У нас есть только
оригинальные песни

Buxorolik Amir Sulton – Yildirim Boyazidning kuyovi

calendar 27.04.2018
1165

O‘zA filologiya fanlari nomzodi Abdumurod Tilavovning buxorolik Amir Sulton haqidagi maqolasini chop etdi. Quyida maqola e’tiboringizga havola etiladi.

Amir Sulton Usmonlilar davrida yashagan, tafsir, hadis, kalom olimi va mutasavvufdir. Ismi Muhammad bin Ali al-Husayniy al-Buxoriy bo‘lib, laqabi Shamsiddindir. Hijriy 770-(milodiy 1368) yilda Buxoroda tug‘ildi. Hijriy 833-(milodiy 1430) yilda Bursada vafot etdi. Qabri Bursadagi uning nomi bilan ataluvchi jome masjidi yonidadir. Sayyid (ya’ni payg‘ambarimiz avlodidan) bo‘lib, nasl-nasabi Hazrati Husaynga borib taqaladi.

Buxoroda voyaga yetgan Amir Sulton ilm talabida Makka va Madinaga boradi. Haj vazifasini ado etganidan so‘ng niyati Madinaga joylashish edi. Biroq u yerda ko‘rgan bir tush sababli fikrini o‘zgartiradi va Turkiyaning Bursa shahriga yo‘l oladi.

Buxoroda tug‘ilgani uchun unga “Muhammad Buxoriy”, Sayyid (ya’ni Payg‘ambarimiz avlodidan) bo‘lgani uchun “Amir Buxoriy”, Yildirim Boyazidxonga kuyov bo‘lganidan keyin esa unga “Amir Sulton” nasablari berilgan.

Bursada Shamsiddin Fanoriy degan ulug‘ zotdan dars oldi. Shamsiddin Fanoriy unga tabarruk dasxati bilan vasiqa – shahodatnoma yozib berdi.

Eng avvalo, Sulton Boyazidxon va bursaliklarning hurmat-ehtiromiga sazovor bo‘ldi, mehrini qozondi. Amir Sultonni juda sevgan va hurmat qilgan Sulton Boyazidxon bu sevgisining alomati o‘laroq unga qizini nikohlab berdi. Sulton Boyazid xonga Abbosiy xalifasi tomonidan “Sultoni iqlimi Rum” unvoni berilganida Amir Sulton xonga bu sharafli unvonning ramzi bo‘lgan qilichni tantanali ravishda topshirgandi. O‘z davrining ulug‘ valiylaridan sanalgan Amir Sulton “Karomatlar Sultoni” deya ham esga olinadi.

Zamonasining Usmonli sultonlari bu zotga hurmat ko‘rsatishar, safarga chiqishlaridan oldin huzuriga kelib duolarini olishardi. Amir Sulton o‘z faoliyati davomida din, millat, Vatan ravnaqi yo‘lida ulkan xizmatlar qildi. Vafotidan keyin ham ma’naviy yordamlari, kashf-u karomatlariga sarhadlardagi g‘oziylar guvoh bo‘lgani bot-bot aytiladi.

Amir Sulton hazratlari qanchalik urinmasin, Temur – Yildirim to‘qnashuvini to‘xtatolmadi. Ikki musulmon turk qo‘shinining o‘zaro jang qilishini hech xohlamagan Amir Sulton oqibat nima bo‘lishini juda yaxshi bilar edi. Anqara jangi boshlanishiga juda oz vaqt qolganida ahli ayoli Hindi Xotunning iltimosi; Alloh taoloning izn-irodasi bilan bir zumda sarhadga bordi. U yerda Sulton Boyazidxon bilan ko‘rishib, gaplashishiga qaramay, podshohni jang qilish niyatidan voz kechtira olmadi. Amir Sulton ogohlantirgani kabi, jang Yildirim Boyazidning zarariga yakun topdi.

