У нас есть только
оригинальные песни

Birinchi biznesingizni halokatga olib boruvchi 6 ta xato

calendar 01.08.2017
1783

Dohiyona g‘oya omadning yuz foizli kafolati deb o‘ylash noto‘g‘ri. InsiderPro nashri birinchi kompaniyani yaratishda xonavayron bo‘lmaslik sirlari bilan bo‘lishadi.

Muvaffaqiyatli startapni yo‘lga qo‘yish — oson ish emas.

Mashhur tadbirkorlarning hammasi ham bir martadan daromadli kompaniyani yaratishga erisha olmagan. Yosh biznesmenlar tadbirkorlik yo‘lining boshida yo‘l qo‘yadigan xatolar omadsizlikka sabab bo‘lgan.

O‘z ishingizni ocha turib, ertami-kechmi 90 foizdan ortiq startaplar muvaffaqiyatsizlikka uchrashini hisobga olish, shuning uchun biznesni rivojlantirish strategiyasini oldindan sinchkovlik bilan o‘ylab chiqish lozim. Ayniqsa birinchi kompaniyasini yaratayotgan odamlar yo‘l qo‘yadigan xatolarni yodda tutish muhim. Quyida ulardan eng ko‘p uchraydigan oltitasini keltirib o‘tamiz.

  1. Biznes asosiy g‘oyasini sir tutish

Ko‘pchilik boshlovchi tadbirkorlar muvaffaqiyatli startapni yaratish inqilobiy g‘oyani kashf etish tufayli yuzaga kelib, qolgan narsalar go‘yoki o‘z-o‘zidan amalga oshadi, millionlab dollar daryodek oqib keladi degan fikrda bo‘ladi. Bunday o‘y-xayollar oqibatida ular o‘z g‘oyalarini barchadan sir tutib, ularni o‘g‘irlanishidan xavotirlanadi.

Biroq yangi kompaniya asoschisi uchun g‘oyasini sir tutish — juda yomon fikr. Nega deysizmi?

G‘oyalarni albatta boshqa tadbirkorlar bilan bo‘lishish lozim — bu orqali o‘z ishini bozorga olib chiqqan va daromadli biznes yaratishga erishgan kishilarning ehtimoliy yordamidan foydalanish mumkin.

Haddan ortiq maxfiylikning ortiqcha ekanligining yana bir sababi — ko‘pchilik muvaffaqiyatli startaplar rivojlana borishi bilan dastlabki g‘oyadan ancha uzoqlashib ketadi. Bunga Facebook (NASDAQ: FB), Instagram, PayPal, Shopify, Twitter (NYSE: TWTR) va YouTube’ni misol keltirish mumkin.

  1. Pul oqimi ahamiyatini munosib baholamaslik

Startaplarning uchdan bir qismga yaqini pullar tugab qolishi tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Bu xonavayron bo‘lishning eng ommabop sabablari ro‘yxatida chiqarilayotgan mahsulotga talab bo‘lmasligidan keyingi o‘rinda turadi.

Shu tariqa gullab-yashnaydigan kompaniya yaratishni istasangiz, asosiy iqtisodiy tamoyillarni yaxshi bilishingiz, jumladan, “pul oqimi” nima ekanligini bilishingiz lozim.

Investopedia portalining ma’lum qilishicha, “pul oqimi — bu bisnesdan kelayotgan va chiqib ketayotgan pul mablag‘lari va ularning ekvivalentlarining sof summasi”dir.

Ijobiy pul oqimi biznes xarajatlardan ko‘proq daromad keltirayotganligini anglatadi. Salbiy pul oqimi esa, o‘z navbatida, biznes sarflangan puldan kamroq mablag‘ keltirayotganligi, ya’ni pullar yo‘qolayotganligidan dalolat beradi.

Biroq endi ish boshlagan tadbirkorlar ko‘pincha pul oqimi dinamikasini noto‘g‘ri tushunadi va ularni boshqara olmaydi.

Reallik shundayki, startap birinchi kundan boshlab “mablag‘larni yondira” boshlaydi, ya’ni har bir soniya siz uchun ma’lum bir mablag‘ga tushadi. Ba’zan shunday vaziyat yuzaga kelishi mumkinki, sizning tez sur’atda rivojlanayotgan biznesingiz salbiy pul oqimini keltirib chiqarishi mumkin. Bunga quyidagi omillar sabab bo‘ladi:

– Siz mahsulot savdosini boshladingiz;

– Mijozlar bazangiz tez o‘sib bormoqda;

– Uzoq muddatli kelajakda mahsulotingizga bo‘lgan talab ommalashishini kutayapsiz.

Yomon emas, biroq:

– Dastlabki muvaffaqiyatlarga erishish uchun katta kreditlar olgansiz;

– Oylik xarajatlaringiz (misol uchun, bino ijarasi va xodimlar oyligi) olayotgan foydangiz hajmidan ortiq.

Biznes sarf-xarajatdan ko‘p foyda keltirmasa, pullar tugaydi va yopilishga to‘g‘ri keladi.

  1. “Barcha uchun” mo‘ljallangan mahsulot yaratishga urinish

Biznesga yangi kirib kelganlar muvaffaqiyatli korxonani faqat ommabop mahsulot orqali yaratish mumkin deb o‘ylab yanglishadi. Ular allaqanday yangilik yaratishga intilib, konsepsiyani cheksiz o‘zgartirib, barcha imkoni bor funksiyalarni amalga oshirishga urinib ko‘radi.

