У нас есть только
оригинальные песни

Aktyor Sherzod Bin: Kinoda maqsadi faqat tirikchilik bo‘lgan insonlar ko‘payib ketdi

calendar 05.10.2016
1704

Rejissorlikda debyut qilgan aktyor va taqlidchi Sherzod Bin, jurnalist Feruz Muhammad bilan suhbati davomida, o‘zbek kinosining hozirgi ahvoli, kinoteatrlarga tomoshabin tashrifi kamayib ketgani sabablari haqida fikr bildirdi.

“Kinoda noprofessionallar ko‘payib ketgani sabab haqiqiy kino oladiganlar kam qolgan. Bugungi kunda kino sohasi juda ham ayanchli ahvolda, bunda o‘zimizning ham aybimiz bor — buni ham tan olaman. Hozirda professional rejissorlarimiz ham yaxshilab o‘ylab, so‘ng film olish yo‘liga o‘tgan”, — dedi Sherzod Bin.

“Filmlar sifati pasayib ketganidan so‘ng, kinoteatrlarga keladigan tomoshabin soni ham kamayib bormoqda. Kasbi boshqa bo‘lsa-da, qo‘lida puli bor, kinoga faqat tirikchilik ko‘zi bilan qaraydigan insonlar ko‘payib ketdi. Men kimnidir tanqid qilib, o‘zimdan professional yasamoqchi emasman — kinoni bizga o‘xshagan noprofessional odamlar sindirdi, desam ham xato bo‘lmaydi”, — dedi aktyor.

“To‘g‘ri, men institutda o‘qiganman, ammo biz ham ba’zida ular kabi yengil yondoshishimizga to‘g‘ri keldi. Ammo pul topish uchun kinoga bunday yengil, sayoz yondashish kerak emas, bu gap nafaqat boshqalarga, balki o‘zimga ham qaratilgan deb hisoblayman”, — dedi Sherzod Bin.

“San’at oliygohidagi ustozimiz Shoira Hamidova: ‘Sen ishingni shu darajada mukammal qilginki, shuning o‘zi senga bitmas-tuganmas davlat olib keladi’, der edi. Haqiqatan ham, men parodiya bilan shug‘ullanganimda bu ishni pul uchun emas, balki o‘zim shu ishdan mazza qilganim, zavq olganim uchun qilganman. Ishtiyoq bilan, chin dildan ishlagan ekanmanki, shu ishim, ya’ni, parodiyalarim tufayli o‘zim xayol ham qilmagan, kutmagan miqyosdagi boylik ham mashhurlikka erishdim”, — deya qo‘shimcha qildi Sherzod Bin.

Яндекс.Метрика