У нас есть только
оригинальные песни

Abdulla Oripovning Birinchi Prezident haqidagi xotiralaridan: “Ayni haqiqatni yozibsiz!”

calendar 05.11.2017
1994

Facebook’dagi Islom Karimov fondi sahifasida Muhammad Ismoil qalamiga mansub “Xalqning baxti” hikoyasi e’lon qilindi. Unda buyuk shoir, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov nomidan hikoya qilinadi.

“Islom Karimov juda halol va haqiqatparvar inson edi. “Jannatga yo‘l” asarim yozilganda meni juda qiynashdi. Sovet davri edi. U paytlar jannat, do‘zax degan gaplar umuman ishlatilmasdi. Davlatni kommunistlar boshqarardi. Tabiiyki, ularga bunday gaplar yoqmas edi. Asarni hali qo‘lyozmalik paytidayoq o‘g‘irlab ketishdi. Xotiram shu qadar kuchli ekanki, yuz betlik she’riy dramani qayta yozib chiqdim. Men kim, sovet mafkurasining qarshisida jimitdekkina jonim bor, “puf” desa uchib ketardim. Zo‘rg‘a omon qolganman. Xalqimiz, she’riyat muxlislari meni qo‘llab turishdi. “Mushtum” jurnalida “Jannatga yo‘l” asarim ketma-ket bosildi. 17 kishi to‘planib olib ustimdan yuqoriga yozishdi: “Asarda nega poraxo‘rlik so‘zini ishlatding, sovet tuzumida poraxo‘rlik nima qiladi, sen atayin farovon turmushimizni buzib ko‘rsatayotirsan, buzg‘unchi va jamiyatimizga yot kimsasan”, deyishdi. Qattiq toshbo‘ron ostida qoldim. Ammo ne ajabki, oradan vaqt o‘tib, Qarshi Davlat dramatik teatri ushbu asarni sahnalashtirdi. Meni ham asar taqdimotiga taklif etishdi. To‘g‘risini aytsam, taqdimotga qatnashishga yuragim dov bermas edi. Lekin, hammadan jur’atliroq chiqqan teatr jamoasining taklifini rad qilolmas edim.

Buni qarangki, spektaklga o‘sha paytda Qashqadaryo viloyati obkomining birinchi sekretari bo‘lib ishlayotgan Islom Abdug‘aniyevich qatnashish istagini bildiribdilar. Battar og‘ir ahvolga tushdim. Islom Abdug‘aniyevich bu asarni qanday qabul qilishini bilmas edim. Kommunistlarni tanqid qilaman-u, kommunistlarning kattasi meni omon qo‘yarmidi, deb xavotirlana boshladim.

Islom aka bilan birinchi qatorda yonma-yon o‘tiribmiz, sahnadan “yulg‘ichlar, poraxo‘rlar, diyonatsizlar, xudosizlar” degan gaplar damba-dam eshitilib turibdi. Men esa, hozir Islom Abdug‘aniyevichning jahli chiqib ketsa, nima qilaman, deb yurak hovuchlab o‘tiribman. Asar tugadi. Bir payt Islom Abdug‘aniyevich o‘rinlaridan turdilar. Men ham sekin turdim. U kishi qulochlarini keng yozib, meni mahkam quchoqladilar. “Rahmat, shoir, ayni haqiqatni yozibsiz!” – dedilar. Yelkamdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi. Ko‘zimdan yosh chiqib ketdi. “Rahmat, Islom Abdug‘aniyevich, rahmat!” — deya oldim. O‘pkam to‘lib ketgan edi, ortiq gapira olmadim. “Juda yaxshi asar yozibsiz! Bu spektaklni hamma ko‘rishi kerak. Odamlar oilalarini, bola-chaqalarini olib kelib ko‘rishi kerak. Kursida o‘tirgan har bir amaldor ko‘rishi kerak. Odamlar haqiqatni bilsin!” — dedilar. So‘ng asarni sahnalashtirgani uchun teatr jamoasiga minnatdorchilik bildirdilar.

Islom akaning da’vati bilan qashqadaryoliklar ushbu dramani ko‘p vaqt tomosha qilib yurishdi. Men Islom akaga bag‘ishlab ko‘p she’rlar yozdim. O‘shalarning biri ushbu she’rdir:

Mening mavjudligim o‘zimga kerak,

Taxtim oilamning balki taxtidir.

Islom aka, Siz bor, biz g‘olib, beshak

Sizning borligingiz xalqning baxtidir!

Islom aka haqiqatdan halol va pokiza inson edi. Yuqori mansabdorlar orasida yulg‘ich va poraxo‘r kimsalar sovet darvida ham ko‘plab topilardi. Toshkentdan viloyatlarga borib ishlab qaytgan amaldorlar qaytishida katta katta mashinalarni to‘ldirib, qimmatbaho boyliklar bilan qaytishardi. To‘plagan boyliklari tog‘day bo‘lardi. Ammo Islom Abdug‘aniyevich Qashqadaryoda eng yuqori birinchi martabali rahbar bo‘lib ishlab, Toshkentga hech vaqosiz qaytib kelgandi. Mening Suyun degan jiyanim Islom Karimovning shofyori edi. O‘sha menga hammasini ro‘yi-rost aytgan. Islom Abdug‘aniyevich qashqadaryoliklar bilan xayrlashib chiqqanida qo‘lida ikkita mayka, ikkita ko‘ylak, bitta tufli solingan sumkadan boshqa hech narsa bo‘lmagan. Islom aka bilan hamisha birga bo‘lgan shofyor jiyanim Suyun bularning hammasidan voqif edi.

Islom Abdug‘aniyevich boylikka, pulga ruju qo‘ymagan, ta’magirlikka, poraxo‘rlikka qarshi kurashgan, xalq va millat dardi bilan yashagan fidoyi va mard, halollik timsoli”, – deya so‘zini tugatdi ulug‘ ustozimiz, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov.

Яндекс.Метрика