Amir Sulton Bursaga kelganida Yildirim Boyazidxon Mojar (Vengriya) qo‘shiniga qarshi jang qilardi. Dushman qo‘shini Usmonli lashkarlariga kuchli zarba va talofat yetkazardi. Bu asnoda bir yosh yigit yaradorlarning yarasini bog‘lar, ba’zan esa qo‘llarini ochib, duo qilardi. Bilagidan yaralangan Boyazidxonning bu yigitga nisbatan qalbida bir yaqinlik, iliqlik paydo bo‘ldi. Yoniga borib “Mening ham bilagimda yara bor”, deyishi bilan bu yigit cho‘ntagidan bir dastro‘mol olib: “Sulton hazratlari, ijozatingiz bilan yarangizni bu dastro‘mol bilan bog‘layin”, deydi.

Tong otgach, Amir Sulton bog‘lagan barcha yaralar bitgani, askarlar sog‘ayib oyoqqa turganlarini Yildirim Boyazidxonga xabar berishdi. Yildirim Boyazid ham qiziqib o‘z yarasini ochar ekan, bilagidagi dastro‘mol ayoli fotihalangan payti unga hadya etgan dastro‘mol ekanini ko‘rdi.

Kecha oqshom askarlarning yaralarini bog‘lagan yigitni huzuriga olib kelishlarini buyurdi. Biroq u fidokorni topolmadi. (U Buxorodan kelgan Amir Sulton edi).

Shu asnoda Yildirim Boyazidning qizi tushida Janobi Payg‘ambarimizni ko‘radi. Rasuli akram alayhissalom unga: “Farzandim Muhammad Buxoriyga turmushga chiq, zinhor so‘zimni rad etma”, deya marhamat qiladi. Pokiza ruhli, odob va hayo sohibasi bo‘lgan Hindi Fotima Sulton bu tushni hech kimga aytolmadi. Ittifoqo ertasi kuni Rasuli akram alayhissalomni yana tushida ko‘radi. Sarvari olam unga: “Agar oxiratda senga shafoatchi bo‘lishimni istasang, Muhammad Buxoriyga turmushga chiq”, deydilar. Holbuki, o‘sha kunlari Hindi Fotima Sulton bilan Rumeli Beklar begi Sulaymon Podshoning turmush qurayotgani gapirilayotgan edi.

Hindi Sulton bu chorasizlikdan qiynalib, duolar qildi. “Qiziq, Amir Buxoriy bu hodisalardan xabardormikan?..” der edi. Kim orqali va qanday xabar yuborishni o‘yladi. Nihoyat, o‘zi kabi boadab va bohayo xizmatkoriga tushini aytib berdi va bu haqda borib Amir Sultonga gapirishini aytdi. Xizmatkor kelib, bu borada Amir Sultonga xabar yetkazganida u: “Bu hol bizga ham ma’lumdir. Bu nikoh Allohning xohish-irodasi... Vaziyatni Hindi Sultonga yetkazing...”, – dedi. Shundan so‘ng Amir Sulton sovchilar yuborib sulton qizining qo‘lini so‘radi...

Amir Sulton Buxoriy hazratlari quyidagi mazmundagi she’rni bot-bot o‘qir ekanlar:

Agar ko‘ngling men-la bo‘lsa,

Yamanda bo‘lsang-da, yonimdasan.

Agar ko‘ngling men-la bo‘lmasa,

Yonimda bo‘lsang-da, uzoqdasan.

Tingla, Haq na xush so‘yladi,

“Zabur”da Dovudga aytdi:

“Dushman bo‘l avval nafs balosiga,

Undan Menga ergashmoq-la qutulgaysan”.

Kel, sen ham dushman bo‘l nafsingga,

Zoye ayla uni har ne tilarsa.

Darhol tashlagin riyoni,

O‘zingga rahbar qil avliyoni.

Agar anglasang, shudir senga yo‘l,

Nafsing yomonligidan xalos bo‘l.

Nafsing murodidan uzoq tur,

Ergashma shaytonga, undan yiroq yur.

Яндекс.Метрика