У нас есть только
оригинальные песни

«Buxoro» temir yo'l vokzali binosida qurilish ishlari tugatildi

calendar 08.05.2016
2740

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 26 martdagi qaroriga muvofiq Samarqand-Buxoro temir yo'lini elektrlashtirish va yuqori tezlikdagi yo'lovchi poezdlar harakatini tashkil etish loyihasi bo'yicha ishlar jadal sur'atlarda amalga oshirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 394,54 mln. dollarni tashkil etadi. 

Loyiha doirasida qurilishi ko'zda tutilgan 222 ta sun'iy inshoatdan hozirgi kungacha 213 tasi, ya'ni 90 foizi bajarildi. 
Temir yo'l trassasini elektrlashtirish maqsadida rejalashtirilgan 6 mingdan ortiq temir-beton  tayanchlaridan bugungi kunga qadar 4 ming 850 tasi o'rnatildi. 3 ta elektr ta'minot podstantsiyalarida qurilish ishlari olib borilmoqda. 

Ayni kunda 200 yo'lovchiga mo'ljallangan «Buxoro» temir yo'l vokzali binosida qurilish ishlari tugatilib, pardozlash ishlari davom ettirilmoqda.
“O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati sanoat korxonalarida kontakt tarmog'i elektr tayanch, ularning poydevori hamda sun'iy inshoatlar temir beton konstruktsiyalarini ishlab chiqarish va joylarga etkazib berish rejasi tasdiqlanib amalga oshirilayapti.
Samarqand-Buxoro temir yo'lini elektrlashtirish va yuqori tezlikdagi yo'lovchi poezdlar harakatini tashkil etish O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 25 yilligi arafasida yakunlanib foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. 

Yo'l atrofini o'rash ishlari ham olib borilayapti. Bugungi kunga qadar 45 km masofada ishlar tugatildi. Samarqand-Buxoro temir yo'li bir yo'llik bo'lib, asosiy yo'lning uzunligi 249 kmni tashkil etadi. Shundan Samarqand - Navoiy uchastkasida yangi quriladigan temir yo'l uzunligi – 156,9 km va Navoiy-Buxoro uchastkasi – 92,1 km dan iborat .
Yuqori tezlikdagi poezdlar harakati yo'lga qo'yilgandan so'ng yo'lovchilarni Toshkentdan Buxorogacha  3 soat 30 minutda o'z manziliga etkazib qo'yish imkoniyati yaratiladi. Bundan tashqari Samarqanddan Buxorogacha temir yo'lning o'tkazish imkoniyati 36 foizga oshishi, ekspluatatsiya  xarajatlari 36 foizga kamayishi kutilayapti.
Bugungi kunda, ya'ni loyihani amalga oshirish jarayonida 700 ga yaqin ishchi faoliyat ko'rsatmoqda. Ushbu temir yo'l foydalanishga topshirilgandan so'ng 200 dan ortiq yangi ish o'rni yaratilishi ko'zda tutilgan.

Яндекс.Метрика