Davlat grantida o'qigan talabalar 3 yil ishlab berishga majburmi? Eng ko'p beriladigan 10 ta savolga javob

Oliy ta`lim muassasalarida davlat granti asosida tahsil olgan talabalarni doim qiziqtirib kelgan bir savol mavjud. Bu ta`limdan keyin 3 yil davomida majburiy ishlab berish haqidagi savoldir. Ushbu qoida qayerda belgilab berilgan va 3 yil davomida majburiy ishlab berish qanday amalga oshiriladi va shu kabilar haqida ayrim ma`lumotlar bilan o'rtoqlashmoqchiman.

Davlat granti asosida tahsil olgan bakalavr va magistratura talabalarining 3 yil davomida ishlab berish majburiyati 2005/2006 o'quv yilidan boshlab amaliyotga tatbiq etilgan. Mazkur amaliyot O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 2 iyundagi PQ-92-son «2005/2006 o'quv yilida O'zbekiston Respublikasi oliy ta`lim muassasalariga qabul to'g'risida»gi qarorining 6-bandiga asosan joriy etilgan.

Prezident qaroriga asosan Iqtisodiyot, Oliy va o'rta maxsus ta`lim, Xalq ta`limi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirliklarining 2005 yil 7 iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to'g'risida” nizom ishlab chiqilgan.

Mazkur Nizom oliy ta`lim muassasalarida davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlangan kadrlarni kamida uch yil ishlab berish sharti bilan, ta`lim muassasalari, korxona va tashkilotlarga ishga taqsimlash qoidalari va tartibini belgilaydi.

Savol-javoblarga o'tishdan oldin, dastlab ushbu tizim haqida ikki og'iz o'z fikrimni bildirib o'tsam degandim. Gapning indallosini aytganda, mazkur Nizom bilan tartibga solingan tizim bugungi kun talablariga mutlaqo javob bermaydi. 13 yil oldingi qoidalar zamonaviy mehnat bozori uchun mos emas. Ishga joylash bo'yicha taqsimot komissiyasi faoliyati shu darajada tushunarsizki, ayrim sohalarni hisobga olmaganda kamdan-kam OTMlarda bu tartibga to'liq amal qilinadi. Davlat grantida o'qib, ko'chada ishsiz yurgan yoshlarning ko'pchiligidan ham bilish mumkinki, qog'ozdagi qoidalar amaliyotga to'g'ri kelmaydi. Bu tizimni zamonaviy talablarga mos ravishda qayta ishlab chiqishni ko'p ham kechiktirmasdan kun tartibiga qo'yish lozim. Axir yoshlarning bandligi bugungi kunning eng dolzarb mavzularidan biri bo'lib turgani hammaga ma`lumku.

Endi navbat savollarga. Nizom bo'yicha quyidagi savollar juda ko'p beriladi:

1. Talaba bakalavr bosqichini davlat granti asosida tamomlab, magistraturani chet elda o'qimoqchi bulsa, unga diplomning asl nusxasi beriladimi? Yoki 3 yil ishlab bermaguncha diplomni ololmaydimi?

Menimcha, ushbu savol davlat granti asosida o'qigan talabalar tomonidan beriladigan savollar xit-paradining eng yuqori o'rnida turuvchi savol bo'lsa kerak.

Qanchadan-qancha talabalar xorijda tahsil olish haqidagi orzularidan mana shu tartib tufayli voz kechganligi ham sir emas.

Gap shundaki, Nizom bo'yicha xorijda o'qish uchun diplomning asl nusxasini berish nazarda tutilmagan. Ayrim talabalar diplomni butunlayga emas, faqat hujjat topshirish maqsadida nusxasini notariusdan tasdiqlash va apostil olish uchun vaqtinchalikka olmoqchi bo'lishadi. Ammo Nizomda bu masala tartibga solinmaganligi uchun OTM ma`muriyati bilan muammolarga duch keladi. Mening bilishimcha, amaliyotda ba`zi rektorlar talabani to'g'ri tushungan holda va uning intilishini so'ndirmaslik maqsadida, albatta, qaytarish sharti bilan diplomning asl nusxasini qisqa muddatga berib turishadi. Lekin aksariyat vaziyatlarda diplomlarning asl nusxalari berilmaydi.

