У нас есть только
оригинальные песни

Bugun final. Ringda «eski tanishlar», «noqulay» va «yangi» raqiblar jangi

calendar 01.09.2018
939

Bugun, 1 sentabr kuni Osiyo o'yinlarida boks bo'yicha musobaqalar finali o'tkaziladi.

Boks bo'yicha bahslar 7ta vazn toifasida tashkil etilgan va O'zbekistonning turnirga tashrif buyurgan 7 nafar vakili ham finalga chiqqan. Finalda Qozog'iston va Mo'g'ulistondan 2, Hindiston, Filippin va KXDRdan bir nafardan vakil bo'ladi.

-49 kg vazn toifasi

Bugungi janglarni Rio Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do'smatov boshlab beraddi. U eski tanishi, hindistonlik Amitga qarshi ringga chiqadi. Hasanboy bu 22 yoshli bokschi bilan bir necha bor to'qnash kelgan, 2017 yili Hamburgda o'tkazilgan jahon chempionatida chorak finaldagi o'zaro jangdan keyin ham uni o'zi uchun «noqulay raqib» sifatida atagandi. Bu ikki bokschi 2017 yili Toshkentda o'tkazilgan Osiyo chempionatida ham o'zaro jang qilgan va o'zbekistonlik sportchi qiyinchilik bilan g'alaba qozongandi.

Amit 2017 yilgi Toshkentdagi chempionatda bronza medal olgan bo'lsa, 2017 yilgi jahon chempionatida beshinchi o'rin bilan kifoyalangan. Shu bilan birgalikda u o'z faoliyatida davomida bir qancha natijalarga erishgan. Xususan, 2017 yili Chexiyadagi xalqaro turnirda va 2018 yili Bolgariyadagi xotira turnirida g'olib bo'lgan. 2018 yil Avstriyada o'tkazilgan Hamdo'stlik o'yinlarida kumush medal bilan taqdirlangan.

Hasanboy Do'smatov finalga qadar laoslik Kampuvan Xamsatxoneni (5:0), qirg'izistonlik Mirlan Turkbay uluni (5:0) va xitoylik Vu Jonglinni (5:0) yengdi.

Amit esa ilk jangda mo'g'ulistonlik Xarku Enkmandaxni taslim etgan (5:0), chorak finalda shimoliy koreyalik Kim Jang Ryong to'sig'idan o'tgan (5:0), yarim finalda filippinlik kuchli bokschi Karlo Palamni mag'lub etgan (3:2).

-52 kg vazn toifasi

Jasurbek Latipovning finaldagi raqibi filippinlik Ladon Rogen. Ayni vaqtda 24 yoshda bo'lgan Rogen faoliyatini 2009 yilda -49 kg vazn toifasida boshlagan. U 2015 yili Osiyo boks konfederatsiyasi tomonidan yil kashfiyoti deb topilgan. U 2016 yilgi Rio Olimpiadasi ishtirokchisi hisoblanadi. Ladon Rogen 2013 yili Omanda o'tkazilgan Osiyo chempionatida beshinchi, 2015 yili Dohada o'tkazilgan jahon chempionatida uchinchi o'rinni olgan, 2015 yili Bangkokda o'tkazilgan Osiyo chempionatida kumush medal, 2017 yili Toshkentda o'tkazilgan Osiyo chempionatida  bronza medal bilan taqdirlangan. Rogen 2018 yildan -52 kg vazn toifasidagi bahslarda ishtirok eta boshladi.

Jasur Latipov finalga qadar xitoylik Hu Jiangguani 3:2 hisobida, indoneziyalik Suguro Aldomsni 4:1 hisobida va qirg'izistonlik Azat Usenaliyevni 4:1 hisobida mag'lub etdi.

Rogen esa ilk raqibi nepallik Chudxari Premdan 5:0 hisobida ustun kelgan, chorak finalda qozog'istonlik Azat Maxmetovni 3:2 hisobida yenggan, yarim finalda tailandlik Tongdeye Yuttapongni 5:0 hisobida taslim etgan.

