У нас есть только
оригинальные песни

AQSh va prezidentlar: oltin an`ana tarixi

calendar 04.11.2016
1774

2016 yilning 8 noyabr kuni AQShda hisob bo'yicha 45-prezident saylanadi. “Okean orti mamlakati”da 1789 yildan boshlab prezident saylovi o'tkazib kelinadi. AQShda  prezident saylovi har 4 yilda - to'rtga  qoldiqsiz bo'linuvchi  yillarning noyabr oyining birinchi dushanbasidan keyingi birinchi seshanbasida o'tkaziladi. Ko'pchilik, demak, noyabrning birinchi seshanbasi ekan-da, deyishi mumkin. Ammo bunday emas. Mabodo 1 noyabr seshanbaga to'g'ri kelib qolsa, u holda saylovlar 8 noyabrda o'tkaziladi. Eslatib o'tish kerak-ki, AQShda bo'lib o'tadigan prezidentlik saylovida faqat ikki nomzod – “demokratlar va respublikachilardan vakillar qatnashadi”, degan tassavvur mutlaqo noto'g'ridir. Aslida, prezidentlik saylovlariga rasman o'nlab nomzodlar qo'yiladi. Biroq yozilmagan qoidalarga ko'ra, nima uchundir ikkita partiya vakillariga ko'proq e`tibor qaratiladi.

AQShning birinchi prezidenti etib bir ovozdan Jorj Vashington saylangan. 1792 yilda ikkinchi muddatga yakdilik bilan qayta saylandi. Shu kungacha u yuz foiz ovoz bilan saylangan AQShning yagona prezidenti sifatida tan olinadi. Jorj Vashington AQSh tarixida partiyasiz bo'lgan ikkita prezidentning bittasidir. Uning fikricha, partiyalar o'rtasidagi kurash siyosiy hayotga salbiy ta`sir ko'rsatib, mamlakat taraqqiyotining rivojlanishga to'siq bo'ladi. Ikkinchi partiyasiz prezident Jon Tayler (1841—1845) edi. U avvaliga vitse-prezident etib saylangan, 1841 yilda prezident Uilyam Garrisonning vafotidan keyin davlat rahbarligini qo'lga kiritgan edi. Vitse-prezident etib saylangan vaqtda Jon Tayler viglar partiyasining a`zosi edi, biroq prezident lavozimini egallagach partiyadoshlari manfaatlariga zid siyosat yurita boshladi. Shundan so'ng partiya saflaridan chiqarildi.

Prezidentlik lavozimida Franklin Delano Ruzvelt eng ko'p (1933—1945) 12 yil (4422 kun) faoliyat yuritgan bo'lsa, Uilyam Garrison atigi 31 kun faoliyat yuritdi. U 1841 yilda inauguratsiya marosimidan ko'p o'tmay vafot etdi.

AQSh tarixida eng yosh prezident sifatida Teodor Ruzvelt (1901—1909) tan olingan. U 42 yoshga kirganida prezidentlik lavozimiga kirishgan edi. To'g'ri, u prezident etib to'g'ridan to'g'ri saylanmagan. Vitse-prezident bo'lgani uchun ham 1901 yilda prezident Uilyam Mak-Kinli o'ldirilganidan so'ng davlat rahbari sifatida faoliyat yurita boshladi. Eng yosh prezident etib saylangan Jon Kennedi(1961—1963)dir. U 43 yoshida prezident etib saylangan edi. Eng keksa prezident sifatida Ronald Reygan (1981—1989) ko'riladi. U lavozimiga kirishgan vaqtda 69 yoshda edi. Ikki muddat AQShni boshqargan Ronald Reygan 78 yoshida Oq uyni tark etdi.

Bir muddatdan so'ng tanaffus bilan ikkinchi muddatga prezident etib saylangan Grover Klivlend 22-chi (1885-1889) va 24-chi (1893—1897) prezident sifatida tan olinadi.

AQSh tarixida birinchi qora tanli prezident Barak Obama (2009—2017)dir. AQShning uch nafar prezidenti — Teodor Ruzvelt (1901—1909), Vudro Vilson (1913—1921) va Barak Obama (2009—2017) o'z faoliyatlari maboynida Tinchlik bo'yicha Nobel mukofotiga sazovor bo'lgan. Shuningdek, eks-prezident Jimmi Karter (1977—1981)ga ham Nobel mukofoti berilgan.

Shu kungacha xotin-qizlar biror marta ham prezident yoki vitse-prezident lavozimlarini egallamagan. Biroq vitse-prezidentlikka ikki marta ayollar o'z nomzodini ko'rsatgan. 1984 yilda Jyeraldin Ferraro Demokratik partiyadan va 2008 yilda Sara Peylin Respublikachilar partiyasidan o'z nomzodlarini vitse-prezidentlikka ko'rsatgan edi. Prezidentlik kurashiga kirishgan birinchi ayol Hillari Klinton hisoblanadi. Demokratik partiya ichida bo'lib o'tgan 2008 yilgi praymerizda u Barak Obamaga mag'lub bo'ldi. 2016 yilda esa Hillari Klinton rasman prezidentlikka Demokratik partiyadan nomzod bo'ldi.

