У нас есть только
оригинальные песни

Davlat idoralari rahbarlariga muntazam ravishda jurnalistlar bilan uchrashish majburiyati yuklandi

calendar 24.02.2018
730

O‘zbekiston hukumatining davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari axborot xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirishga oid qarori qabul qilindi.

Hujjatda jismoniy va yuridik shaxslarning davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotni izlash, olish va tarqatishga doir huquqlarini ta’minlashga qaratilgan normalari ijrosini ta’minlash mazkur idoralarning eng ustuvor vazifalaridan biri ekanligi qayd etildi. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi rahbari ushbu vazifalar amalga oshirilishi uchun shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo‘yildi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmati to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi. Axborot xizmati (matbuot xizmatlari, jamoatchilik bilan aloqalar xizmatlari) davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi xodimlarining umumiy soni doirasida tashkil etilishi hamda shu organ rahbariga bevosita bo‘ysunadigan alohida mustaqil bo‘linma hisoblanishi belgilandi.

OAV bilan o‘zaro hamkorlik, doimiy hamkorlikda ishlaydigan jurnalistlar doirasini shakllantirish, organ faoliyatini xorijiy OAVda sifatli yoritish maqsadida O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari, shuningdek, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalarini axborot materiallari (kino, foto, audio va videomateriallar, bosma mahsulotlar) bilan ta’minlash ularning asosiy vazifalari qatoriga kiritildi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bilan birgalikda 3 oy muddatda axborot xizmatlari rahbarlari va xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish, xizmatlarni jurnalistlar, jamoatchilik bilan aloqalarni tashkil etish va boshqa sohalardagi yuqori malakali mutaxassis kadrlar bilan ta’minlash, zamonaviy moddiy-texnik bazani shakllantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish topshirildi.

Axborot xizmatlariga OAV vakillari bilan, jumladan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari ishtirokida muntazam ravishda (oyda kamida bir marta) matbuot anjumanlari, brifinglar o‘tkazish majburiyati yuklandi.

Яндекс.Метрика