachilari qizchani mashinaga o'tqazib, yaqin atrofdagi kasalxonaga olib borishdi. O'tgan vaqt davomida shifokorlar maugli qizchaga ikki oyoqda yurish, sodda so'zlashuv tili va oshxona priborlaridan foydalanib ovqatlanishni o'rgatishga harakat qilishdi, biroq yovvoyi qiz hali ularni yaxshi o'zlashtira olgani yo'q. Odamlar paydo bo'lishi bilan u qo'rqib ketadi va yashirinishga harakat qiladi. Mabodo kimdir unga yaqinlashmoqchi bo'lsa, qichqirgancha o'z tajovuzkor qiyofaga kirib oladi. Shunga qaramay, shifokorlar bu yovvoyi qizchaning odamlar orasida bo'lishi asta-sekin unga ijobiy ta'sir ko'rsatadi, degan xulosaga kelishdi. 
U hozir kiyintirishlariga qarshilik ko'rsatmayapti. Hamshiradan turli yegulik va ovqatlarni qo'li bilan olyapti. Hozircha gapira olmasa ham tez-tez oyoqlarida turyapti. 
Shifokorlar qizaloqning tanasidan juda ko'p lat egan, tirnalgan, jarohatlangan joylarni topdi. Bularning bari, hatto yovvoyi sharoitda hayvonlar bilan birga o'sgan bo'lsa ham hech bir insonga to'laqonli hayot kechirish imkonini bermaydi, degan fikrda.
 Mutaxassislar ma'lum qilishlaricha, ertami-kechmi maugli qizcha organizmi zaharlanishi yoki biror yirtqich tomonidan o'ljaga aylanishi oqibatida hayotdan erta ko'z yumishi mumkin edi. Hozir u deyarli sog'lom, yetarlicha vazn to'pladi va sivilizatsiyaga qaytishi uchun barcha imkoniyatlarga ega. Hozirda politsiya xodimlari qizchaning ota-onasi kim va u qanday qilib va qachon qo'riqxonadagi maymunlar orasiga tushib qolganini aniqlash uchun harakat qilishyapti.

Яндекс.Метрика