У нас есть только
оригинальные песни

Defoltga uchragan davlatlar haqida nimalarni bilamiz?

calendar 16.06.2016
1101

Xalqaro Valyuta jamg'armasi ekspertlarining fikricha, 1812 yildan  2012 yilgacha bo'lgan muddatda kamida  83 mamlakat tashqi va ichki qarzlarni to'lay olmagani bois bankrotga uchragan.

E'tiborlisi shundaki, bankrotga uchragan davlatlar orasida AQSh, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Germaniya ham bor. Masalan, Gretsiya va Turkiya olti marta defoltni boshdan kechirgan. AQSh esa 200 yillik tarixi davomida besh marta defolt xaqida bayonot bergan.

Mutaxassislarning so'zlariga qaraganda, AQSh bir marta tashqi qarzini, to'rt marta esa ichki qarzlarini to'lay olmagan. Birinchi bankrotlik 1790 yilda, so'nggisi esa 1933 yilda qayd qilingan.

Tarixda Еvropa qit'asidagi 47ta mamlakatdan 22tasi kasodga uchrashdan qochib qutila olmagan. Germaniya 212 yil mobaynida 8 marta defoltni boshdan kechirdi. So'nggi bor bu mamlakat Ikkinchi jahon urushi sabab 1939 va 1948 yillarda “singan”. 

Bankrotlik bo'yicha Ispaniya oldingi o'rinlarda turadi. Bu mamlakat 19 asrda 8 marta 20 asrda esa bir marta defolt e'lon qilgan.

Osiyoda esa 47ta mamlakatning  14tasi mazkur muammo bilan to'qnash kelgan. Shu o'rinda Yaponiya, Xitoy, Hindiston kabi mamlakatlarni ham misol sifatida keltirish mumkin.

Lotin Amerikasi mamlakatlari bankrotlik bo'yicha boshqa davlatlarni ortda qoldirib ketadi. Mintaqadagi 12ta mamlakatning birortasi ham bu muammodan qochib qutila olmagan. 10 martadan defoltga uchragan Venesuela, Peru va Ekvador jaxon rekordini o'rnatgan. Bu mamlakatlardan keyingi o'rinda 9 martadan bankrotga yo'liqqan Braziliya, Meksika, Urugvay, Chili turadi. Argentina ham bir necha marta bankrotga uchragan.

Okeaniya mintaqasidagi 12 mamlakatning birortasi ham bankrotga uchramagan.

So'nggi 20 yilda kasodga uchragan davlatlar xaqida
Shu davr mobaynida Meksika 1994 yilda, Rossiya 1998 yilda, Argentina  2001 yilda va Urugvay 2003 yilda bankrot deya e'lon qilingan.

1997 yilda  yangi bozor paydo bo'lishi bilan Rossiya xalqaro investorlarning ishonchini qozonishga harakat qilgan edi. Biroq 6 yillik islohotlar samara bermadi. Mamlakat maoshlarning kamligi, aholining qashshoqligi tufayli "bir joyda turib qoldi". O'sha yili Osiyoda kuzatilgan inqiroz tufayli Rossiya rubli beqaror bo'lib qoldi. Vaziyatga Xalqaro Valyuta jamg'armasi aralashmasa bo'lmaydigan holatga yuzaga keladi. Natijada, Moskva Xalqaro Valyuta jamg'armasidan 22,6 milliard  dollar qarz oldi va davlatning qisqa muddatli obligatsiyalari uzoq muddatli evrobondlarga almashtirildi. Bu qo'llab-quvvatlash qisqa davrda samara berdi. Hukumat avgust oyida pulni devalvatsiya qilishga va ichki qarzlar bo'yicha defolt e'lon qilishga qaror qildi. Tashqi qarzlarni to'lash muddati uzaytirilishi so'raldi. Ko'rilgan chora-tadbirlar natijasida mamlakat zudlik bilan inqirozni bartaraf etishga muvaffaq bo'ldi. Bir yilga etar-etmas iqtisodiy o'sish kuzatila boshlandi.

O'tgan asrning 90-yillari so'nggidagi chuqur inqiroz Argentinada taqchillikka sabab bo'ldi. Bu mamlakat sarmoyadorlarning ishonchini yo'qotdi. Bu o'z navbatida mamlakatdan xorijiy kapitalning chiqib ketishiga olib keldi. Vaziyat yomonlashib ketishidan xavotirga tushgan aholi 2001 yilda banklarda saqlanayotgan pullarini olishga majbur bo'ldi. Milliy valyuta dollarga aylantirilib, xorijga olib chiqildi. Hukumat bir yil mobaynida bankdagi pullarni muzlatib qo'ydi. Odamlar kam miqdordagi mablag'larini olish huquqiga ega bo'lishdi. Bundan norozi bo'lgan odamlar ko'chalarga chiqishga qaror qildi. Hukumat taqchillikka qarshi kurashish maqsadida o'z zimmasiga bir qator majburiyatlar olgan holda davlat obligatsiyalarini erkin sotuvga chiqardi. Biroq hukumat zimmasidagi majburiyatlarni bajara olmadi. Oradan ko'p o'tmay davlat qarzlarni to'lay olmasligini aytdi. Xorijiy sarmoyadorlar chiqib ketgani, kapital kelmagani, ishsizlik 25 foizga o'sgani bois Argentina osmonida qora bulutlar paydo bo'ldi. Qishloq xo'jaligi inqirozga yuz tutdi. Davlat obligatsiyalariga ega bo'lgan odamlarning katta mablag'laridan ayrildi. Ko'plab korxonalar berkitildi. Uysizlar soni oshib bordi. 2005 yilda hukumat kelishuvga rozi bo'ldi. Unga ko'ra, defolt tufayli qadrsizlangan obligatsiyalarning 76 foizi boshqasiga, shunda ham juda arzon narxda almashtiriladigan bo'ldi.

Urugvay ham Argentinadagi inqirooz ta'siridan qochib qutila olmadi. Buenos–Ayres o'z banklaridagi kapitallar ustidan nazoratni kuchaytirgan bir vaqtda Urugvay ham mana shu inqiroz domiga tortildi.

Sharofiddin To'laganov tayyorladi

Яндекс.Метрика