Bunda davlat manfaati yotibdi, deya izohlashadi o'z xatti-harakatlarini. Chunki talabani davlat xalq byudjyetidan 4 yil o'qitdi, endi o'sha talaba davlatga, o'z navbatida xalqqa kamida 3 yil xizmat qilsin, deyishadi. Agar diplomni olib, xorijga o'qishga ketib qolsa va keyinchalik O'zbekistonga umuman qaytib kelmasachi, davlat 4 yil sarflagan puliga kuyib qolaveradimi, deya savol berishadi. Umuman olganda ularning ham gaplarida jon bor, qisman haq.

Lekin iqtidorli talabalarimizning hammasi xorijda qolib ketmaydi-ku. Ular xorijning eng oldi OTMlarida o'z bilim va tajribasini oshirib qaytishsa, buning nimasi yomon? Ularning iqtidorini bo'g'ib, yo'liga sun`iy, byurokratik to'siq qo'ygandan ko'ra, davlat grantida o'qigan talabalar bilan 3 yil ishlab berishning yangicha tartibini ishlab chiqish, bunda xorijda o'qish imkoniyatini ham yaratishni ko'zda tutish maqsadga muvofiq emasmikin? Yoshlarni majburlab davlatda ushlab turgan bilan, biror natijaga erisha olarmikanmiz?

Ha, aytgancha, Nizomda qaysi hollarda diplomning asl nusxasi o'sha zahoti talabaga qaytarilishi ham qayd etilgan. Xususan, agar taqsimot komissiyasi bitiruvchini ish bilan ta`minlay olmasa, unga o'qishni tugatgan kundan so'ng uch kundan kechiktirmay mustaqil ishga joylashish imkoniyati berilganligi to'g'risida ma`lumotnoma va oliy ma`lumot to'g'risidagi diplomning asl nusxasi beriladi.

Lekin men shu paytgacha bunaqa usul bilan diplomning asl nusxasini olgan talaba haqida eshitmaganman, balki bo'lgandir, kim bilsin...

2. Agar davlat granti asosida o'qigan talaba bakalavr bosqichini yakunlagach magistraturaga o'qishga qabul qilinsa, unda qachondan majburiy ishlab berish boshlanadi? Magistraturada o'qish davomida ishlagan bo'lsa, hisobga o'tadimi?

Nizomning 2-bandiga ko'ra, oliy ta`lim muassasalarini davlat grantlari asosida bakalavrni tamomlagan bitiruvchilar magistraturaga to'lov-kontrakt asosida o'qishga qabul qilingan taqdirda, kamida uch yil ishlab berish majburiyati magistraturani yakunlagandan so'ng amalga oshiriladi.

Shu o'rinda bir savol tug'iladi, talaba magistratura davrida ishlagan bo'lsa, nima uchun majburiy ishlab berish muddatiga qo'shilmaydi? Bu masalani bugun kun tartibiga qo'ygan holda, qayta ko'rib chiqish maqsadga muvofiq bo'lar edi. Chunki oliy ta`limdagi so'nggi islohotlarga qaraydigan bo'lsak, magistratura bosqichi ko'proq amaliyotga yo'g'rilgan bo'lishi kerakligi ta`kidlanmoqda. Demak magistratura paytida ishlagan bo'lsa, u ham 3 yillik majburiy davrga kiritilishi kerak.

3. Agar davlat granti asosida o'qigan talaba bakalavr bosqichini yakunlagach magistraturaga ham davlat granti asosida o'qishga qabul qilinsa, unda majburiy ishlab berish muddati 6 yil bo'ladimi?

Yo'q, agar bitiruvchi oliy ta`lim muassasalarining bakalavriati va magistraturasida davlat grantlari asosida o'qigan taqdirda, uning ishlab berish majburiyati kamida uch yil deb hisoblanadi.

4. Agar to'lov-kontrakt asosida bakalavriatni tamomlagan talaba magistraturaga davlat granti asosida qabul qilinsa, unda qachondan majburiy ishlab berish boshlanadi?

Oliy ta`lim muassasalarini to'lov-kontrakt asosida bakalavrni tamomlagan bitiruvchilar magistraturaga davlat grantlari asosida o'qishga qabul qilingan taqdirda kamida uch yil ishlab berish majburiyati magistraturani yakunlagandan so'ng amalga oshiriladi.

