У нас есть только
оригинальные песни

Baxmallik qahramon. Xizmat vazifasini ado etayotganida halok bo‘lgan askar Qutlug‘jon Rahmonov xotirasi yodga olindi

calendar 10.05.2018
1087

“Xalq so‘zi” gazetasida o‘z xizmat burchini ado etayotgan paytda qahramonlarcha halok bo‘lgan askar Qutlug‘jon Rahmonov xotirasiga bag‘ishlangan maqola chop etildi. Quyida maqola to‘liqligicha e’tiboringizga havola etiladi.

Qutlug‘jon Rahmonov 1984-yili 19-sentabrda Jizzax viloyatining Baxmal tumani O‘smat shaharchasida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. 2001-yilda Baxmal tumanidagi 3-umumta’lim maktabini bitirgach, 2002-yilda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan. 2004-yildan DXX chegara qo‘shinlari safida shartnoma asosida xizmatni davom ettirgan.

2008-yilning 13-noyabr kuni Qirg‘iziston bilan chegara hududini buzib o‘tishga harakat qilgan bir guruh jinoyatchilarga qarshi kurashda halok bo‘lgan.

Davlat chegarasi daxlsizligini, Vatan xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha jangovar vazifani bajarishda ko‘rsatgan mardligi, fidoyiligi uchun oddiy askar Q. Rahmonov vafotidan so‘ng O‘zbekiston Prezidentining 2009-yil 12-yanvardagi farmoniga ko‘ra “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.

Baxmal tumani nafaqat o‘zining so‘lim tabiati, ayni chog‘da mag‘rur va samimiy odamlari bilan ham tilga tushgan. Qutlug‘jonning bolaligi Oyqor tog‘i etagida joylashgan xushmanzara Kaltatoy qishlog‘ida kechdi. Ulg‘aygani sayin uning qalbida tog‘liklarga xos kurashuvchanlik, mag‘rurlik va vatanparvarlik tuyg‘ulari yuksalib bordi. Bolaligidan ota-onasi, opa-ukalari, do‘stlariga mehribonligi uning kelajakda o‘z Vataniga sodiq o‘g‘lon bo‘lib voyaga yetishini anglatib turardi.

Mamlakat mustaqillikka erishgan 1991-yilda 1-sinfga borgan damlaridanoq yurt mehrini yuragiga joylagan Qutlug‘jon haqida sinf rahbari Turdimurod Beknazarov quyidagilarni hikoya qiladi:

–​ Qutlug‘jon barcha fanlardan a’lo baholarga o‘qib, tengdoshlariga namuna bo‘lar edi. Men o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha “Kim bo‘lsam ekan?”, “Men sevgan kasb”, “Mening orzum” kabi mavzularda suhbatlar o‘tkazardim, insholar yozdirardim. Qutlug‘jonning yozganlaridan, fikr-o‘ylaridan yurtni sevish, burchga mas’uliyat bilan yondashish hissini ilg‘ash mumkin edi. Yurtimizda xalqining tinchligi uchun o‘z jonini fido qilishga tayyor bo‘lgan mard va jasur o‘g‘lonlar bor ekan, dushmanlar sarhadlarimizni buzib o‘tolmaydi. Qutlug‘jonning jasoratini yoshlarimizga hamisha namuna qilib ko‘rsataman.

2008-yil 13-noyabrdan 14-noyabrga o‘tar kechasi Farg‘ona tumani Sattorobod aholi punktida reyd tadbirlari bo‘lib o‘tayotgan paytda Qirg‘iziston tomondan bir guruh odamlar mamlakatga noqonuniy yo‘l bilan o‘tishga urinayotgani ma’lum bo‘ladi. Oddiy askar Qutlug‘jon Rahmonov jinoyatchilarning mamlakatimizga o‘tib yashirinish niyatida ekanini payqagach, chegara naryadi oldiga qo‘yilgan jangovar xizmat vazifalarini bajarishga kirishadi. Chegarani buzib o‘tishga uringan shaxslarning avtotransport vositasini to‘xtatish rejasini ishlab chiqadi.

