У нас есть только
оригинальные песни

Adliya vazirligi: O‘zbekistonda begona brendlarning ishg‘ol etilish holatlari kuzatilmoqda

calendar 19.08.2018
785

Adliya vazirligi O‘zbekistonda brendreyding – begona brendlarning ishg‘ol etilish holatlari kuzatilayotgani haqida xabar berdi, deb yozadi Spot.

“Dunyoga mashhur qator brendlar vakillari O‘zbekiston bozoriga kirishda brendreyding ko‘rinishidagi qiyinchiliklarga duch kelgan. Negaki, ularga avval boshdan tegishli bo‘lgan brendlar bizning “uddaburon” fuqarolarimiz nomiga ro‘yxatdan o‘tgan edi”, — deyiladi xabarda.

Amaldagi qonunchilikda tovar belgisining mashhurligini belgilovchi aniq va tushunarli mezonlarning mavjud emasligi brendreydingning asosiy sababi sifatida qayd etildi.

“Natijada, yurtimiz   fuqarolari nomiga dunyoga mashhur bo‘lgan va huquqiy himoyalangan tovar belgilari ro‘yxatga olinmoqda”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi Apellyatsiya kengashi tomonidan ilgari muayyan brend huquqi ularga tegishli bo‘lgan shaxslar talabiga ko‘ra, qator dunyoga mashhur tovar belgilarini ro‘yxatga olish bo‘yicha avval berilgan guvohnomalarni bekor qilish hollari ham qayd etilgan.

“Sohadagi tartibsizliklarni o‘z vaqtida aniqlash orqali fuqarolar (huquq egalari)ning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash va himoya qilishga kerakli darajada e’tibor qaratilmayapti”, — deyiladi xabarda.

Masalan, qoidaga ko‘ra, huquqni himoya qilish organlari da’vo tamoyili asosida ishlamoqda: kimdir ularga murojaat qilib, intellektual mulk ob’ektlaridagi tartibsizliklarni ko‘rsatishi zarur.

Shuningdek, qonunchilikda vijdonli huquq egalarining manfaatlari buzilish holatlarida, kompensatsiya undirish bo‘yicha samarali mexanizmlar ko‘zda tutilmagan.

“Tovar belgisi yoki xizmat ko‘rsatish belgisi egasining huquqlari buzilganda, jazo sifatida, eng kam oylik ish haqining 1 dan 5 darajagi jarima solinadi xolos. Bu pul yetkazilgan zarar hajmiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, sohadagi huquqbuzarliklarni to‘xtatuvchi samarali ma’muriy va jinoiy javobgarlik yo‘q.

Shu bois, olib borilgan tahlil yakunlari bo‘yicha Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror loyihasi hamda intellektual mulkni huquqiy himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tayyorlandi.

Vazirlik tomonidan tayyorlangan loyihalarda intellektual mulkning ishonchli himoyasini ta’minlashga qaratilgan aniq takliflar keltirilgan.

Яндекс.Метрика