У нас есть только
оригинальные песни

Bu yil maktablarda «So'nggi qo'ng'iroq» bo'lmaydi

calendar 23.05.2018
3027

Joriy yilda O'zbekistondagi maktablarda «So'nggi qo'ng'iroq» tadbirlari o'tkazilmaydi. 25 may kuni respublikadagi barcha umumta`lim maktablarida «Dunyoda eng katta boylik-yoshlikda olingan bilim va egallangan kasb-hunardir» g'oyasi ostida o'quv yili yakunlariga bag'ishlangan tantanali saflanish tadbirlari bo'lib o'tadi.

Joriy yilda respublikadagi 9628ta umumta`lim maktablarining 475 276 nafar 9-sinf bitiruvchilari 11 yillik ta`lim tizimining 10-sinfiga va akademik litseylarning birinchi bosqichiga qamrab olinadi.

2017-2018 o'quv yilining yakuniga bag'ishlangan tadbirlar «Qadrdon maktabimiz bag'rida o'qib-o'rganish, doimo izlanish, yangilikka, taraqqiyot cho'qqilarini egallashga intilib yashaymiz!» shiori ostida o'tkaziladi.

Tadbirlar joriy yilning 25 may kuni respublikaning barcha maktablarida ertalab soat 08:30da boshlanadi va soat 10:00da yakunlanadi.

«Tadbirning asosiy g'oyasi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Dunyoda eng katta boylik-yoshlikda olingan bilim va egallangan kasb-hunardir» degan iborasining mazmun-mohiyatini o'quvchi-yoshlarga yetkazish, yoshlar ongida vatanga muhabbat, keksa avlod vakillariga hurmat, tinchlik va osoyishtalikka daxldorlik tuyg'ularini kuchaytirishga qaratiladi», deyiladi Xalq ta`limi vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Tadbirlarda 2017-2018 o'quv yilini yakunlash, kelgusi o'quv yilidan boshlang'ich sinflarda haftasiga 5 kunlik o'qish tizimiga to'liq o'tilishi to'g'risida ota-onalar, mahalla va keng jamoatchilikka yetkazish, 11 yillik umumiy o'rta ta`lim tizimining mazmun-mohiyatini o'quvchi yoshlarga tushuntirish, ushbu ta`lim tizimi jarayonida o'quvchilarning turli kasb egalari bo'lish imkoniyatlari haqida batafsil ma`lumot berishga e`tibor qaratiladi.

Tadbirlarda o'quv yili davomida respublika va xalqaro fan olimpiadalari, musiqa tanlovlari va sport musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan, bilimlar bellashuvi, innovatsion olimpiada va «Umid nihollari»da faol qatnashgan o'quchilar, a`lo baholarga o'qigan, namunali xulqqa ega bo'lgan, bosqichli nazorat imtihonlaridan ozod bo'lgan yoshlar faxriy va maqtov yorliqlari bilan taqdirlanadi.

Yozgi ta`til kunlarida o'quvchilarning bo'sh vaqtlarini to'g'ri va mazmunli tashkil qilish maqsadida ularni ijodiy va sport to'garaklari hamda dam olish oromgohlariga jalb etish; ta`til davrida o'quvchilar badiiy adabiyotlarni keng mutolaa qilishlarini tizimli tashkil etish, bu borada mavjud kutubxonalar imkoniyatlardan unumli foydalanish; ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar doirasida mamlakatimizning diqqatga sazovor joylariga oilaviy sayohatlar va dam olishlarini tashkil etish; yoz mavsumida suv havzalarida cho'milish, yo'l harakati qoidalariga qat`iy amal qilish, yovvoyi va uy hayvonlari bilan muomalada ehtiyotkor bo'lish yuzasidan tushunchalar beriladi.

O'tkaziladigan tadbirlarda maktab va o'quvchi-yoshlar hayotiga mos bo'lmagan ortiqcha dabdababozlikni cheklash masalalariga alohida e`tibor qaratiladi.

Eslatib o'tamiz, o'tgan yil yozida mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 yillik ta`limni qaytarishni taklif qilgan, tez orada maktablarda 10-sinflar ochilgandi. Natijada, bu o'quv yilida maktab bitiruvchilari yo'q.

Яндекс.Метрика