Nima qilib bo‘lsa ham chegaradan o‘tib yashirinishga harakat qilayotgan jinoyatchilar avtomashinani ularning yo‘lini to‘sgan Qutlug‘jon Rahmonovga qarata haydaydi. Qutlug‘jon so‘nggi daqiqagacha ularni to‘xtatib qolishga urinadi, qarshilik qiladi. Lekin olingan og‘ir jarohat o‘z ta’sirini ko‘rsata boshlaydi. Shifokorlarning tezkorlik bilan ko‘rsatgan tibbiy yordamiga qaramasdan, uning hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lmadi...

O‘z yaqinlarimizni yo‘qotish barchamiz uchun qayg‘uli. Lekin bor mehrini berib, tunni beshik tebratib tongga ulagan ona uchun farzandidan ayrilish qanchalik azob ekanini tasavvur etishning o‘zi naqadar og‘ir.

– O‘g‘limga bergan oq sutimdan roziman, – deydi onasi Shoiraoy Rahmonova. – U juda mehribon, kamtar yigit edi. O‘g‘lim har doim “Onajon davlatimiz bizga qanchalik g‘amxo‘rlik ko‘rsatyapti, shuning uchun biz aziz yurtimiz uchun, kerak bo‘lsa, jonimizni bersak arziydi. Onajon, siz mendan xavotir olmang, o‘zingizni ehtiyot qiling”, derdi. Farzandim xalqimizga, jonajon Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qildi, tinchligimizni himoya qilish uchun jonini fido etdi. Qutlug‘jonimning oxirati obod bo‘lsin.

– Harbiy bo‘lish oson emas, – deydi otasi Abdumannon Rahmonov. – O‘g‘lim harbiylik sohasini tanlaganida, gapning ochig‘i, quvondim, qalbim g‘ururga to‘lib, faxrlandim. Negaki, Vatan himoyachisi oilasini, xalqini himoya qiladi. Qutlug‘jonning chegarachi bo‘lishiga qarshilik qilmasdan, onasi bilan birgalikda oq fotiha berganmiz, yuzing hamisha yorug‘ bo‘lsin, deb tilak bildirganmiz.

Q. Rahmonov harbiy xizmat davrida ota-onasining ishonchi va Harbiy qasamyodiga sodiq qoldi. U Vatan sarhadlarini qo‘riqlash jarayonida jinoiy guruhlar tomonidan katta miqdordagi moddiy tovar buyumlari olib o‘tilishiga chek qo‘ydi, ko‘pgina chegara buzilishi bilan bog‘liq jinoiy harakatlarni bartaraf etdi. Birgina 2008 yilda o‘z xizmat vazifasini bajarish chog‘ida 18 holat bo‘yicha 8 nafar chegara buzuvchisini qo‘lga oldi. 25 million so‘mdan ortiq moddiy tovar buyumlari, 12 dona Nexia, 4 dona Ford rusumli avtomashina to‘xtatib qolindi.

Chegarachi oddiy askar Q. Rahmonov xotirasini abadiylashtirish maqsadida u tug‘ilib o‘sgan mahallaga “Qutlug‘obod” deb nom berildi.

– Qutlug‘jon har doim ozoda, ko‘rkam bo‘lib yurardi, – deydi mahalladoshi Bahodir Beknazarov. – Hashar va to‘y-marakalarda faol qatnashardi. Tumanimizdagi “Xalq ijodiyoti va tarixi” muzeyida Q. Rahmonovga tegishli 18 ta eksponat bor. Har yili muzeyga minglab yurtdoshlarimiz, xususan, o‘quvchi yoshlar va harbiy qism xizmatchilari keladi.

Qutlug‘jon Rahmonov kabi Vatan himoyachilari, yurt sarhadlari daxlsizligi va xalq tinchligini ta’minlash yo‘lida xizmat burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan mard o‘g‘lonlarning yorqin xotirasi qalbimizda mangu yashaydi.

Яндекс.Метрика