У нас есть только
оригинальные песни

Abituriyentlarga: qabul komissiyasiga o'rta maxsus diplomning notarial tasdiqlangan nusxasini topshirish shart emas

calendar 05.07.2017
1434

Abituriyentlar qabul komissiyasiga o'rta maxsus diplomning notarial tasdiqlangan nusxasini topshirish shart emas. Bu haqda Xushnudbek.uz sayti batafsil ma`lumot bergan.

Bugun notarius sifatida faoliyat yuritadigan tanishim qabul jarayonlari boshlangandan buyon abituriyentlar kollej yoki litsey diplomini notarial tasdiqlash yuzasidan juda ko'p murojaat qilayotganini, har kuni yuzdan ortiq yaqin mana shunday notarial harakatni amalga oshirayotganini aytib qoldi.

“Albatta, biz notarial harakatni amalga oshirishni so'rab murojaat qilgan fuqaroga asossiz rad javobi berishga haqqimiz yo'q, shuning uchun ularga diplom nusxasini tasdiqlab beryapmiz, ammo aslida abituriyentlar qabul komissiyalariga bunday hujjatni topshirishi shart emasku”, – degan fikrni aytgan suhbatdoshim mendan shu masalaga aniqlik kiritib berishimni so'radi.

Xo'sh, abituriyentlar haqiqatdan hujjat topshirish vaqtida o'rta maxsus diplomining nusxasini notarial tasdiqlashi shartmi?
Javob: YO'Q, ShART EMAS!

2017 yil 20 iyundagi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta`lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o'qishga qabul qilish tartibi to'g'risida”gi Nizomning 12-bandiga ko'ra, abituriyent oliy ta`lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • ariza;
  • umumiy o'rta ta`lim (11-sinf negizida) yoki o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;
  • 086-U-shakl bo'yicha tibbiy ma`lumotnoma;
  • pasport (pasport yoshiga yetmaganlar uchun tug'ilganligi to'g'risidagi guvohnoma)ning nusxasi;
  • 3.5 x 4.5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;
  • maxsus sirtqi bo'lim abituriyentlari uchun mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan ko'chirma va ishlab turgan sohadan tavsiyanoma.

Shuningdek, ayrim abituriyentlar uchun quyidagi hujjatlar ham zarur:

  • To'liq davlat ta`minotidagi yetim bolalar va I guruh ko'zi ojiz nogironlar ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.
  • Tanlovdan tashqari o'qishga kirish huquqiga ega bo'lgan xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar g'oliblari asl nusxadagi tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.
  • O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o'tab bo'lgan fuqarolar harbiy qism qo'mondonligining tegishli tavsiyanomasining aslini yuqorida ko'rsatilgan hujjatlar bilan birgalikda taqdim etadilar.

Ko'rsatib o'tilgan hujjatlar mavjud bo'lganda oliy ta`lim muassasasi qabul komissiyasi abituriyentning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.

Ko'rib turganingizdek, hujjatlar ro'yxatida diplomning notarial tasdiqlangan nusxasi mavjud emas. Shu sababli, bunday qo'shimcha hujjatni tayyorlashingizga zaruriyat yo'q.

Agar bunday hujjat zarur bo'lmasa, unda nima uchun har kuni yuzlab, balki minglab abituriyentlar notariusda navbatda turishibdi? Yoki qabul komissiyasidagilar so'rayotganmikin?

Shu savollarga yechim topish maqsadida Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi, Davlat test markazi va bir nechta qabul komissiyasidagilar bilan bog'landim. Ularning barchasidan bir xil javob oldim. Ya`ni abituriyent diplomning notarial tasdiqlangan nusxasini topshirishi shart emas. Va qabul komissiyalari bunday ortiqcha hujjatni talab qilishmayapti. Bularning barchasi mish-mish.

Qabul komissiyasidagilar haqiqatdan aksariyat abituriyentlar diplomlarining notarial tasdiqlangan nusxasini ham olib kelayotganligini, “bunday hujjat talab etilmaydi, nega olib keldingiz” degan savolga esa, “agar notarial tasdiqlangan nusxasi bo'lmasa qabul komissiyasidagilar qaytarayotgan emish” degan gapni eshitib qolgani uchun tayyorlab kelishganini aytib berishdi.

Notarius tanishim bilan qayta bog'lanib vaziyatni tushuntirdim. “Kelganlardan so'rab ko'ringchi, aynan qaysi oliygohlar rad qilayotgan ekan”, – deb so'radim.

Ma`lum bo'lishicha, o'z diplomini notarial tasdiqlatish uchun navbatda turgan abituriyentlarning deyarli hech qaysi biridan qabul komissiyasi bunday hujjat so'ramagan. Shunchaki, kimlardandir eshitib qolgani uchun kelishibdi. Faqat 2 nafar abituriyent “tanishimni Pedagogika universiteti va Pediatriya tibbiyot institutida notarial tasdiqlangan nusxasi yo'qligi uchun qaytarishibdi” degan gapni aytgan xolos.

Biroq bu mish-mish ham o'z tasdig'ini topmadi. Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti vakillari bilan bog'langanimda, qabul komissiyasi abituriyentlardan bunday hujjat talab qilishmayotganligini ma`lum qildi.

Hurmatli abituriyentlar,
hozir Siz uchun juda hayajonli daqiqalar ekanligini tushunamiz. Mana shunday har daqiqa g'animat bo'lgan paytda kimlarningdir mish-mishiga ko'r-ko'rona ishonib, tekshirmasdan o'zingizni ortiqcha ovora qilmang. Notarius idoralaridan Sizga umuman keraksiz bo'lgan hujjatni olish uchun ketkazgan vaqtingizni bilimlaringizni yanada mustahkamlash, takrorlashga sarflaganingiz ma`qul emasmi?

Agar mabodo Sizdan qaysidir oliygohning qabul komissiyasi noqonuniy ravishda diplomingizning notarial tasdiqlangan nusxasini talab qilsa, unda quyidagi telefonlarga murojaat qilib, bu haqida shikoyat qilishingiz mumkin:

Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi: 1006 yoki +998 (71) 246-01-95, 246-37-12

Davlat test markazi: +998 (71) 235-19-14

Яндекс.Метрика