-56 kg vazn toifasi

Mirzaxalilovning finaldagi raqibi shimoliy koreyalik Jo Xyo Nam bo'ladi. Bu raqib haqida internetda ma`lumotlar mavjud emas.

Mirzaxalilov nimchorak finalda iordaniyalik Alvadi Muhammad to'sig'idan o'tdi (5:0), chorak finalda esa mo'g'ulistonlik Xarku En-Amarga qarshi kechgan o'ta qiyin bahsda g'alaba qozondi (3:2), final ostonasida indoneziyalik Amoragam Sunan Agungga imkoniyat qoldirmadi (5:0).

Jo Xyo Nam esa nimchorakda turkmanistonlik Yoqub Meredovni (5:0), chorak finalda tailandlik 2015 yilgi Osiyo chempionati g'olibi Butdi Chatchayni (4:0) yengdi, yarim finaldan esa u jangsiz o'tdi, uning raqibi, xitoylik Xu Boxiang ringga chiqishdan bosh tortdi.

-60 kg vazn toifasi

Shunqor Abdurasulov finalda oltin medal uchun mo'g'ulistonlik Erdenebet Tsendbatarga qarshi ringga ko'tariladi. Tsendbatar Rio Olimpiadasida -56 kg vazn toifasida ishtirok etib, beshinchi bo'lgan. U shuningdek, 2015 yili Palembangda o'tkazilgan Indoneziya prezidenti kubogida, 2016 yili Chexiya va Germaniyada o'tkazilgan xalqaro turnirlarda g'olib chiqqan.

Abdurasulov Osiyo o'yinlaridagi ilk jangida filippinlik Jyeyms Palistedan ustun kelgan (5:0), chorak finalda qirg'izistonlik Argen Kadirbek uluni qiyinchilik bilan mag'lub etgan (3:2), yarim finalda tailandlik Juntrong Rujakranni taslim etgan (5:0).

Mo'g'ulistonlik bokschi esa ishtirokini nimchorak finalda boshlab, ilk jangda iroqlik Jabbar Xasan Karbalaini 5:0 hisobida mag'lub etgan, chorak finalda turkmanistonlik Xursand Imankuliyevni 5:0 hisobida yenggan, yarim finalda Xitoy vakili Shan Jundan 5:0 hisobida ustun kelgan.

-64 kg vazn toifasi

Iqboljon Xoldorovning ham finaldagi raqibi mo'g'ulistonlik bokschi bo'ladi. Ayni vaqtda 26 yoshda bo'lgan Chinzorig Batarsuk Iqboljon Xoldorovga yaxshi tanish. Ular 2017 yili Toshkentda o'tkazilgan Osiyo chempionati finalida o'zaro ringga chiqishgan, o'sha jang o'zbekistonlik bokschi g'alabasi bilan yakunlangan.

Chinzorig faoliyatini 2005 yilda boshlagan. U Rio Olimpiadasi ishtirokchisi hisoblanadi. U 2015 yili Germaniyada va Vengriyada o'tkazilgan xalqaro turnirlarda, shuningdek, 2018 yili Tailandda o'tkazilgan xalqaro turnirda g'olib bo'lgan. 

Iqboljon Xoldorov nimchorak finalda 2013 yilgi Osiyo o'yinlari kumush medali sohibi, iordaniyalik Obada Alkasbehga imkoniyat qoldirmadi (5:0), chorak finalda janubiy koreyalik Lim Hyunsuk ustidan g'alaba qozondi (4:0), yarim finalda yaponiyalik Daysuki Narimatsudan ustun keldi (5:0).

Chinzorig esa dastlabki jangida shimoliy koreyalik Ri Kon Tayni 5:0 hisobida yengdi, chorak finalda hindistonlik Dirajni taslim etdi (5:0), yarim finalda 2015 yilgi Osiyo chempionati g'olibi Masuk Vuttichayni yengdi (3:2).

