У нас есть только
оригинальные песни

AQShdan BAAga ishlash uchun borgan rossiyalik yigitning amirliklardagi hayot haqidagi mushohadalari

calendar 21.11.2016
1830

Umuman boshqa madaniyatga ega boy mamlakatga pul topish uchun borish jiddiy hayot sinovidir. Begona muhit bosimini hamma ham ko'tara olmaydi. "Lenta.ru" nashri xorijda yashovchi rossiyalik yigit - Mixailning hikoyasini o'quvchilar diqqatiga havola qildi. "2007 yilda men Yaroslavlda Pedagogika universitetini tugalladim. Aspiranturaga kirgach, Amerika hukumati tomonidan moliyalashtirilgan, yosh o'qituvchilarga mo'ljallangan Full Bright dasturida g'olib bo'ldim.Men 4 yil Pensilvaniya shtatida yashadim. Indiana shahridagi universitetda rus tili o'qituvchisining assistenti sifatida faoliyat olib bordim. Keyin 3 yil Vashingtonda yashab, marketing bilan shug'ullandim. Vizani uzaytirish vaqti kelganda do'stim bilan Dubayga ko'chib o'tishga qaror qildim. BAA haqida hech narsa bilmas edim. Do'stim menga shunday variantni taklif qildi - u O'zbekistonga, men esa Rossiyaga qaytishni istamasdik. Internetdagi ma`lumotlarni o'rganib, sayyohlik vizasi bo'yicha bir oyga mahalliy muhitni o'rganishga bordik. BAAga kelgach, bo'sh ish o'rinlarini ko'rib chiqdik va mana to'rt yildirki shu yerdamiz. Bu yerga ko'pchilik dastlab sayyoh sifatida kelib, keyinchalik ish topishadi. 2-3 yilga ishchi vizani ochish oson - tibbiy tahlillarni topshirgach, ikki haftada tayyor bo'ladi. Do'stim taqinchoqlar do'koniga joylashdi, men esa yarim yildan keyin qo'shni amirlik - Sharjada joylashgan rus-ukrain aviatsiya kompaniyasiga tarjimon bo'lib ishga kirdim. Mamlakatda yetti amirlik mavjud, Sharja ham eng mashhur uch amirlikning biri hisoblanadi. Dubay va Abu Dabi islom madaniyatiga ega bo'lsa-da, biroq yetarlicha ochiq shaharlar. Sharja esa - amirliklar orasida o'zining qat`iy qoidalari bilan ajralib turadi, bu yerda spirtli ichimliklar va hattoki chilim yo'q. Men ishga joylashgan firma MI-8 vertolyotlariga xizmat ko'rsatish va ularni ta`mirlash ishlari bilan shug'ullanadi. Xodimlarning bir qismi - MDH davlatlaridan. Hujjatlarning yarmi - ingliz tilida edi va men ularni tarjima qilardim. Kompaniya BAAda joylashgan bo'lsa-da, u yerda ham buyruqbozlik, maoshlarni vaqtida bermaslik va noprofessional yondashuvga duch keldik. Men xavfsizlik va sifat nazorati bo'limi xodimi edim, shu bois xatolar uchun javobgarlik mening zimmamga ham tushishi mumkin edi. Xavf-xatarlarni hisobga olib, bu yerdan ketishga qaror qildim. Ta`lim sohasiga qaytib, Dubaydagi Vollongong Universitetida talabalar rekrutingi va reklama bilan shug'ullandim. Kampuslardan biri Avstraliyada, biri shu yerda joylashgan. Endi esa hisobchilarga toifa berish bilan shug'ullanuvchi Britaniya kompaniyasiga ishga joylashdim. Mening ish haqim - 5 ming dollar atrofida. Mahalliy aholining 90 foizini xorijliklar tashkil qiladi. Bu yerda jamiyatning turli guruhlari bir-biri bilan deyarli muloqot qilmaydi. Ekspatlarni ikki guruhga ajratish mumkin: Osiyodan kelganlar (Hindiston, Filippin va Pokiston) hamda arab mamlakatlaridan kelganlar (Suriya, Lubnon, Iordaniya). BAA fuqarolari juda kamchilik - taxminan 5-10 foiz. Bu yerda barchaga dam olish kuni beriladigan musulmon bayramlari ko'p. Xristianlar Rojdestvo bayramida dam olishlari mumkin, lekin hech kim uni katta bayram qilmaydi. Mustaqillik kunida (2 dekabr) esa, o'z mashinalarini shayxlarning suratlari bilan bezatishadi, xolos. Yangi yilda osmono'par binolardan mushaklar otiladi. Biroq o'tgan yili "Burj al-Halifa" va "Dubay Moll" yonidagi "Adras" binosida kuchli yong'in sodir bo'ldi. Bu holatni ko'rganimda bayram davom etishi xayolimga ham kelmagandi, ammo ko'chadagi odamlar o'zini xuddi yong'inni ko'rmagandek tutardi. Mamlakatda milliy o'zlikni anglash masalasiga e`tibor qaratilmaydi. Aholining maqsadi - ko'ngilochar mashg'ulotlar, shoping va pul topish. BAA manzarasi juda chiroyli: osmono'par binolar, qimmatbaho mashinalar va turfa xil do'konlar. Biroq bularning ortida nochor hududlar va arzimagan pul uchun qurilishda ter to'kuvchi muhojirlar ham bor.Mamlakatning rasmiy