У нас есть только
оригинальные песни

Chegara nazorati qanday tartibda o'tkaziladi?

calendar 29.12.2017
1272

Vazirlar Mahkamasining 21.12.2017 yildagi 1007-son «O'zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o'tkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratini tashkil etish tartibini takomillashtirish to'g'risida»gi qarori e`lon qilindi, deb yozmoqda Norma.uz.
 
Chegara orqali o'tkazish punktlarini jihozlash
 
2018-2020 yillarda O'zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o'tkazish punktlarini texnik vositalar bilan jihozlashni takomillashtirish bo'yicha tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Quyidagilarni joriy etish rejalashtirilmoqda:

• o'tkazish punktlaridagi pasport nazorati xonalarini – Davlat chegarasini kesib o'tadigan shaxslarni qidiruvda bo'lgan fuqarolarning elektron fotokartotekasi bilan solishtirish imkonini beradigan videokuzatuv tizimlari;
• o'tkazish punktlarida – pasport nazoratining avtomatlashtirilgan xonalari ("elektron geytlar");
• yo'lovchilar to'g'risida "SITA" turidagi dastlabki axborot tizimi dasturiy ta`minoti.
 
Shuningdek, MXX Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo'mitasi server uskunalari va qidiruv-axborot tizimining mavjud dasturiy ta`minotini modernizatsiya qilish, shuningdek uni yangidan joriy etiladigan tizimlar bilan integratsiyalash ko'zda tutilgan.
 
Bu bilan bog'liq xarajatlar MXX Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo'mitasi va DBQga har yili ajratiladigan byudjyet mablag'lari, byudjyetdan tashqari mablag'lar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
 
Chegara nazorati – yangi nizom bo'yicha
 
Shaxslar, transport vositalari va tovarlarni O'zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o'tkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan o'tkazish tartibi to'g'risida nizom tasdiqlandi (keyingi o'rinlarda – Nizom). Unda har bir davlat nazorati organining huquq va majburiyatlari, shuningdek davlat chegarasining har bir o'tkazish punkti: avtomobil yo'llari (piyodalar), temir yo'llar va aviatsiya va daryo o'tkazish punktlaridan o'tish tartibi batafsil bayon etilgan. 
 
Nizomga ko'ra, Davlat chegarasidan o'tayotgan barcha shaxslar, transport vositalari va tovarlar chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan o'tkaziladi (tegishli davlat nazorat organlari tomonidan). Nazoratning muayyan turlari va shakllaridan ozod etish tartibi qonunchilik va mamlakatning xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
 
Davlat chegarasi orqali o'tkazish davlat nazorati organlari tomonidan o'tkazish punktida MXX va IIVning hududiy organlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Shaxslar, transport vositalari va tovarlarni Davlat chegarasi orqali o'tkazish to'g'risidagi yakuniy qaror ular o'tkazish punktida barcha turdagi nazoratdan o'tkazilgandan so'ng chegara nazorati bo'linmasi tomonidan qabul qilinadi.
 
Ustuvorlik kimga beriladi 
 
Davlat chegarasi orqali quyidagilar ustuvor tartibda o'tkaziladi:

• O'zbekiston qonunchiligi va xalqaro shartnomalarga muvofiq muayyan imtiyozlarga ega shaxslar, og'ir bemorlar, homiladorligi va nogironligi yaqqol bilinib turgan shaxslar, 7 yoshgacha bo'lgan bolalar, ularga hamrohlik qiluvchi shaxslar va ular ketayotgan avtotransport vositalari;
• xalqaro yo'nalishlarda yo'lovchilarni muntazam tashiydigan transport vositalari;
• tirik hayvonlar, tez buziladigan tovarlar, radioaktiv materiallar, ommaviy axborot maqsadlari uchun xabarlar va boshqa materiallar;
• tabiiy ofatlar, avariyalar, halokatlar oqibatlarini bartaraf etishda zarur bo'lgan va insonparvarlik yordami sifatida yuboriladigan tovarlar, boshqa shunday tovarlar, shuningdek, ushbu tovarlar olib o'tiladigan transport vositalari;
• davlatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga yuboriladigan tovarlar;
• respublikaning oliy qonunchilik, ijro etuvchi va sud hokimiyati organlariga yuboriladigan tovarlar.
 
Ba`zi hollarda shaxslar, transport vositalari va tovarlar chegara nazorati bo'linmasi rahbarining qaroriga asosan bojxona organi boshlig'i bilan kelishilgan holda ustuvor tartibda o'tkazilishi mumkin. 
 
Ikki yo'lakli tizim amal qiladi
 
Xalqaro yo'nalishlar uchun ochilgan avtomobil yo'llari, temir yo'llar va aviatsiya o'tkazish punktlarida yo'lovchilar va ularning yuklari bojxona nazorati va tekshiruvidan odatda, ikki yo'lakli tizimni qo'llash orqali o'tkaziladi.
 
O'tkazish punktining pasport nazorati zonasi aeroportlar hududiy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, fuqarolarimizni va chet el fuqarolarini rasmiylashtirish uchun mo'ljallangan sektorlarga ajratilishi mumkin.
 
Nima taqiqlanadi
 
Jismoniy shaxslarga o'tkazish punktida quyidagilar taqiqlanadi:

• chegara nazorati bo'linmasi rahbarining ruxsatisiz foto va videoga suratga olish;
• davlat nazorati organlarining nazorat tartib-taomillarini tashkil etishiga xalaqit bersa, mobil va boshqa vositalardan foydalanish;
• davlat nazorati organlari xodimlarini nazorat tartib-taomillarini amalga oshirish bo'yicha belgilangan tartibni buzishga majbur qiladigan harakatlarni sodir etish, shu jumladan ularga biron-bir moddiy qimmatliklar taklif etish;
• o'tkazish punkti hududiga yoki uning xizmat xonalariga belgilangan tartibni buzgan holda kirish;
• o'tkazish punkti hududiga tegishli ruxsatlarsiz qurol-yarog', portlovchi moddalar va atrofdagilar hayoti yoki salomatligiga xavf tug'diradigan boshqa predmetlar (moddalar) olib kirish (olib o'tish).
 
Hujjat 23.12.2017 yildan kuchga kirdi.

Яндекс.Метрика