-69 kg vazn toifasi

Bobousmon Baturov finalda Qozog'iston vakili Aslanbek Shimbergenov bilan jang qiladi.

Ayni vaqtda 24 yoshda bo'lgan Shimbergenov 2016 va 2017 yillarda Osiyoning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan. U 2018 yili Varshavada va Debretsenda o'tkazilgan xalqaro turnirlar g'olibi bo'lgan.

Bobousmon Baturov turnirdagi ishtirokini saralashdan boshladi va ilk jangda mo'g'ulistonlik Otgonbatar Byamba-Erdenni taslim etdi (5:0). U nimchorak final jangini xitoylik Maymaytitu Kiongga qarshi o'tkazib, 4:1 hisobidagi g'alabaga erishdi, chorak finalda esa Janubiy Koreya vakili Lim Hyunchulni 5:0 hisobida mag'lub etdi. U final ostonasida tailandlik Saylom Adi bilan jang qilib, 5:0 hisobida g'alaba qozondi.

Shimbergenov ham ishtirokini saralash bosqichidan boshladi. U ilk jangda indoneziyalik Saroxatua Lumbantobingni mag'lub etdi (5:0), nimchorak finalda pokistonlik Zayb Gulni taslim etdi (5:0), chorak finalda esa qirg'izistonlik Abduraxman Abduraxmanov turnirdan chiqarib yuborildi (5:0). U yarim finalda Iordaniya vakili Ishash Ziyoddan ustun keldi (5:0).

-75 kg vazn toifasi

O'zbekiston delegatsiyasi bayroqdori Isroil Madrimov oltin medal uchun Qozog'iston vakili Amankul Abilxanga qarshi ringga ko'tariladi. 

Abilxan Amankul 2017 yili Toshkentda o'tkazilgan Osiyo chempionatida yarim finalda Isroil Madrimov bilan to'qnash kelgan va yutqazib qo'yib, bronza bilan kifoyalangandi.

Ammo u o'sha yilning avgustida Hamburgda kechgan jahon chempionatida finalgacha yetib borgan va kumush medal bilan taqdirlangan, Madrimov esa chorak finalda amerikalik Troy Aysliga yutqazgandi.

Abilxan 2017 yili Ostonada o'tkazilgan prezident kubogi va o'sha yili Germaniyaning Halle shahrida o'tkazilgan xalqaro turnirda g'olib chiqqan.

Shuningdek, 2018 yili Qozog'istonda o'tkazilgan prezident kubogi yarim finalida bu ikki bokschi o'zaro to'qnashgan, jang o'zbekistonlik bokschi ustunligida kechgan bo'lsada, hakamlar g'alabani mezbon sportchiga berishgandi.

Madrimov Osiyo o'yinlarida ilk jangida mo'g'ulistonlik Davasuren Davaanyamni mag'lub etgan (5:0), chorak finalda eronlik Sayidshahin Musaviy ustidan ishonchli g'alabaga erishgan (5:0), yarim finalda filippinlik Marsiyal Feliksga qarshi og'ir jang o'tkazib, 3:2 hisobida g'alaba qozongan.

Abilxan esa nimchorak finalda tailandlik Kankokkreua Apisitni mag'lub etgan (5:0), chorak finalda Xitoy Taypey vakili Kan Chiaveydan ustun kelgan (5:0). Yarim finalda u hindistonlik Vikash Krishanga qarshi jang o'tkazishi kerak edi, ammo hindistonlik bokschi jarohati tufayli ringga chiqa olmadi va Abilxan to'g'ridan-to'g'ri finalga yo'l oldi.

Ayni vaqtda O'zbekiston delegatsiyasi 15ta oltin, 21ta kumush va 25ta bronza olgan holda yettinchi o'rinda joylashib turibdi. Agar bugungi boks bahslarida kamida 5ta oltin qo'lga kiritilsa, O'zbekiston umumiy reytingda Xitoy Taypey va Eronni quvib o'tib, beshinchi o'ringa joylashishi mumkin.

 

Яндекс.Метрика