У нас есть только
оригинальные песни

Alisher Navoiy qabr toshi va maqbarasi eshigi yangilandi

calendar 26.01.2016
1384

Bobur xalqaro jamoat fondi 2015-yilda Afg‘onistonning Hirot shahridagi tarixiy Musallo maydonida joylashgan Alisher Navoiy maqbarasida obodonlashtirish ishlarini olib bordi. Bu haqda, fond raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zokirjon Mashrabovga asoslanib, “Ma’naviy hayot” jurnali xabar bermoqda.

 

Bobur xalqaro jamoat fondining ilmiy ekspeditsiyasi a’zolari 2015-yilda uch marta Afg‘onistonga safar uyushtirib, Navoiy maqbarasini obodonlashtirish bo‘yicha ishlarni rejalashtirib olgan.

Navoiyning yangi qabr toshi Navoiy viloyati, Nurota tumani, G‘ozg‘on qishlog‘ida yashovchi usta sangtarosh Tohirjon Rahimov tomonidan, maqbara eshigi esa toshkentlik yog‘och ustasi Alisherbek tomonidan tayyorlandi. Qabr toshining og‘irligi salkam 4 tonna bo‘lib, 9 bo‘lak marmardan tashkil topgandi.

Qabr toshiga Qur’oni karim oyatlari va Navoiy qalamiga mansub: “Bu gulshan ichraki yo‘qtur baqo guliga sabot, Ajab saodat erur chiqsa yaxshilik bila ot” (forscha: “Dar in chaman shukufau gulro sabot nest, Gar nomi nek bimonand az inson saodat ast”) misralari o‘zbek va fors tillarida o‘yib yozildi.

Hamma zaruriy ishlar yakuniga yetgach, 8 kishidan iborat ekspeditsiya 2015-yil 19-iyul kuni Andijon — Buxoro — Turkmaniston — Afg‘oniston yo‘nalishi bo‘ylab yo‘lga chiqqan. Afg‘onistonda ekspeditsiyani Hirotga qadar alohida harbiylar guruhi qo‘riqlab borgan.

Obodonlashtirish ishlarining birinchi bosqichida Navoiy maqbarasi ichida g‘ishtdan tiklangan sag‘ana buzilgan, sangtarosh usta Tohirjon Rahimov boshchiligidagi guruh har bir pishiq g‘ishtni sindirmay, joyidan qo‘zg‘atib olgan.

Shundan so‘ng olti-yetti kun ichida marmar taxtalar ehtiyotkorlik bilan, arqonda ko‘tarilib, joylashtirib chiqilgan va Alisher Navoiy maqbarasi ostida oppoq marmardan yangi sag‘ana tiklangan, uning atrofiga marmar plitalar yotqizilgan.

Zokirjon Mashrabovning ma’lum qilishicha, Navoiy maqbarasi atrofida salkam 2 gektar maydonda bog‘ barpo etish rejalashtirilgan bo‘lib, yaqin vaqt ichida 2 ming tupga yaqin daraxt ko‘chatlarini Hirotga olib borib, bog‘ barpo etish ko‘zda tutilgan.

Яндекс.Метрика