У нас есть только
оригинальные песни

Adliya vaziri o'rinbosari: “Notarius xodimlarining fuqarolardan pul olishiga haqi yo'q”

calendar 07.07.2017
1220

2017 yilning 7 iyul kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida “Notariat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” jamoatchilik fikri so'rovi natijalariga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston Respublikasi Adliya vaziri o'rinbosari Anvar Usmanov, vazirlik boshqarma boshlig'i o'rinbosari Inom Qudratov, Toshkent shahar adliya boshqarmasi boshlig'i Abdurahmon Safayev hamda Toshkent viloyat adliya boshqarmasi boshlig'i Laziz Musashayxovlar OAV vakillari savollariga javob qaytardi.

Tadbir davomida Kun.uz muxbiri ba`zi notariat idoralarida bankdagi terminal vaqtinchalik ishlamaganini bahona qilib, fuqarolardan to'lov uchun naqd pul olinishi, ayrim hollarda esa hujjatda belgilangandan ko'proq haq so'rash holatlari uchrashini qayd etgan holda yaqin kunlarda bu kabi muammolarga qanday tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilishi haqidagi savol bilan murojaat qildi. 

“Albatta, notariuslar faoliyatida yuqorida qayd etilgan holatlar uchrayotgani bizga sir emas. Barchaga ma`lumki, har bir notariat idoralari qoshida “Xalq banki” kassalari mavjud. To'lov faqat mana shu bankdagi kassalarda naqd pul yoki terminal orqali qabul qilinadi. Notarius xodimlarining fuqarolardan qo'liga pul olishga haqi yo'q. Ularning naqd pul talab qilishga ham hech qanday huquqi yo'q. Agarda bank xodimlari to'lovni terminal orqali qabul qilishdan bosh tortsa, bunday holatlarga nisbatan tegishli choralar ko'riladi”, deya javob berdi Adliya vaziri o'rinbosari Anvar Usmanov. 

Shuningdek, vazir o'rinbosari yuqoridagi ko'ngilsiz va muammoli holatlarga duch keluvchi fuqarolar uchun vazirlikning ishonch raqamini ma`lum qildi: 1008.

Agarda notariat idoralari xodimlarining o'z vazifalarini suiiste`mol qilishi yoki fuqarolardan ortiqcha pul talab qilishi holatlariga duch kelsangiz, Adliya vazirligining ishonch telefoniga qo'ng'iroq qilib, murojaat etishingiz mumkin.

Manba: kun.uz

Яндекс.Метрика