5. Agar bitiruvchi talaba o'qishdan so'ng majburiy ishlab berish vaqtida harbiy xizmatga ketgan bo'lsa, unda harbiy xizmat vaqti majburiy ishlab berish vaqtiga kiradimi?

Ha, muddatli harbiy xizmat yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat o'talgan muddat bitiruvchi tomonidan majburiy ishlab berilishi lozim bo'lgan uch yillik muddatga ham kiradi.

6. Agar bitiruvchi talaba 3 yil davomida boshqa lavozimga o'tsa, unda muddat yangidan boshlanadimi?

Yo'q, yangidan boshlanmaydi. Ta`lim muassasasi, korxona yoki tashkilotda turli lavozimlarda ishlagan muddat bitiruvchi tomonidan majburiy ishlab berilishi lozim bo'lgan uch yillik muddatga ham kiradi.

7. Agar bitiruvchi talaba 3 yil davomida boshqa tashkilotga ishga o'tsa-chi, unda bu muddat ham majburiy ishlab berish muddatiga kiradimi?

Ushbu holat ko'p bahslarga sabab bo'ladi, chunki Nizomda aniq bayon etilmagan. Faqat Nizomning 22-bandida shunday qoida kiritilganki, ta`lim muassasasi, korxonasi yoki tashkilot mansub bo'lgan tizimdagi (vazirlik, idora yoki boshqa xo'jalik boshqaruvi organi) boshqa ta`lim muassasalarida, korxona va tashkilotlarda ish beruvchining roziligiga ko'ra ishlagan muddat bitiruvchi tomonidan majburiy ishlab berilishi lozim bo'lgan uch yillik muddatga ham kiradi, deya belgilangan. Bundan xulosa qilish mumkinki, demak tashkilot mansub bo'lgan tizimdan boshqa joyga ishga o'tilsa, unda muddat yangidan boshlanadi. Lekin bu xulosa ham mutlaq emas, sababi Nizomda 3 yil faqat bitta joyda ishlash lozimligi haqidagi qoidalar aniq va batafsil yoritilmagan. Bu ham Nizomning kamchiliklaridan biri.

8. Bakalavr yoki magistratura bosqichida davlat granti asosida ta`lim olgan qizlar turmush qurib, farzandli bo'lgandan keyingi bola parvarishlash davridagi muddat majburiy ishlab berish davriga qo'shiladimi?

Nizomning 22-bandiga ko'ra, mehnat ta`tilida, shu jumladan, ijtimoiy ta`tillarda bo'lgan muddatlar ham bitiruvchi tomonidan majburiy ishlab berilishi lozim bo'lgan uch yillik muddatga kiradi. Mehnat kodeksining 149-moddasida esa homiladorlik va tug'ish ta`tillari hamda bolalarni parvarishlash ta`tillari ijtimoiy ta`tillar sifatida belgilangan. Demak, bola parvarishlash ta`tilida bo'lgan muddat majburiy ishlab berish muddatiga kiradi.

9. Albatta, davlat tashkilotida majburiy ishlab berishi shartmi?

Nizomning birorta bandida majburiy ishlab berish aynan davlat tashkilotida amalga oshirilishi kerak, degan qoida mavjud emas. Masalan, Nizomning kirish qismida quyidagicha qoida belgilangan:

“Mazkur Nizom oliy ta`lim muassasalarida davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlangan kadrlarni kamida uch yil ishlab berish sharti bilan, ta`lim muassasalari, korxona va tashkilotlarga ishga taqsimlash qoidalari va tartibini belgilaydi”.

Nizomning 1-bandida esa quyidagicha qoida belgilangan:

“Barcha ta`lim yo'nalishlari bo'yicha davlat grantlari asosida tahsil olgan oliy ta`lim muassasalari bakalavr va magistrlari 2005/2006 o'quv yilidan boshlab majburiy tartibda kamida uch yil ishlab berish sharti bilan ta`lim muassasalariga, korxona va tashkilotlarga (keyingi o'rinlarda matnda ish beruvchi deb yuritiladi) ishga taqsimlanadi”.

