У нас есть только
оригинальные песни

Dangasalikni qanday yengish mumkin?

calendar 23.04.2017
1966

Yaxshi ishlarni dushanbadan boshlash odat tusiga aylangan. Ilk ikki kun shiddatli kechadi, chorshanbaga borib esa, tashabbusning o'rnini dangasalik egallaydi. Natijada mashg'ulotni davom ettirish keyinga qoldiriladi. Harvard Business Review'da shu mavzudagi maqola taqdim etildi.

Yaponlar buni «mikka bouzu» - «uch kunlik ruhoniy» (so'zma-so'z "uch kun ham sabr qila olmaydi") deb atashadi. Biz o'zimiz istamagan va bizga qizig'i bo'lmagan ishni bajarishga erinamiz.

"Sen o'zingni o'zing majbur qila olmasang va o'z oldingga talab qo'ya olmasang, oldingda yuz o'qituvchi turgan bo'lsa ham, bunga ojizlik qiladi", - deb yozgan yarim asr ilgari V.A.Suxomlinskiy. Bugun, aksincha, ichki qoniqmaslik hissi va turli depressiv holatlar avj olmoqda.

Inson o'z maqsadlarini to'liq anglashi va o'z imkoniyatlari hamda ularga erishishda ob`yektiv reallikni baholashi barobarida, shubhasiz, o'zini asrashi kerak. Orzu va istaklar mavjud bo'lib, ularning nima uchun kerakligi borasida tushunchalar yo'q bo'lsa, o'zingni harakat qilishga majburlash qiyin. Biroq bugun dangasalikka imkon bersak, ertaga yo'qotilgan imkoniyatlar uchun afsuslanamiz. Shunday ekan, inson o'zi bilan o'zi kelishishni bilishi kerak. O'zini majburlash - ortiqcha. Shunchaki g'ayrat qiling va bajaring: inertlikni yengib o'tsangiz, ish o'z-o'zidan qaynab ketadi. Qat`iy va sabrli kishilarda esa, albatta, ikkinchi nafas ochiladi.

Qisqasi, kimda xohish bo'lsa, maqsadga erishish yo'llarini qidiradi. Qolganlar esa o'zini oqlash uchun sabab izlaydi.

Siz fransiyalik ko'cha dorbozi Filipp Peti va uning Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi egizak minoralari o'rtasidagi "sayr"i tarixini bilsangiz kerak. Hammasi jurnalda Markaz binosi qurilishi haqidagi maqoladan boshlangan - o'shandan boshlab Filipp osmono'par binolar o'rtasidagi masofani dorda kechib o'tish orzusi bilan yongan. U bunday "sayr"dan keyin hibsga olinishini bilsa-da, unga jon-jahdi bilan tayyorgarlik ko'rdi. G'oya kuchliroq chiqdi. Peti bugunga qadar mashhur shaxsligicha qolmoqda.

Yaponiyalik afsonaviy dzyudochi, Olimpiya chempioni Yasuxiro Yamasita jarohatdan keyin musobaqalarda qatnashishda davom etish kerakmi yoki yo'qligi haqidagi savolga javob berayotib, qaror dzyudochining "asosiy maqsadi"ga bog'liq ekanini qayd etgan. Bu musobaqalarda ishtirok etish sport karerangiz uchun muhimligiga ishonishingiz kerak, g'alaba qilish uchun hamma narsaga tayyorsiz, shu jumladan uzoq davolanish va qayta tiklanishga ham. Shunday ekan, salbiy asoratlar haqida o'ylamay, o'z ustingizda ishlash va og'riqni yengishda davom etishingiz kerak.

Umuman olganda, har qanday qaror - to'liq sizning qo'lingizda. Sportda jarohat olish - sportchining muammosi va faqat uning o'zigina buning asoratlarini his qiladi. Murabbiy va tomoshabinlar "Davom et!" deb qichqirib, jarohat tufayli to'xtash niyatingizni bilgach, biror xafa qiluvchi so'z aytishdan ham toyishmaydi. Shu bois voqealarning bunday rivojini oldindan ko'ra bilish va unga to'g'ri munosabatda bo'lish lozim. Iroda kuchi — insonga xos bo'lgan doimiy sifat; u yo bor, yo yo'q. Faqat iroda kuchiga ega bo'lgan kishigina o'zini boshqara oladi.

Shuningdek motivatsiyaga ham ega bo'lish kerak. Biroq motivatsiya bizning kayfiyatimiz kabi o'zgaruvchan. Sportga yangi kelganlar ko'pincha tezkor natijalarni kutib, o'zgacha shiddat bilan shug'ullanishadi. Istaklar reallikka to'g'ri kelmaganida esa, umidsizlikka tushishadi. Shu bois sport bilan shug'ullanishni odatga tusiga aylantirish kerak.

Bunday odat muntazam ravishda sport bilan shug'ullanishning ko'pichna 21-kunida shakllanadi. Boshida bunga ahd qilish kerak. Biroz vaqt o'tgach esa, odat ehtiyojga aylanadi. Shunday ekan, boshlagan ishingizni oxiriga yetkazing.

Sezilarli natijaga erishish uchun biroz vaqt va harakat talab qilinishiga o'zingizni ishontiring. Bunda iroda muhim rol o'ynaydi: erishish oson bo'lgan maqsadlar bo'lmaydi.

Qaror qabul qildingizmi, o'zingizga uni bajarishga va`da bering va hech qanday shubha-gumonlarga o'rin qoldirmang.

Irodangizni mustahkamlang, o'z xohishlaringizni nazorat qiling va dangasalikni yengishni o'rganing.

Agar chalg'imoqchi bo'lsangiz yoki qandaydir yoqimli mashg'ulot sizni o'ziga jalb qilsa, avval 10 marta sekin nafas oling va o'ylab ko'ring: shunday qilishg kerakmikan? Yo'lning yarmiga kelganda uni tashlab ketish - ahmoqlik. Albatta, yoqimli ish bilan shug'ullanish yaxshi. Biroq har safar dangasalikka berilar ekansiz, siz va siz istagan natija o'rtasidagi masofa qisqarmaydi. Hayotdagi katta g'alabalar mayda xursandchiliklardan muhimroq bo'lib chiqadi.

Kundalik rejimingizni shunday tashkil qilingki, barcha yangi jarayonlar hayotingizda oson va tabiiy kechsin. Navbatdagi dushanbani kutishga hojat yo'q. Yangi tongni qarshi oling va ishga kirishing!

Яндекс.Метрика