У нас есть только
оригинальные песни

Boburiylarning “Farmoni oliy”lariga bosiladigan muhrlar tarixi

calendar 25.03.2018
876

Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Boburiylar davrida podshoh buyruqlari maxsus farmonlarda qayd etilib, “Farmoni oliy” deb atalgan. Farmonlarlarga qo'yiladigan muhrlar 5 xil bo'lib, turli maqsadlarda foydalanilar edi. Ulardan birinchisi amir va beklarga hamda arkoni davlatga unvonlar berish, lavozimlarga tayinlash, mukofotlash haqidagi hujjatlarga qo'yilgan. Ikkinchisi esa xorijiy davlatlar rahbarlariga yozilgan xatlar va boshqa diplomatik hujjatlarga qo'yilgan. Uchinchi muhr adliya ishlari borasidagi hujjatlarga bosilgan bo'lsa, to'rtinchisi saroy ma`muriyati bo'limlariga tegishli hujjatlarga va oxirgisi unchalik muhim bo'lmagan hujjatlarga qo'yilgan ekan.

Shu o'rinda aytish kerak-ki, yana bir o'ta maxfiy sanalgan muhr ham bo'lib, u uzuk muhr deyilgan. U eng ishonchli shaxslarda saqlangan. Ayrim shohlarning bu muhri ularning suyukli malikasida bo'lgan. O'ta muhim farmonlar matnining oxirida mana shu muhr bosilgan ekan.

Manbalarda zikr etilishicha, Boburiylar davrida har hafta juma namozidan so'ng (ayrim manbalarda esa chorshanba kuni deyilgan) podshoh adliya ishlari bilan shug'ullanib, xalq bilan muloqot qilar, ya`ni shikoyat va arzlarni eshitgan ekan. Bu marosimda jabrlanuvchilar saroy dorug'asi hamrohligida podshoh oldida o'z arzini bayon qilish imkoniyatiga ega bo'lar, ularning shikoyatini podshoh ko'rib chiqib, odilona hukm chiqarar ekan.

Mashhur Hind tarixnavisi Shri Ram Sharmaning yozishicha, “Boburiylar Hindistonga fotih sifatida kelgan bo'lsalar ham, ular qo'l ostidagi mahalliy hindlarning hurmatini qozona olganlar va ularga ma`qul bo'lgan an`ana va udumlarni yo'lga qo'ydilar. Har kuni ertalab podshohning  “Jarohai darshon” marosimida fuqaro oldida ko'rinish berishi (salomga chiqishi), arzdorlarning podshoh qabuliga shikoyat bilan kira olish imkoniyatiga ega bo'lishi, ma`muriy idoralar rahbarlari bajarishi lozim bo'lgan vazifalarning aniq va ravshan belgilab berilishi, mansabdor shaxsning o'z vazifasini qay darajada halol bajarayotganini ommaviy tarzda nazorat qilib turilishi, hokimi mutlaq bo'lmish podshohning mamlakatni boshqarishdagi adolatli ishlaridir, deb qarash kerak”.

Яндекс.Метрика