Oq uy rahbarlari o'z maoshlarini xayriya maqsadlariga ham yo'naltirishgan. Jumladan, 31- prezident Gerbert Guver (1929—1933), 35-prezident Jon Kennedi (1961—1963) prezidentlikdan oladigan maoshlarini xayriya maqsadlariga sarflashgan. 

Prezident lavozimi 1787 yilda qabul qilingan Konstitutsiyaga ko'ra joriy qilingan va 1789 yilda kuchga kirgan. Prezident davlat va ijroiya hokimiyat rahbari hamda Qurolli kuchlar oliy bosh qo'mondonidir.

AQShda tug'ilgan, kamida 14 yil mamlakat hududlarida istiqomat qilib kelayotgan va saylov vaqtida 35 yoshga kiradigan har qanday AQSh fuqorosi prezidentlikka nomzodini ko'rsatishi mumkin. Prezident 4 yil muddatga saylanadi. Bir kishi ketma-ket ikki muddatga prezident etib saylana olmaydi. Konstitutsiyaga ko'ra, Prezident “qonunlarni bajarilishini nazorat qiladi va Qo'shma Shtatlardagi barcha amaldorlarni tayinlaydi”. Yuqori mansabli rahbarlar (vazir va idoralar rahbarlari), shuningdek, Oliy sud a`zolari “senat roziligi va maslahati bilan” prezident tomonidan tayinlanadi.

Prezident har yili Kongressga “Mamlakatdagi vaziyat” to'g'risida Xisobot berib turadi. Prezident veto huquqiga ega. Ammo Prezident Kongressni tarqatib yubora olmaydi. Prezident tashqi siyosatni belgilab beradi. Shaxsan o'zi yoki o'z vakillari orqali xalqaro muzokarlar olib boradi va shartnomalarni imzolaydi. Xorijiy davlatlar elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oladi va xorijiy davlatlarga AQSh elchilarini tayinlaydi. 

Prezident harbiy sohada cheklanmagan vakolatlarga ega. U boshqa davlatlar hududlarida jangovor harakatlar boshlash borasida qurolli kuchlarga buyruq berishi mumkin. Ammo urush e`lon qilish huquqiga ega emas. Bu huquq Kongressga berilgan. Prezident qaroriga ko'ra, mamlakatda favqulotda holat joriy etilishi mumkin.

AQShda “Oqsoq o'rdak” degan ibora bor. Bu ko'p hollarda vakolati yakunlanayotgan prezidentga nisbatan ishlatiladi. Mazkur ibora amaldagi prezidentning saylangan prezidentga asta-sekinlik bilan vakolatlarni topshirish davriga nisbatan qo'llaniladi. To'g'ri bu jarayonda amaldagi prezidentning vakolatlari saqlanib qolaveradi. Biroq uning har bir xatti-harakati jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarida boshqacha qabul qilina boshlanadi. Masalan, 2001 yilning 20 yanvarida Jorj Bushning inauguratsiya marosimiga bir necha soat qolganida hokimiyatni topshirayotgan Bill Klinton 140 nafar mahbusni avf qilish borasidagi farmonga imzo chekkan edi. Bu yerda qonun buzilishlariga yo'l qo'yilmagan bo'lishiga qaramay jamoatchilik Bill Klintonning bu qaroriga boshqacha nazar bilan qaragan edi.

Konstitutsiyaga ko'ra, “davlatga xiyonat, korrupsiya va boshqa og'ir jinoyatlar va xatti-harakatlari uchun” prezident impichment orqali iste`foga chiqariladi. AQSh tarixida impichment ikki marta - 1868 yilda Endryu Jonson, 1998-1999 yillarda Bill Klintonga nisbatan qo'llanilgan. Ammo ularning har ikkisi ham oqlangan. O'z xohishi bilan faqat bir prezident - Richard Nikson (1974 yilda impichment tahdidi sabab) mansabidan voz kechgan. Navbatdagi impichment yangi prezidentga nisbatan (U Hillari Klinton bo'ladimi yoki Donald Tramp qat`iy nazar) qo'llanishi mumkinligi aytiladi. Tahlilchilarning fikricha, bu galgi saylovda kuchli nomzod yo'q. Hillari Klinton yoki Donald Trampdan birortasi prezident etib saylangudek bo'lsa, ularning har ikkisi ham kuchli prezident bo'lishiga shubha bilan qarovchilar bor. Ularning har ikkisi ham dasturlarini hayotga tatbiq eta olmasliklari taxmin qilinmoqda. Hillari Klintonning va`dalarini amalga oshishiga Kongress to'sqinlik qilishi turgan gap. Donald Tramp g'alaba qozongudek bo'lsa, uning atrofida ham muammolar bo'lishi aniq. Lekin buni vaqt ko'rsatadi. Kim prezident bo'lishini amerikaliklar hal qiladi. 