Ko'rib turganingizdek, ikkala bandda ham “ta`lim muassasalari, korxona va tashkilotlarga ishga taqsimlash” jumlasi ishlatilgan. “Davlat” so'zi mavjud emas. Korxonalar xususiy ham bo'lishi mumkin. Tashkilotlar nodavlat va notijorat ham bo'lishi mumkin. Bundan kelib chiqadiki, 3 yil majburiy ishlab berish davlat tashkilotlarida bo'lishi shart emas.

10. Davlat granti asosida OTMni bitirgan talaba ikkinchi mutaxassislik bo'yicha o'qishga hujjat topshira oladimi?

Yo'q, topshira olmaydi. “O'zbekiston Respublikasi ta`lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi ta`limni olish tartibi to'g'risida”gi nizomning (13.08.2008) 4-bandida ikkinchi va undan keyingi oliy (o'rta maxsus, kasb-hunar) ma`lumot olmoqchi bo'lgan shaxslar ta`lim muassasasining qabul komissiyasiga oliy (o'rta maxsus, kasb-hunar) ma`lumot to'g'risida davlat namunasidagi diplomning asl nusxasini ilovasi bilan topshirishi belgilangan. Demak, 3 yil majburiy ishlab bermagan va hali diplomining asl nusxasini olmagan talabalar ikkinchi mutaxassislikka hujjat topshira olmaydi.

Xushnudbek Xudayberdiyev,

huquqshunos


Комментарии (0) | Добавить: 04.07.2018
Faqat ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar izoh qoldirishi mumkin. Marhamat ro'yhatdan o'ting!
[ Регистрация | Kirish ]
Поиск MP3 и Клипы

«Новости»

Qoraytirilgan oynali avtotransport. Sharoit barchaga teng bo‘lishi kerak
Ronaldu Turinda! Futbolchi “Yuventus” uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tdi (foto)
Putin Xelsinkiga keldi. Tramp ham shu yerda
“Xalqlar do‘stligi” saroyi rahbari Isroil G‘ulomov bilan suhbat
Sevimli telekanali o‘zbekchilikka zid film namoyish etgani uchun tomoshabinlardan uzr so‘radi
Shavkat Mirziyoyev yaqin vaqt ichida rasmiy tashrif bilan Fransiyaga boradi
Dollarning rasmiy kursi 7800 so'mdan pastga tushdi
Tramp Rossiya bilan yomon munosabatlar sababini aytdi
Toshkentda shahrida muqobil televideniye efiri to'xtatildi
Frantsiya - Jahon chempioni!
Suvsiz shahardagi hayot
Kam uxlab, tiniqib uyg'onishning yo'lini bilasizmi
Bugun jahon chempioni nomi aniq bo‘ladi. JCh-2018. Final
Tarkanning oilasida qiz farzand dunyoga keldi
Shahram G‘iyosov meksikalik raqibini 1-raunddayoq nokautga uchratdi
Ravshan Ermatov guruhi Toshkent Xalqaro aeroportida kutib olindi
Islom Karimovning ilk uchrashuvi. Tatyana Karimova xotiralaridan
Fazliddin G‘oibnazarov yengilmas bokschini mag‘lub etdi
Bugundan eng kam ish haqi 184 300 so‘m bo‘ldi
Po'lat Bobojonov Samarqandda. Kattaqo'rg'ondagi voqea yuzasidan yana 7 xodim ishdan bo'shatildi
Haqiqiy yetakchiga kerak bo'lgan 20 ta xususiyat va ko'nikma
JCh-2022 qishda o'tkaziladi
Qiziq fakt: Samarqand viloyatining 2001-yil 11-sentabrdan keyingi yetti hokimi hozirda yuqori lavozimlarda ishlamoqda
Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari o‘qituvchilar hamon majburiy mehnatga jalb etilayotganini aytdi (video)
“O'ztransgaz” AJ barcha hududiy gaz ta`minoti idoralarining faoliyatini yaxshilaydi
Koreyada ishlashni istovchilar uchun yangicha imtihonlar joriy etiladi
Kattaqo‘rg‘on IIBga yangi boshliq tayinlandi
Eng katta oila
Sud qarorlari internetda e’lon qilinadi
«Uzsard» kartalari egalari uchun xushxabar