У нас есть только
оригинальные песни

AQSh o'zining ilk rivojlanish bosqichida qanday ichki siyosatlarni amalga oshirgan?

calendar 10.04.2018
931

AQSh fuqarolar urushidan (1861-1865) so'ng, kuchli davlat sifatida shakllanishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ydi. Xo'sh, AQSh qanday islohotlarni olib bordi va qanday qilib tez fursat ichida rivojlangan davlat sifatida e`tirof etila boshlandi?

Birinchidan, unumdor yerlari tabiiy resurslarga boyligi davlatning rivojlanishiga, yangi eshiklar ochilishiga hissa qo'shdi. Bepoyon yerlar, oltin, mis, po'lat va boshqa foydali qazilmalarga boy edi bu maskan.

Ikkinchidan, qo'shnilari har tomondan kuchsizligi va kamligi (Meksika va Kanada xolos) ular uchun qo'l keldi. Chunki, bu xarajatlarning kam sarflanishiga (chegara qurish, xavfsizlik, ichki bozorni mustahkamlash va boshqalar), davlatning tezroq rivojlanishiga ijobiy ta`sir o'tkazar edi.

Uchinchidan, AQShga butun dunyodan immigrantlar oqimi kirib kela boshladi.

Fuqarolarni amerikacha demokratiya birlashtirdi desak mubolag'a bo'lmaydi. AQShga XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida 40 yil ichida 30 millionga yaqin immigrantlar kirib keldi. Ularning aksariyati imkoniyat va tinch hudud izlab keldi. Immigrantlar har xil soha egalari bo'lib, yangi yerlarni o'zlashtirishda davom etardi. Ishchi kuchi va tabiiy resurslarning yetarliligi natijasida ichki infrastruktura rivojlanishi jadallashdi. Texnika yutuqlariga erishish kuchayib ketdi. Ulardan sanoat va qishloq xo'jaligida keng qamrovda foydalanilish jarayoni boshlandi.

Davlat ichida po'lat ishlab chiqarish, neft qazib olish, mis konlarining o'zlashtirish, elektr, avtomobilsozlik sanoatlari rivojlanib ketdi. Buni biz po'lat konserni Morgan, neft sohasida Rokfeller tresti, mashinasozlikda Ford magnatlari vujudga kelganida ko'rishimiz mumkin.

To'rtinchidan, AQShda davlat tizimini yemiruvchi qirollik tuzumi ham, yirik ochko'z zamindorlar ham, yoki bo'lmasa, Yevropadagidek davlat siyosatiga aralashadigan cherkov hokimiyati ham yo'q edi. Bular davlatning rivojlanishiga salbiy ta`sir o'tkazadigan tuzilmalar ekani salib yurishlarida ham, yuz yillik va boshqa urushlarda ham o'z isbotini topgan edi.

Beshinchidan, AQSh boshqa davlatlardan investorlarni jalb qilishning eng yaxshi usullarini amalda sinadi. Ular uchun soliq preferensiyalari (yengilliklar) ishlab chiqildi. Ularga barcha sharoitlarni yaratib berdi. Foydalaniladigan hudud masalasida tortishib ham o'tirmadi. Ijtimoiy sohadan eng muhimlari: ta`lim va tibbiyotni rivojlantirdi. Mazkur sohalarga mablag' tikila boshlandi. Fandagi eng so'ngi yutuqlar ham ikki sohaning rivojlanishiga qaratildi.

Oltinchidan, ayni paytda davlatda saylov siyosati masalasi ham reja bo'yicha davom etdi. Raqobatga ega bo'lgan, ikki partiyali haqiqiy siyosiy tizim rivojlandi. Jamoatchilik davrga qarab har to'rt yillikka yirik mulkdorlar, fermerlar, sanoatchilarni qo'llab-quvvatlaydigan - Demokratlar partiyasini yoki asosan o'rta qatlamning himoyachisi bo'lgan - Respublikachilar partiyasini tanlaydigan bo'ldi. Shu tariqa amerika xalqi o'z taqdirini o'zi belgilay boshladi. Oldin shtatlarning qonun chiqaruvchi organi tomonidan saylanadigan senatorlar endilikda xalqning ovoz berish yo'li bilan saylanadigan bo'ldi.

AQSh ichki siyosatini mustahkamlash masalasi T.Ruzvelt va V.Vilson (1900-1914) davrida ham davom ettirildi. Ular davri tarixga «taraqqiyparvar davr» nomi ostida kirdi.

Ular davrida bir vaqtlar davlat ruxsat bergan biznes egalariga qarshi «antimonopoliya» siyosati boshlanib, shunday korxonalarga qarshi 20 dan ortiq shov-shuvli sudlar uyushtirildi. Natijada davlat byudjyetiga yo'q joydan milliardlab pullar kelib tushdi. Mana shunday sudlardan biri Morgan trestiga nisbatan uyushtirildi. Sud qarori asosida Morgan nazorat qiladigan temiryo'l kompaniyasi ikkiga bo'lindi. Davlat foydasiga xizmat qiluvchi temiryo'llarni tartibga soluvchi qonun qabul qilindi.

Davlatda kichik biznes egalariga katta e`tibor qaratildi. Ularga foizi kam bo'lgan kreditlar banklar tomonidan ajratila boshlandi. Kichik biznes egalariga ma`lum bojxona va soliq imtiyozlari berila boshlandi. Bu o'z navbatida yangi ishchi o'rinlari yaratilishiga, sog'lom raqobat paydo bo'lishiga sababchi bo'ldi. Nega davlat yirik korxonalarga e`tiborini kamaytirdi? Chunki, vaqti kelib katta korxonalar bankrotlikka uchraydigan bo'lsa, bu davlatga salbiy ta`sir o'tkazmay qo'ymasdi. Yuqori darajadagi ishsizlik, davlatga soliq kelib tushish darajasi keskin pasayishi va boshqa muammolar vujudga kelish ehtimoli yo'q emasdi.

Shu bilan birga trestlarga qarshi qonun qabul qilindi. Unga ko'ra, ish tashlash davrida trestga yetkazilgan zararni kasaba uyushmalaridan undirib olish tartibi bekor qilindi. Ishchilar adolatsizlik sharoitida bemalol ish tashlash huquqiga ega bo'ldilar.
Shunday qilib XX asrning boshlarida Amerika rivojlanishda o'ziga xos ichki siyosatini olib bordi.

Яндекс.Метрика