У нас есть только
оригинальные песни

“Davlat xizmati to'g'risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi, meritokratiya tushunchasi joriy etiladi

calendar 21.07.2017
1218

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida “Davlat xizmati to'g'risida”gi Qonun loyihasi konsepsiyasi muhokamasiga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri A.Abduhakimov o'z taqdimotida qonun loyihasi xorijning ilg'or tajribasi inobatga olinib tayyorlanayotgani, shu bilan birga, unga bir qator qo'shimchalar aks ettirilishi rejalashtirilayotganini ta`kidladi. Qayd etish lozimki, ishlab chiqilayotgan qonunda meritokratiya tushunchasi – ijtimoiy kelib chiqishi va moliyaviy darajasidan qat`i nazar eng qobiliyatli kishilarning rahbarlik lavozimlarini egallashlariga asoslangan boshqarish prinsipi joriy etiladi.

Jahon tajribasi va MDH mamlakatlari, Singapur, Yaponiya, Koreya, Yevropa tajribasi shuni ko'rsatmoqdaki, yaxlitligicha davlat apparatining asosiy prinsiplari, shakllanish va faoliyat yuritish mexanizmlari yanada yaqqolroq aks etgan “Davlat xizmati to'g'risida”gi Qonun davlat boshqaruvining asosiy hujjatlaridan biri sanaladi.

Qonun loyihasi davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi, tashkilotning asosiy prinsiplari va davlat xizmati tizimining faoliyatini tartibga solish, davlat xizmatchilari kadrlari tarkibini shakllantirish, tanlov asosida yollash, o'tkazish, faoliyatni baholash, xizmatdan bo'shatish masalalari, davlat xizmatchilarining ijtimoiy va pensiya ta`minotini hisobga olgan holda, halol va fidokorona xizmatni moddiy va nomoddiy shaklda rag'batlantirish mexanizmlari, shuningdek, xizmat etikasi va korrupsiyaga qarshi kurash masalalarini ham tartibga solishni ko'zda tutadi.

Mazkur qonun loyihasini ishlab chiqishning dolzarbligi u 11 ta vazirlik, 7 ta davlat qo'mitasi, 6 ta agentlik, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi 3 ta qo'mita, 6 ta Markaz, 7 ta davlat inspeksiyasi, shuningdek, joylardagi davlat hokimiyati organlari xizmatchilariga bevosita daxldorligi bilan e`tirofga sazovor.

Uchrashuvda ishtirok etgan ekspertlarning ta`kidlashicha, qonun konsepsiyasi mohiyati va mazmuni mamlakatni istiqbolda rivojlantirish yo'lida turgan dolzarb masalalarga javob beradi hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga sezilarli hissa qo'shishi mumkin. Amalga oshirilayotgan o'zgarishlar asnosida mazkur qonun qabul qilinadigan bo'lsa, u davlat va jamiyat munosabatlaridagi tuzilmaviy o'zgarishlar katalizatoriga aylanishi mumkin.

Davra suhbati ishida ishtirokchilar tomonidan qonun loyihasida davlat xizmatchilari faoliyatining natijasini ular tomonidan ko'rsatilayotgan davlat xizmati bilan bog'lovchi samaradorlikning asosiy ko'rsatkichlarini (KPI) o'zida aks ettiruvchi mezonni kiritish zarurligi qayd etildi.

Яндекс.Метрика