У нас есть только
оригинальные песни

Alisher Usmonov muvaffaqiyatining siri nimada?

calendar 15.06.2018
1033


O‘zA Milliy axborot agentligi asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovning muvaffaqiyatiga erishish tarixi haqida maqola e’lon qildi. Uni to‘lig‘icha keltirib o‘tamiz.

Bloomberg agentligining (AQSh) bergan xabariga qaraganda Alisher Usmonov Microsoft kompaniyasining asoschisi Bill Geyts bilan boshlanadigan dunyoning 100 nafar eng boy kishilari qatoridan o‘rin olgan.

Alisher Usmonov 65 yoshda. Namangan viloyatining Chust shahrida tavallud topgan. Tadbirkor. Rossiyadagi USM (Usmonov) Holdings kompaniyasining asoschisi.

“Yo‘q, bu ishni qilish mumkin emas, bizga bu to‘g‘ri kelmaydi, ular mutlaqo boshqa-boshqa narsa deb turganida Alisher Usmonov shu ishni qilsa bo‘ladi!”, deydi, shu ishni bajaradi va aytgan gapining ustidan chiqadi. Bu uning hayotda to‘plagan boy tajribasidan tashqari irodasidan, ko‘p qirrali qobiliyati, fe’l-u atvoridan darak beradi va hayotning tasdiqlashi bo‘yicha, tadbirkor tabiatidagi bu xislat uning katta muvaffaqiyatlarining asosi va garovi bo‘lib xizmat qilmoqda. “Men barcha ishlarni, butun-butun kompaniyalarni sinchkovlik bilan ipidan ignasigacha juda puxta o‘rganaman. Odamlarga ishonaman ma’qul bo‘lgan paytda, mening talablarimga to‘g‘ri keladigan odamga hamma narsamni ishonib topshirishga tayyorman. Sabot, matonatdan tashqari hissiyotlarga beriladigan odatim ham yo‘q emas”.

Alisher Burxonovich Usmonov u yoki bu voqea xususida biron-bir fikr bildiradigan bo‘lsa, odatda uning o‘ziga xos fikri, munosabati atrofidagilarning e’tiborisiz qolmaydi, gap-so‘zining ta’sir kuchi katta, sezilarli bo‘lgan Rossiyaning eng badavlat milliarder tadbirkorlaridan hisoblanadi, deyishadi uni bilganlar.

Amerikaning Forbes jurnali chop etila boshlaganiga 10 yil to‘lishi munosabati bilan: “Rossiyada kim yaxshi yashaydi?” deb 2013-yili o‘tkazilgan savol-javobda bunday kishilardan Rossiyada 200 nafari borligi ma’lum bo‘lgan. Ro‘yxat Alisher Usmonov nomi bilan boshlanadi. “Metalloinvest” hammuassisi Usmonov 17,6 milliard dollar mol-mulkka ega, deb qayd etiladi jurnal sahifalarida. Alisher Usmonov ikki yildan buyon Forbes jurnalidagi rus mulkdorlari reytingi ro‘yxatining birinchi o‘rnida turdi. Usmonov ketidan “Alfa-grupp”ning hammuassisi Mixail Fridman, undan keyin “Novatek”ning hammuassisi Leonid Mixelson, ana undan keyin Viktor Vekselberg, “Lukoyl” prezidenti Vagit Alekperov, “abadiy bo‘ydoq” deb nom chiqargan Mixail Proxorov. Yetti bolaning otasi Roman Abramovichlar turishadi. Ko‘p bolali ota (Abramovich)ning ustidan hazillashib bolalar boshini ko‘paytiraman deb, biznesda orqada qolayotgan Roman Abramovich o‘zining 10 milliard 200 million dollari bilan bu ro‘yxatda 13-o‘ringa tushib qolibdi.

“Vijdon pulning quli bo‘lmasligi, eng muhimi, pul vijdonni so‘ndirmasligi ham, o‘ldirmasligi ham kerak. Vijdonim bilan kelishgan holda hamohang yashayman. Bu mening hayotdagi bosh va muhim maqsadim. Men hamma vaqt bir narsani qaytarishdan tolmayman. O‘z xohish-ixtiyorim bilan emas, ta’sir deymizmi, tazyiq ostida deymizmi, tasodifan biznesmen bo‘lib qolganman”.

“Gapning kalamullosini aytadigan bo‘lsak, pul, mablag‘ yoki daromad hayotimning asl maqsadi emas. Turli davlat va nodavlat radio, gazeta, televideniye yoki Internet e’lon qilayotgan reytinglar boy-badvalat biznesmenlarning asl holati haqida aniq ma’lumot bermaydi”, — deydi Alisher Usmonov.

