У нас есть только
оригинальные песни

Bugun xitoyliklar Yangi yilni katta tantanalar bilan kutib oladilar

calendar 28.01.2017
1547

Xitoy, Tayvan, Hongkong va Makaoda millionlab xitoyliklar 28 yanvarda o'zlarining sevimli bayramlari Chuntsze – Bahor bayramini kutib oladilar. Dunyodagi eng ko'p sonli millatning vakillari qayerda yashamasinlar, o'zlarining an`anaviy yangi yil bayramlarini bir xilda boy dasturxon atrofida kutib oladilar. Bu dasturxon oila farovonligi va urug' birlashuvini anglatadi. 2017 yil oy taqvimiga ko'ra Xo'roz yilidir.

Bayram arafasida Xitoy raisi Si Tszinpin hamyurtlarini o'z do'stlari va oilalarini sevish, yuqori ma`naviy sifatlarni ko'rsatish, vatan ravnaqi uchun astoydil mehnat qilishga chorladi.

"Xitoy xalqi doimo muhabbat va yuqori ma`naviylikni qadrlagan", deb aytdi Xitoy rahbari Pekindagi xalq yig'ilishlari uyida.

"Siz ishingizda qanchalik band bo'lishingizdan qat`i nazar, yaqinlaringiz, do'stlaringiz va suyukli insonlaringizni unutmang", deb aytgan Xitoy rahbari. Uning aytishicha, "muhabbatda ikkiyuzlamachilik, o'zini yaxshi ko'rish va shafqatsizlikka o'rin yo'qdir".

Si Tszinpinning aytishicha, xo'roz o'zining quvnoq qichqirig'i bilan baxtli kelajakdan darak beradi. Uning aytishicha, Xitoyda iqtisodiy  o'sish dunyodagi eng yuqorilaridan biri bo'lib qolmoqda, xalq hayoti muntazam yaxshilanmoqda, biroq shunga qaramay "yengni shimarib" yanada astoydilroq mehnat qilish kerak. "Xitoy xalqi nafaqat buyuk orzularni, balki bu orzularni amalga oshirish uchun astoydil mehnat ruhini ko'rsatmoqda", deb aytdi Xitoy raisi.

Xitoyda yangi yil dasturxonida albatta baliq bo'lishi kerak, chunki u to'kin-sochinlik ramzi hisoblanadi ("yuy" xitoychada ham baliq, ham to'kin-sochinlikni bildiradi). Shuningdek, azaldan bu bayramda chuchvara tugish rusum bo'lgan. Chuchvara o'zining shakli bilan kumush yombini eslatadi va uni birgalikda tugish "birga pul topish" deganidir. 

Bayram nafaqat yeb-ichishdan, balki "ajdarho raqsi", "sherlar raqsi" kabi quvnoq o'yinlar va udumlardan iborat. 

Xitoyliklar bir hafta davomida yarmarkalar, savdo markazlari va sayyohlik joylariga tashrif buyuradilar. Millionlab xitoyliklar bayram kunlari xorijga yoki mamlakat bo'ylab sayohatga jo'naydilar. 

Яндекс.Метрика