Bunday yondashuv — katta xato.

Masalan, yosh tadbirkor Facebook’dan o‘zib ketadigan ijtimoiy tarmoqni yaratishga urinar ekan, u Mark Sukerberg va uning hamkasblari ommaviy bozorni zabt etishni ko‘zlamaganligi, aksincha bu Amerikaning nufuzli universitetlari talabalarining hamjamiyati bo‘lganligini unutib qo‘yadi.

Startap asoschisi butun bozorni birdaniga egallashga urinmasdan, auditoriyaning torroq segmentini tanlagani ma’qul.

Cheklangan auditoriya va ommaviy bozor o‘rtasidagi jarlikni yengib o‘tish uchun quyidagilarga ahamiyat qaratish lozim:

–  Mahsulotdagi xatolarni to‘g‘rilash;

–  Dastlabki foydalanuvchilar ta’kidlayotgan muammolarga e’tibor qaratish;

–  O‘z qaroringizni shu zahoti sotishga urinmasdan, brendni sekin-asta barpo etish.

Apple, Google va Facebook aynan shunday yo‘l tutgan.

  1. Maqsadni yo‘qotish

Ko‘pchilik muvaffaqiyatsiz startaplarning bitta umumiy jihati bor: ularning yaratuvchilari cheksiz imkoniyatlar oldida o‘zini yo‘qotib qo‘yadi.

Y Combinator venchur fondi hamasoschisi Pol Grem barcha e’tiborni o‘z vazifasiga qaratish har qanday startap uchun muhim vazifa ekanligini ta’kidlaydi.

Yangi kompaniya asoschisi barcha resurslarni eng muhim narsalar, ya’ni bozor va mijozlarini o‘rganish, mahsulotning birinchi ishchi versiyasini yaratish, uning o‘sishi va ko‘lamdorligiga qaratishi lozim.

Bu masalada Stiv Jobsdan o‘rnak olish mumkin.

Nega dunyodagi eng yirik kompaniya faqat uchta mahsulot — ya’ni iPhone, iPad va Mac/Macbook sotadi? (To‘g‘ri oxirgi yillarda Apple assortimentini kengaytirdi, biroq tamoyil o‘zgarishsiz qolmoqda.)

Stiv Jobs kompaniyaga qaytganda, kompaniya ko‘p narsalar: printerlar, o‘yin konsollari kabilarni sotgan. Jobs mazkur loyihalarning barchasini yopib, butun e’tiborni bitta noutbuk va bitta shaxsiy kompyuterga qaratdi.

Uning maqsadi — ularni ideal mahsulotga aylantirish edi. Apple sotuv hajmiga qarab, u maqsadiga erishganligi haqida xulosa chiqarish mumkin.

  1. Muvaffaqiyatsizliklardan cho‘chish

Eriks Risning “ehtiyotkor startap” metodologiyasi paydo bo‘lgandan so‘ng u Kremniy vodiysida tez tarqalib ketdi.

Ko‘pchilik uni biror narsa qo‘lingizdan kelmasa, o‘sha ishni tashlashga undaydi deb yuzaki talqin qiladi. Aslida esa uning ortida butunlay boshqa falsafa turadi.

Muvaffaqiyatsizlik barchasini tashlash va kompaniyani yopish uchun sabab emas.

Butunlay boshqacha fikr yuritish lozim: agar tadbirkor sifatida ba’zi chetlab o‘tish imkonsiz bo‘lgan xatolarni sodir etishingiz (va ularni to‘g‘rilashingiz) kerak bo‘lsa, ularni tezroq amalga oshiring.

Muvaffaqiyatsizliklardan qo‘rqishning yana bir ko‘rinishi — bu perfeksionizm.

Ko‘pincha boshlovchi tadbirkorlar tashrif qog‘ozlari, logotiplar, yozuvlar va biznes-rejalarni qayta ko‘rib chiqish, mahsulotlarini o‘zgartirishga juda ko‘p vaqt sarflab, (ongli yoki ongsiz ravishda) mahsulotni real chiqarish va bozorning unga nisbatan javobini olishni ortga suradi.

  1. Nomunosib hamkorlarni tanlash va so‘zda kelishish

Startaplar ko‘pincha asoschilari kelishmovchiliklari tufayli omadsizlikka yuz tutadi. Pol Grem muvaffaqiyatli biznes uchun uning asoschilari o‘rtasidagi yaxshi munosabat muhim ekanligini ta’kidlaydi.

Startaplar ko‘pincha do‘stlar yoki hamkasblar tomonidan yaratilishi tufayli ko‘pchilik holatlarda endi ish boshlayotgan tadbirkorlar rasmiy kelishuv va shartnomalarni imzolashga alohida e’tibor qaratmaydi.

Deylik, siz do‘stingiz bilan kompaniya tashkil etasiz va barcha foydani ikkiga bo‘lishishga norasman kelishib olasiz. Biroq bir yildan so‘ng ikkingizdan biringiz biznesni tark etasiz, qolgan odam esa tashkilotni gullab-yashnagan korxonaga aylantiradi. Kompaniyani tark etgan hamkor ham barcha daromadning yarmini oladimi? Bu savolga kelishuvsiz javob topishning imkoni bormi?

Hamkorlar o‘rtasidagi munosabatlarni rasmiylashtirish ularga kompaniyadagi ulushini aniq va adolatli taqsimlash, kompaniyani yopishga to‘g‘ri kelsa, vaziyatni madaniyatli hal qilish imkonini beradi.

Яндекс.Метрика