У нас есть только
оригинальные песни

Chilim va elektron sigaretlarni qonun yo'li bilan taqiqlash vaqti yetmadimikan?

calendar 18.02.2018
1665

Ma`lumotlarga ko'ra, chilim va elektron sigaret saraton keltirib chiqarar ekan. Jamiyatni bulg'ovchi bu kabi illatlarni qonun yo'li bilan “jilovlasa” bo'lmaydimi? Bu haqda Milliy tiklanish gazetasi muxbiri o'z fikrlarini bildirib o'tgan. 

Dugonam tug'ilgan kunini poytaxtimizdagi restoranlardan birida nishonladi. Hamma kursdosh qizlar yig'ilib, tug'ilgan kunga bordik: kimdir o'g'lini, kimdir hali muchal yoshini qarshilamagan qizini yetaklab olgan. Avvaliga hammasi joyida edi. Ammo, sal keyinroq restoran yigit va qizlar (ular orasida o'smirlar ham bor), o'rta va katta yoshli erkak va ayollar bilan gavjumlashdi. Restoranning kichik xonalarini egallagan yosh yigit-qizlar ovqatlanishni ham chetga surib, tutun buruqsita boshlashdi. Shunda kichik mehmonlarimizdan biri “Oyijon, ana ular nima qilishyapti?”, deb so'rab qoldi. Surishtirsak, bu so'nggi paytda urf bo'layotgan “zamonaviy” hayot kechirishning yangi qiliqlaridan – chilim va elektron sigaret chekilayotgan ekan…

Oradan ancha vaqt o'tdi, biroq o'sha manzara ko'z oldimdan hamon ketmaydi.

Savollar yopirilib keladi: to'rt-besh kishilik ziyofat uchun oddiy xizmatchining kamida bir oylik maoshini to'lab chiqayotgan bu yigit-qizlarning ota-onasi hali talaba farzandiga qanday qilib shuncha pul beryapti? Ular “zamonaviylik belgisi” deb biladigan chilim va elektron sigaret chekishini, yarim tungacha kafe-restoranlarda vaqtichog'lik qilishini oila kattalari bilarmikin? Yoki chilim va elektron sigaretga mukkasidan ketish darajasiga borayotgan yoshlar uning zararli jihatlaridan bexabarmi?..

Ha, inson tabiati yangilikka tashna. U xoh foydali, xoh zararli yangilik bo'lsin, uni o'z hayotida, albatta, qo'llab ko'rgisi keladi. Globallashuv shiddati ong-qalbimiz va hayotimizda shunday o'zgarishlar sodir etmoqdaki, undagi foydali jihatlardan ko'ra, zararlilari tez orada o'z aks ta`sirini ko'rsatmoqda.

Biroq statistika baribir qaysar indikator: BMT ma`lumotlariga ko'ra, dunyoda kashandalik oqibatida har yili 5,4 million, har 6 soniyada 1 kishi hayotdan ko'z yumadi. Mutaxassislarning fikricha, zudlik bilan zarur choralar ko'rilmasa, 2030 yilga borib kashandalik har yili 8 million kishining hayotdan bevaqt ko'z yumishiga sabab bo'ladi. Dunyoda chekuvchilar soni bo'yicha birinchi o'rinda Xitoy, keyin Hindiston va Indoneziya turadi. Chekish oqibatida kelib chiqadigan yillik iqtisodiy zarar 200 milliard AQSh dollaridan oshib ketmoqda.

Hozir kashandalikning yangi ko'rinishlari — elektron sigaret va chilimlar, afsuski, dunyo bo'yicha tamaki chekish miqdorini keskin oshirmoqda. Elektron sigaret ham oddiy tamakidan farq qilmaydi, aksincha undan zararliroq. U nikotinli kartrij, elektron chip, litiyli akkumlyator va mittigina diodli yoritgichdan iborat. Kashanda uni chekkanda sigareta hidini ham, zararini ham sezmaydi, undan faqat suv bug'i ko'tariladi, xolos, deb o'ylaydi.