 Shu yerda multimillioner yoki milliarder Alisher Usmonov o‘zining bosh maqsadini, hayotiy shiorini e’lon qilgandek bo‘ldi: gap shundaki, biznesmenning butun mol-u mulki uning umr bo‘yi o‘zi uchun, yaqin kishilari uchun, xayr, sadaqa uchun, ya’ni homiylik yo‘lida sarf qiladigan xarajatlarning yig‘indisi bilan o‘lchanadi. Qolgan mablag‘i uniki emas. “Mablag‘larim meni yangi-yangi ishlarga, loyihalarni amalga oshirishga chorlaydi. Kattadan-katta ijtimoiy loyihalarni ro‘yobga chiqarish, hayotga tadbiq etish imkonini beradi. Men yaqin orada “San’at va sport” xayriya fondimni o‘zimning bosh tashkilotim deb hisoblasam kerak”, — deydi jahonga mashhur tadbirkor. Tadbirkorning bu gapini unchalik anglay olganimiz yo‘q. Bu gapidan u nima ishbilarmonlikni tashlab faqat sport va homiylik bilan shug‘ullanmoqchimi? Yana bilmadik. Har holda uning shunday fikri, niyati ham yo‘q emas.

 Xorijlik biznesmenlarning ta’kidlashi bo‘yicha, O‘zbekistonda ishbilarmonlik, tadbirkorlik bilan keng ko‘lamda shug‘ullanish imkoniyatlari chorak asrdan buyon mana endi ro‘yobga chiqa boshladi. Mamlakat iqtisodiyotini ravnaq toptirib, xalq turmush sharoitini ko‘tarishga xizmat qiladigan bu xosiyatli jarayonning ko‘pchilikka, ayniqsa jahon hamjamiyatiga tushunarli qonun-qoidalari ishlab chiqilib hayotga tadbiq etilmoqda.

O‘zbekiston shahdam qadam tashlab, katta sur’atlar bilan rivojlanayotgan bugungi dorulomon kunlarda Rossiyada yashaydigan va bir daqiqa bo‘lsa ham, vatanini unutmagan hamyurtlarimizning o‘z vataniga, ona yeriga qiziqishi ortdi. Ular O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarishlarda ishtirok etish istaklarini bildirishmoqda. Moskva OAVlarining xabariga qaraganda namanganlik jahonga mashhur biznesmen Alisher Usmonov Rossiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga yo‘naltirgan hatti-harakatlarini ancha faollashtirgan.

 Alisher Usmonov... Rossiyada istiqomat qiladigan jahonga mashhur o‘zbek biznesmeni. Hozir u o‘zining nomidagi “USM Holdings” kompaniyasining 48% aksiyalari paketiga va Baykaldagi “Metalloinvest” tog‘-kon kompaniyasiga ega. Shuningdek, Usmonovning “Noviy media xolding”, “Kommersant’” nashriyot uyi, “Ximki Grupp” developmentida ham salmoqli ulushi bor.

Alisher Usmonov 1953-yili 9-sentabr kuni Chust shahrida tug‘ilgan. Uning oilasi kambag‘allik nima ekanligini bilmaydigan oilalardan edi. Otasi Toshkent shahar prokurori bo‘lib ishlagan. Unga bolaligidan istagan narasini muhayyo etishardi. Boy oilaning to‘q bolalari katta bo‘lganida kim bo‘lishi masalasi juda bahsli va noma’lum. O‘ziga to‘q kamchiligi yo‘q oilalardan kim-qancha va qanday odamlar chiqmadi, deysiz?!

 Oila boshlig‘i Burxon ota Usmonov qattiqqo‘l, bolalarning ko‘ngliga qarab o‘tirmaydigan talabchan kishi bo‘lib oilada ham, do‘stlari orasida ham katta hurmatga sazovor bo‘lgan kishi edi. U o‘g‘lining o‘qishga va sportga bo‘lgan qiziqishini ko‘rib uni qo‘llab-quvvatladi. Yog‘ochdan yo‘nilgan qilich bilan qilichbozlik qilayotganini ko‘rib esa unga kerakli bo‘lgan barcha sport asbob va anjomlarini sotib olib beradi va qilichbozlik seksiyasiga borib yozdiradi.

Alisher sport bilan shunchaki hazilakam emas balki jiddiy ravishda shug‘ullana boshladi va hamma bo‘sh vaqtlarini sport mashg‘ulotlarida o‘tkazdi. U tez orada sevgan sport turi bo‘yicha jiddiy natijalarni qo‘lga kirita boshladi va sport olamida musobaqalarda qilichbozlar orasida doimo g‘olib chiqadigan Alisher ismli yosh bola paydo bo‘ladi. Yarim yil o‘tar-o‘tmas u Respublika o‘smirlar terma jamoasi tarkibiga olindi. Bir nechta jiddiy raqiblar bilan o‘tgan g‘alabalaridan so‘ng esa SSSR terma jamoasiga olindi. Chustlik o‘spirin ko‘p o‘qiydigan romantik bola edi. U yoshligida fransuz yozuvchisi Aleksandr Dyumaning mashhur “Uch mushketyor” – (“Uch qilichboz”) romanini o‘qib sportning qilichbozlik turi — fextovaniye bilan shug‘ullanishga qaror qiladi. Ikki yil mashqdan so‘ng yosh qilichboz Alisher Usmonov Respublika terma jamoasiga qabul qilinadi. Ko‘p o‘tmay u o‘z kasbining ustasi – sport masteri unvonini oladi. Bu bilan u qoniqmaydi. Bu sohada yanada yuqoriroq natijalarga erishish uchun u qattiq harakat qiladi va eng yosh mohir qilichboz sifatida SSSR terma komandasi musobaqalarida qatnash huquqini qo‘lga kiritadi.

Яндекс.Метрика