"Barselona" jamoasi Kievning "Dinamo" jamoasi futbolchisi Andrey Yarmolenkoni yozgi transferlar vaqtidayoq xarid qilmoqchi.
Sport.es nashrida yozilishicha, kataloniyaliklar klubi ushbu 25 yoshli yarimhimoyachi uchun 20 mln evro taklif qilishmoqchi va uni mavsum so'ngiga qadar "Dinamo"da ijara asosida qoldirishmoqchi.
Gazeta ma'lumotlariga ko'ra, "Barselona" bu mablag'ni 3ga bo'lgan holda to'lashni rejalashtirgan. Ilk transh sifatida 5 mln evro avgust oyining o'zidayoq berilishi, 2016 yilning yanvar oyida yana 5 mln evro berilishi ko'zda tutilgan. Mavsum oxirida esa oxirgi transh - 10 mln evro yuboriladi va futbolchining transferi bo'yicha ishlar tugallanadi.
Qayd etilishicha, kievliklar ushbu futbolchining mavsum so'ngiga qadar ijara asosida o'zlarida qoldirilishini so'rashgan. Jamoa ЕChLga yo'llanma ola bilsa, Yarmolenkoning xizmatlaridan foydalanmoqchi.
Ma'lumot uchun, Yarmolenkoning "Dinamo" bilan shartnomasi 2016 yilning yoziga qadar tuzilgan, uning transfer summasi 24,5 mln evro sifatida belgilangan.
Biroz oldinroq, futbolchi "Arsenal"dan bo'lgan taklifni rad etgan, "Barselona"da o'ynash orzusida ekanini aytgandi.
25 avgust kuni "Barselona" Yarmolenkoni Pedroga o'rinbosar sifatida xarid qilishni rejalashtirgani haqida xabarlar tarqalgandi.