Xolbuki, elektron sigaret tarkibida qo'rg'oshin, margimush va boshqa toksik moddalar ko'p uchraydi. Kashandalikka berilish oqibatida inson salomatligini, nasllar davomiyligini xavf ostida qoldiradi. Sog'lom turmush tarziga rioya etayotgan insonlar kashandalarga nisbatan 15 yil uzoq umr ko'rishi tajribada isbotlangan bo'lsa-da, elektron sigaret yaratilganidan buyon o'tgan muddatda uning iste`molchilari soni ko'paysa ko'paydiki, aslo kamaygani yo'q.

Chilim zarari  esa tamaki mahsulotlarini chekishdan ko'ra ko'p bo'lsa ko'pki, aslo kam emas. Chilim chekish davomida inson juda ko'p miqdorda tamaki tutuni yutib,  shunga mos ravishda organizmga juda katta miqdorda zararli moddalar tushib qoladi. Chilim chekish jarayonida o'ta zararli toksinlar qonga tez so'riladi va inson sog'lig'iga katta putur yetkazadi.

— Tamaki tutunining tarkibida to'rt mingga yaqin modda bo'lib, hammasi inson salomatligini yemirishi tajribalarda isbotlangan, — deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi ichki kasalliklar kafedrasi dotsenti Hilola Mirahmedova. — U qon tarkibi aylanishini buzib, tomirlarni qotiradi. Chekish oqibatida astma, o'pka saratoni, yurak-qon tomiri, gipertoniya, og'iz bo'shlig'i kasalliklari kelib chiqadi. Afsuski, mamlakatimizda ham “zamonaviy” chekuvchilar soni ortib bormoqda. Elektron sigaret va chilim chekish kashandalikning yangi turlari sirasiga kirib ulgurdi. Achinarlisi, kashandalar orasida o'smirlar va ayollar ham uchraydi. Chilim chekish yurak qisqarishi ritmini tezlashtirishi sababli, yurak xastaligiga chalingan insonlar uchun juda xavfli. Chilim va elektron sigaretlarni guruh bo'lib chekish oqibatida gepatit, stafilakok, sil, gripp va boshqa shu kabi infeksiyalarni yuqish xavfi ko'p marta oshadi, shuningdek, chilim chekish inson asab tizimiga ham salbiy ta`sir qiladi.

Aytish joiz, chilimni tamaki mahsulotlari yoki mevali aralashmalardan iborat qo'shimchalar bilan chekishdan qat`i nazar og'iz bo'shlig'i, til, lab, tomoq, o'pka, oshqozon kabi organlarning saraton bilan kasallanish xavfi keskin ortadi. Tamaki mahsulotlari O'zbekiston Respublikasi Sog'likni saqlash vazirligi tasdiqlagan sanitar me`yor va qoidalar talablariga rioya etilgan standart va texnologiyalar asosida tayyorlanadi. Biroq chilim chekishda foydalaniladigan qo'shimchalarning tarkibi noma`lum bo'lib, ularning sifatiga bo'lgan talablar qonunchilikda ko'zda tutilmagan. Shu sababli nikotinsiz aralashmalar inson salomatligi uchun barcha yonuvchi moddalar kabi xavfli va zararlidir.
Chekish jarayonida organizmga is gazidan tashqari katta miqdorda xrom, nikotin, qo'rg'oshin, karboksigemoglobin va boshqa zararli birikmalarining tushishi yurak qon-tomir, o'pka yetishmovchiligi, ovqat hazm qilish tizimlarini buzilishiga, jinsiy va reproduktiv qobiliyatni susaytirib onkologik kasalliklarning rivojlanishiga olib keladi.

