Gollivud aktyori Deniel Kreyg The Daily Mail nashriga bergan intervyusida o'z jismoniy imkoniyatlari imkon bergan vaqtgacha Jeyms Bond rolini ijro etishda davom etishini ma'lum qilgan.
Bondni o'ynash katta jismoniy zo'riqishlarni talab etadi. Men kinoni tasvirga olish jarayonida doimiy ravishda sport zallarida ter to'kaman. Men endilikda yosh emasman va bu rolni ijro etishim qiyinlashib bormoqda. Lekin tanamda kuchim bor ekan, bu rolni ijro etishda davom etaman", deydi aktyor.
Film ijodkorlari Deniel Kreyg bilan "007: Spektr" filmini suratga olish ishlari yakunlanganidan keyin ham u bilan yana kamida bitta filmda hamkorlik qilish bo'yicha bitim tuzib bo'lishgan. Aktyorning o'zi kelajakda Bond haqidagi yana nechta filmda suratga tushishini aniq ayta olmasligini bildirgan.
Bundan tashqari, aktyor o'z intervyusida o'zini Bond bilan qiyoslamaslik kerakligini ta'kidlagan.
"Men haqiqiy hayotda engilmas va xotinboz emasman. Men o'z qahramonimdan ta'sirlanmaganman. Haqiqiy hayotda muloyim va odobli yigitman. Aktyorlarni personajlar bilan qiyoslash to'g'ri bo'lmaydi", deydi u.
"007: Spektr" filmi shu yilning 6 noyabr kuni kinoprokatga chiqariladi. Bu kartina Kreyg uchun Bond haqidagi filmlarning to'rtinchisi bo'ldi.
Qayd etish kerakki, Kreyg ijrosidagi Bond haqidagi filmlarning eng ko'p darajada muvaffaqiyatga erishgani «007: «Skayfoll» koordinatlari» nomlisi bo'ldi. Bu kartina kinoprokatlarda 1,1 milliard dollar mablag' ishlagan.