У нас есть только
оригинальные песни

Butun ishini avtomatlashtirgan dasturchini olti yillik bekorchilikdan so‘nggina fosh qilishdi

calendar 12.06.2016
862

May oxirida Reddit’ning FiletOFish1066 taxallusli foydalanuvchisi Kaliforniyaning muvaffaqiyatli texnologik startaplaridan biridagi ish tarixini so‘zlab berdi: u o‘zining kundalik vazifalarini avtomatlashtirib, ish vaqtida ko‘ngilxushlik qilgan va deyarli ishlamagan, deb yozadi TJournal.

Uning hikoyasiga iyun boshidagina ahamiyat qaratishdi: qilib qo‘ygan ishini e’tirof etgach, redditor o‘z akkauntini o‘chirib tashladi.

2009-yilda kollejni tamomlagach, FiletOFish1066 Kaliforniyadagi unchalik taniqli bo‘lmagan startapga beta-tester bo‘lib ishga kirgan. Dastlabki sakkiz oyni u dasturiy ta’minotlarni sinovdan o‘tkazish jarayonini avtomatlashtirish uchun sarfladi, uning boshlig‘i esa ish natijalarini kamdan-kam tekshirar edi.

Keyingi olti yil davomida yigit ishlamadi, ammo binoyiday maosh oldi.

“Men hazillashmayapman. Har hafta 40 soat davomida men ishga kelib, xonamda League of Legends o‘ynardim, Reddit’da o‘tirardim va xohlagan ishimni qilardim. So‘nggi olti yil ichida, ehtimol 50 soat vaqtimni haqiqiy ishga sarflagandirman. Shunda ham hech kimga farqi yo‘q edi. Testlar muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirilardi”, — deb yozdi FiletOFish1066.

Xodim hech qanday ish bajarmayotganini kompaniya qanday bilib qolgani noma’lum: u IT-xizmat uning ishi nimadan iborat ekanligidan xabar topib, rahbariyatga yetkazgan bo‘lishini taxmin qilmoqda.

FiletOFish1066 ishdan haydaldi, ammo u shu ishidan ikkita ijobiy natija oldi: har kuni ish vaqtida sport zaliga borgani tufayli, ozib, xushqomat bo‘ldi, shuningdek, hisobida 200 ming dollar to‘plandi. Eng katta salbiy natija esa — olti yil dangasalik qilgani tufayli, dasturlashni unutgani bo‘ldi.

Uddaburon yigit hayotini o‘zgartirishga qaror qildi: bir necha oy davomida dasturlashni qayta o‘rganib, so‘ng Facebook yoki Google kabi kompaniyalarga ishga kirishga harakat qilib ko‘rmoqchi.

Яндекс.Метрика