Tarkibida gavayi atirguli va moviy nilufar unsurlari mavjud bo'lgan chilim aralashmalarining insonga ta`siri psixotrop va narkotik vositalardan kam emas. Shuningdek, chilim chekishda tamaki mahsuloti va mevali aralashmalar bilan bir qatorda kamroq miqdorda bo'lsa-da narkotik moddalar va sog'liq uchun zararli bosh¬qa ingridiyentlarni iste`mol qilish hollari ham uchrab turadi. Masalan, filtr vazifasini o'tovchi suv o'rniga ta`sir kuchini oshirish maqsadida alkogol mahsulotlaridan foydalaniladi.

Jamiyatning sog'liqni saqlash sohasidagi asosiy vazifalaridan biri, chekmaydiganlarning huquqini himoya qilish, ya`ni ijtimoiy ahamiyatga ega joy, ob`yekt va transport vositalarida chekishni taqiqlash, ayniqsa, yoshlar orasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilishdan iboratdir. Biroq yoshlar, ayollar va o'smirlarning milliy qadriyat, an`ana va odob qoidalariga zid bo'lgan bunday zararli illat domiga ilinayotgani masalaning naqadar dolzarb ekanini ko'rsatadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O'zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi chilim va elektron sigaretlarning inson salomatligi uchun zararli oqibatlarini o'rgandi. Tadqiqot natijalari chilim va elektron sigaretlarning tamaki mahsulotlariga qaraganda inson salomatligiga kam ta`sir etishi to'g'risidagi noto'g'ri qarashlarning haqiqatga zid kelishini ko'rsatdi. O'zbekiston Respublikasining “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretlarni chekishni cheklash to'g'risida”gi qonun loyihasi ham ayni maqsadda ishlab chiqildi.

— Dam olish kunlari farzandlarimni uyimiz yonidagi bolalar maydonchasiga olib tushaman, ular do'stlari, tengdoshlari bilan turli o'yinlar o'ynashadi, kichkintoylar arg'imchoq uchishadi, — deydi toshkentlik uy bekasi Kamola Hamroyeva. — Shunday sayrlarimizdan birida 2 yoshli o'g'lim maydonchadagi sigareta qoldig'ini olib cheka boshlabdi, buni keyinroq payqab qoldim. Bu holatdan qanday ahvolga tushganimni tasvirlab berolmayman. Avvalo, hali endi hayotni taniy boshlagan bolakay sigareta nimaligi va uni qanday chekishni bilishi, ikkinchidan yerda yotgan tamaki qoldig'idagi tasavvur qilib bo'lmaydigan darajada ko'p miqdordagi zararli moddalar farzandimning ichiga kirib ulgurgani meni xavotirga solib qo'ydi. Shunda qo'shnilarimdan biri “turmush o'rtog'ingiz sigareta chekkani uchun bolangiz ham buni darrov o'zlashtiribdi”, dedi. Ammo, turmush o'rtog'im umuman tamaki chekmaydi. Shunda men farzandlarimni jamoat joylarida bunday manzaraga ko'p bor duch kelishi, ovqatlanish, savdo shaxobchalari va ko'chadagi sayrlarda (hatto, ba`zan homilador ayollar ham chekayotganiga ko'zimiz tushadi) bu illat bilan allaqachon tanish bo'lganini o'yladim. Aholi salomatligiga zarar yetkazish bilan bir qatorda o'g'il-qizlarimiz tarbiyasiga jiddiy ta`sir ko'rsatuvchi bunday illatlarning oldi olinsa, qonun bilan tartibga solinsa, har jihatdan foydali bo'lardi.