AQShda muddatdan ilgari prezidentlik saylovlari o'tkazilmaydi. Konstitutsiyaga ko'ra, prezident vafot etsa, iste`foga chiqsa yoki mansabidan chetlashtirilsa u holda davlat rahbarligini avtomatik ravishda vitse-prezident egallaydi. Prezident va vitse-prezident lavozimlari bo'shab qolgudek bo'lsa, u holda Vakillar palatasining spikeri prezident sifatida faoliyat yuritadi. Ro'yxat bo'yicha Senat raisi, vazirlar prezident lavozimini egallaydi. Bu borada birinchi o'rinda davlat kotibi turadi. 1947 yilda qabul qilingan qonunga ko'ra, Prezident lavozimini egallaydigan 18 ta amaldor tasdiqlangan.

1967 yilda Konstitutsiyaga kiritilgan 25-qo'shimchaga ko'ra, prezident o'z vazifasini bajara olmay qolsa, u holda vitse-prezident bu vazifani bajarishga kirishadi. Buning uchun, albatta, prezident bayonot berishi kerak. Bu kabi hodisa atigi uch marta kuzatilgan. 1985 yil 13 iyulda Ronald Reygan 8 soat mobaynida o'z vakolatlarini katta Jorj Bushga, 2002 yil 29 iyuni va 2007 yil 21 iyulida kichik Jorj Bush o'z vakolatlarini ikki soat Dik Cheyniga topshirgan edi.

Harakatlanish uchun prezidentga aloqa jihozlari bilan ta`minlangan shaxsiy vertolyot va yaxta berilgan. Shaxsiy avtomobili zirhlangan. Prezidentga mamlakat ichkarisi va xalqaro yo'nalishlarda parvoz qilishi uchun ikkita maxsus jihozlangan Boeing 747 (asosiy va zahira) samolyot ajratilgan. Bort №1ning yo'nalishi va parvoz vaqti maxfiylashtirilgan va harbiy amaliyot sifatida talqin qilinadi.

AQSh prezidentining maoshi bir yilda 400 ming dollarni tashkil qiladi. Bundan tashqari, prezident boshqa harajatlar uchun bir yilda 50 ming dollar olishi mumkin. Bu mablag' maoshdan farqli ravishda soliqqa tortilmaydi. Prezident va uning oilasi istiqomat qiladigan Oq uy uchun bir yilda davlat xazinasidan 4 million dollar sarflanadi. Birgina gullar uchun 250 ming dollar ajratilishi aytiladi. Oq uydan tashqari prezidentning Merilend shtatida Kemp-Devid qarorgohi ham bor. Davlat rahbari mamlakat fuqarolaridan cheklanmagan miqdorda sovg'a olishi mumkin. Ammo xorijiy davlat rahbarlaridan olingan sovg'alar xalq mulki sifatida Milliy arxivga topshirilishi shart. Biroq prezident xaqini davlat byudjyetiga topshirgudek bo'lsa, bu sovg'alarni o'ziga qoldirishi mumkin.

Prezidentlar vakolatlarini topshirganlaridan keyinoq ularning nomlarini abadiylashtirish boshlanadi. Davlat rahbarlarining nomlari avianostslarga berilishi an`anaga aylangan. 2006 yilning noyabr oyida 41-prezident katta Jorj Bush (1989—1993) sharafiga “Jorj Bush” avianosetsi suvga tushirildi.

AQShda yana bir yaxshi an`ana bor. U ham bo'lsa prezident kutubxonasini tashkil qilishdir. Bu an`ana 1939 yildan beri amalda. O'shanda Franklin Ruzvelt o'ziga tegishli hujjatlarni Milliy arxiv xizmatiga topshirgan edi. Jorj Vashington, Avraam Linkoln va Tomas Jyefferson xotirasiga Vashington shahrida yodgorlik o'rnatilgan. Ularning nomi Teodor Ruzvelt nomi bilan birga Janubiy Dakota shtatidagi Rashmor tog'iga o'yib yozilgan. Jon Kennedi sharafiga Arlington qabristonida mangu olov yonib turibdi.

AQShda “sobiq prezident” atamasi deyarli yo'q. Ular raqamlari bilan atalishadi. AQSh prezidenti etib saylangan kishi bu maqomni umrining oxiriga qadar saqlab qoladi. Bugungi kunda Barak Obamadan tashqari Jimmi Karter, katta Jorj Bush, Bill Klinton va kichik Jorj Bush ham prezident maqomini saqlab qolgan. Iste`foga chiqqan AQSh prezidentlari bir yilda 200 ming dollarga teng pensiya oladi. Sobiq prezident singari ularning oila a`zolari ham AQSh Maxfiy xizmati tomonidan qo'riqlanadi. 

 

 Sharofiddin To'laganov

Яндекс.Метрика