Ijtimoiy tarmoqlarning faol foydalanuvchilaridan hisoblangan aktyor va rejissor Azamat Ahrorovning Instagram’dagi sahifasi noma’lum shaxslar tomonidan o‘zlashtirib olindi.
“Kiberqaroqchilar” qariyb 220 ming obunachisi bo‘lgan @azamat_axrorov sahifasini qanday qilib o‘zlashtirgani noma’lum. Hozirgi vaqtda “qaroqchilar” qo‘lida qolayotgan sahifada aktyorning nomidan suratlar, xabarlar berib borilmoqda.
Azamat Ahrorov: Xakerlar Instagram’dagi shaxsiy sahifamni egallab oldi, shu vaqtgacha joylashtirilgan barcha suratlarim va videolarimni o‘chirib tashladi.
Instagram’dagi boshqa bir profildan o‘z profilimga xabar yozib, sahifamni qaytarishlarini so‘radim. Ular o‘z sahifamni o‘zimga pullamoqchi bo‘lib, mendan 350 dollar pul talab qildi. Men aytilgan pulni uchrashib, to‘lashga roziligimni aytdim, biroq ular pulni elektron hamyonga o‘tkazishni talab qilmoqda.
Do‘stlarimni ogohlantirib qo‘ymoqchiman: Instagram’dagi sahifamni egallab olganlar mening nomimdan har xil xabarlar yuborishi mumkin.