— 16 yoshimdan buyon sigareta chekaman, — dey¬di o'zini Sardor deb tanishtirgan yigit. — Bu odat, dastavval, o'smirlikning qiziquvchanligi, qiziqqonligi bilan boshlangan bo'lsa, keyinchalik unga o'rganib qolib, odatiy hayot tarzimga aylandi. Uning sog'liq uchun zarar ekanini bilsam-da, hech voz kecha olmayman. Olti oylab chekmay yurgan paytlarim ham bo'lgan, ammo yana tarki odat amri mahol, deganlaridek, kuniga 10-12 mahal chekaman. Bir quti sigareta 2 kunga yetmaydi. Agar chekishning birgina iqtisodiy tomoni o'ylab ko'rilsa ham, uning katta zarar ekanini anglash qiyin emas. Tan olib aytaman, kashandalik bekorchilik oqibatida kelib chiqadigan illat. Agar odam o'smirlik yoshidan foydali ish, hunar, o'qish yoki kundalik yumushlar bilan band bo'lsa, kun tartibi to'g'ri yo'lga qo'yilsa, o'ylaymanki, bunday zararli odatlarga yondashmasligi aniq.

Nima foyda-yu, nima zararligini yaxshi ang¬laydigan ushbu suhbatdoshimiz o'zini kashandalar sirasiga kiritmasligi ajablanarli. Uning aytishicha kuniga 2-3 qutilab tamaki chekadiganlar, ayniqsa, hozir elektron sigaretga ruju qo'yib borayotganlar ko'p ekan. Ayniqsa, tungi paytlarda kafe, restoranlarda elektron sigaret va chilim chekish “urf”ga kirib bormoqda.

Kashandalikning psixologik jihatlari ham borki, undan voz kechish inson irodasi, psixologiyasi bilan bog'liq holat.

— Kashandalik, asosan, zerikish, band bo'lmaslik, o'z hayotidan norozilikdan kelib chiqadi, — deydi psixoterapevt Zebo Ahmedova. — Avval qiziqishdan boshlangan bu holat yillar o'tib chuqurlasha boradi. Chekuvchi real emas, noreal hayotni ma`qul ko'ra boshlaydi. Noreal hayot — kashandalik, giyohvandlik va ichkilikbozlik ko'rinishlarida namoyon bo'ladi. Kashandaning irodasi zaiflasha boradi. Iroda markazining to'silishi esa muammolarni hal qilolmaslikka, qaramlikka olib keladi. Shu bois, yoshlarda, avvalo, irodali bo'lishni tarbiyalash, ularning bo'sh vaqtini to'g'ri taqsimlash, o'ziga bo'lgan ishonchini oshirish lozim. Shunda biz irodasi mustahkam, iymoni butun, keng dunyoqarashli, hech qanday ta`sirlarga qaram bo'lmagan avlodni tarbiyalashga erishamiz. Shuningdek, yoshlarda kattalarga taqlid qilish, ular hatti-xarakatini takrorlashga intilish kuchli bo'ladi. Ota-onasining odatlari, vaqt o'tib farzandida takrorlanadi. Bu jarayonda kattalar ibrati ham muhim ahamiyat kasb etadi. “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretlarni chekishni cheklash to'g'risida”gi qonun loyihasining qabul qilinishi orqali bu holatga chek qo'yish, albatta, o'z natijasini beradi.

…Oramizda shunday kishilar borki, kashandalikning oqibatini bila turib, salomatligi, oilasi, farzandlarining kelajagiga panja orasidan qarab, unga ruju qo'yadi. Mutaxassislar fikricha, sog'lom turmush tarzini yaratishda, avvalo, tamaki mahsulotlari iste`moliga chek qo'yish zarur. Xuddi shunday elektron “kashandalik” ham shakli o'zga, zarari va oqibati bir xil bo'lgan global muammolardan. Bu illatning ildizini tezroq qirqish uchun ko'ngilochar joylarda chilim chekish bilan bog'liq xizmatlar turlarini ko'rib chiqish, ularni qonun bilan taqiqlash kundan kun dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Zero, bugun chekishning zamonaviy turlarini hayotida qo'llab ko'rishni xohlayotgan yoshlarni xorijiy tillarni puxta o'rganish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, ilm-fanda yangilik kiritish va yangicha yashashning zamonaviy shakllarini o'zlashtirishga yo'naltirish katta avlod vakillarining muhim vazifasidir.

Shohida Damanova

Яндекс.Метрика