У нас есть только
оригинальные песни

Barqarorlik uchun barcha mas’ul

calendar 02.11.2015
1724

Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek asrash, xalqimizning mehnati bilan bunyod etilgan turli-tuman inshootlar, xonadonlarimizni yong‘indan muhofaza etish muhim vazifalardan.

O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 30-sentabrdagi "Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonuni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Mazkur qonunga binoan yong‘in xavfsizligi xizmati bilan birga davlat va jamoat tashkilotlari, korxona va xo‘jaliklar, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining yong‘in xavfsizligi bo‘yicha javobgarligi kuchaytirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi oliy texnik maktabida "Yong‘in xavfsizligini ta’minlashning dolzarb muammolari” mavzusida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjumanda shu haqda so‘z yuritildi.

Yong‘in xavfsizligi oliy texnik maktabi boshlig‘i A.Qo‘ldoshev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yong‘in xavfsizligini ta’minlashga oid huquqiy asoslar mustahkamlangani xalqimiz osoyishtaligiga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Ushbu maqsadga qaratilgan tuzilmalar faoliyati zamon talabidan kelib chiqib takomillashtirib borilayotgani, sohaning malakali kadrlar bilan ta’minlanayotgani yong‘inlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Bugungi kunda yong‘in xavfsizligi qismlari zamonaviy texnika va zarur anjomlar bilan ta’minlangani, shu yo‘nalishda ilmiy izlanishlar izchil davom ettirilayotgani natijasida yong‘inlar kamayishiga erishilmoqda. Xususan, joriy yilning to‘qqiz oyi davomida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yong‘inlar 5,1 foizga kamaygan.

Yong‘inning oldini olishda targ‘ibot-tushuntirish ishlari muhim ahamiyatga ega. Shu bois yong‘in nazorati xizmati xodimlari aholi, korxona va tashkilotlar xodimlari o‘rtasida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish, yong‘inlarning oldini olish borasida ko‘rilishi zarur chora-tadbirlar yuzasidan muntazam tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Ayniqsa, bu borada yaxshi tushuncha va ko‘nikmaga ega bo‘lmagan bolalar va yoshlar o‘rtasida targ‘ibot-tushuntirish tadbirlari muntazam tashkil etilayotir.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya, Moliya vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi, yirik korxona va tashkilotlar, sohaviy xizmatlar mas’ul xodimlari, tegishli oliy o‘quv yurtlari vakillari ishtirok etgan tadbirda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va aholi turar joylarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, xususiy mulk, kichik biznes va tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishda davlat yong‘in nazoratining o‘rni, yong‘inga qarshi sug‘urtalashning bugungi kundagi talablari, yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada chuqurlashtirishning ahamiyati xususida ma’ruzalar tinglandi.
Яндекс.Метрика