fuqarolari juda yaxshi yashashadi. Davlat ularni hamma narsa bilan ta`minlaydi - yerdan tortib, to bepul ta`lim va ko'plab imtiyozlargacha. Ba`zi firmalar amirliklashtirish dasturi doirasida faqat mamlakatning rasmiy fuqarolarinigina ishga oladi. Ular uchun eng yaxshi lavozimlar, maoshlar va oddiy majburiyatlar taqdim etiladi. Mahalliy arablarning aksariyati dangasa bo'lib, o'tkir zehn jihatidan ajralib turmaydi. Ularning asosiy qiziqishlari - pullar va mashinalar, ayollarning maqsadi esa bir - turmushga chiqish. Yaqinda ish bo'yicha ayollar universitetiga bordim va hisobchilarning so'nggi kursda o'qiydigan talabalar bilan suhbatlashdim. Ular hattoki kelajakda nima bilan shug'ullanishni rejalashtirayotganliklari haqidagi savolga ham javob bera olishmadi. Ta`lim u qadar sifatli emas, lekin qimmat. Barchasi xorijiy brendlar bilan bog'liq: Avstraliya, Amerika, Kanada universitetlari va h.k Bakalavr bosqichi (4 yil) o'rtacha taxminan 70 ming dollarga tushadi. Biroq ba`zi ota-onalar farzandlarini giyohvand moddalar va spirtli ichimliklardan chegaralash maqsadida, atayin shu yerga jo'natishadi. Bu yerda qoidalar qat`iy deb hisoblashadi. Men AQShda yashaganimda bizning kampusimizga Saudiya Arabistonidan tashrif buyurgan talabalar kelishgan, joylashib olgach, arablar nasha chekib, ertalabgacha spirtli ichimliklarni ichishardi. BAAda nafaqa yoshidagi kishilarga viza berilishi juda qiyin, shu bois aksariyat migrantlar oxir-oqibat bu yerni tark etishadi. Men bir xonali kvartirani ijaraga olganman (shahar markazida emas). Bir yilda 75 ming dirham (taxminan 20 ming dollar) to'layman. Buning ustiga kommunal to'lovlar va internet uchun ming dirham ham bor (oyiga taxminan 300 dollar). Endigina kelganingizda turar-joy topish qiyin, chunki bir yillik shartnoma imzolash kerak, ilk oylar ijra haqi va depozit to'lovini oldindan amalga oshirish lozim. Shu bois ko'pchilik vositachilarning xizmatidan foydalanadi va har oy ortiqcha pul to'lashlariga to'g'ri keladi. Bu yerga kelish, yaxshi to'lov evaziga ish topish oson. Biroq BAAda umrbod qola olmaysiz, chunki Amirliklar hech qachon fuqarolik bermaydi. Arab qizlarining xorijliklarga turmushga chiqishi taqiqlangan. Shunday bo'lgan taqdirda ham, bolaga avtomatik ravishda fuqarolik berilmaydi. Turli mamlakatlardan tashrif buyurgan juftlik farzandli bo'lsa, u ota yoki onasining fuqaroligini oladi. Bu yerda faqat turmushga chiqqan ayollargina farzand ko'rishi mumkin. Qoida nafaqat mahalliy aholi, balki xorijliklarga ham taalluqli. Agar ayol homilador bo'lib, shifoxonaga tushsa, tug'ruqdan keyin uni hibsga olishadi. Shu bois bunday vaziyatda qolgan ayollar farzandini boshqa davlatda dunyoga keltiradi. BAAda so'z erkinligi yo'q. Bu yerda yomon xabarlarni tarqatmaslikka harakat qilishadi. Ko'p narsalarni bilishsa-da, hech kim buni ovoza qilmaydi, chunki mamlakatning ijobiy qiyofasini saqlab qolish muhim, bunday xabarlar esa uning nomiga dog' tushiradi. Buning uchun ham panjara ortiga tushish hech gap emas. Har qanday namoyishlar, muxolifat majlislari va o'zga dinni targ'ib qilish taqiqlanadi. BAAda siyosiy rejim, beqaror iqtisodiy vaziyat va boshqa salbiy yangiliklar yoki omillarni muhokama qilish mumkin emas. Men mahalliy arablar bilan hech qachon bunday mavzularda gaplashmaganman. Hukumat tinch va xavfsiz mamlakat nomiga gard yuqtirmaslikka harakat qiladi. Umuman olganda, bu yerda haqiqatdan ham xavf yo'q. Men AQShda bo'lganimda hech qayerga bormagandim. Bu yerda mening maoshim ko'proq va ta`til ham bor. Yilda bir marta ona shahrim Yaroslavlga borib kelaman, biroq u yerga umrbod qaytish niyatim yo'q. Bu yerga keluvchilardan kelajak rejalari haqida so'ralganda hech kim to'g'ridan-to'g'ri javob bera olmaydi. 2008 yilda bu yerga ham inqiroz soya solgan. Ko'pchilik hamma narsasini tashlab, mamlakatni tark etgan. Agar yana bir bor mana shunday holat yuz bersa, men ham ketsam kerak. Biroq 300 dollar oylik uchun Rossiyaga qaytmoqchi emasman. Uch yil avval braziliyalik qiz bilan tanishib qoldim. Ehtimol, u bilan biror bir Yevropa mamlakatiga ko'chib o'tarmiz.

Manba: kun.uz

Яндекс.Метрика