У нас есть только
оригинальные песни

Devid Kemeron bosh vazir qarorgohidan ko‘chib chiqib ketmoqda

calendar 13.07.2016
1139

Buyuk Britaniya bosh vazirlarining Dauning-strit, 10 dagi rasmiy qarorgohida olti yildan beri yashab kelgan Devid Kemeron narsalarini yig‘ishtira boshladi. Uning 13-iyulga mo‘ljallangan iste’fosi arafasida Kemeronning uyi oldiga transport firmasining yuk mashinasi yetib keldi, deb xabar beradi “TASS”.

London markazidagi ko‘cha oldida to‘planib turgan jurnalistlar Konservatorlar partiyasining sobiq yetakchisining oxirgi, uchinchi qavatda joylashgan kvartirasidagi yuklarni o‘rash uchun ketadigan materiallar haqida ma’lumot olishga muvaffaq bo‘ldi.

“330 karton quti, 30 o‘ram skotch va uch rulon plyonka”, — deb bu buyumlarni sanab o‘tdi Daily Mirror.Eslatib o‘tamiz, Brexit yuzasidan o‘tkazilgan referendumda saylovchilarning yarmidan ko‘prog‘i Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqishi uchun ovoz berganidan so‘ng bu nuqtai nazarga qarshi taraf yetakchisi bo‘lgan bosh vazir iste’foga chiqishini ma’lum qilgan edi.

Buyuk Britaniyada hukumat rahbarining iste’foga chiqish jarayoni tezkor sur’atlarda kechadi. Muxolif partiya g‘alaba qozongan taqdirda ovozlar sanab bo‘lingach, ertasiga ertalab bosh vazir Bukingem saroyiga boradi va qirolichani iste’foga chiqayotganidan boxabar etadi. Qirolicha iste’foni qabul qilgach, siyosatchi bosh vazir qarorgohiga qaytib kelmaydi, negaki u paytda u yerga yangi xo‘jayin joylashayotgan bo‘ladi.

Hozirgi vaziyatda esa Kemeronning iste’fosi ko‘pdan beri kutilayotgan edi, shu bois u buyumlarini yig‘ishtirish uchun vaqt topa oldi, deb hisoblamoqda britaniyalik jurnalistlar.

Bosh vazirlik lavozimiga saylanguniga qadar Kemeron Londonning Notting-Xill tumanidagi uyida istiqomat qilib kelayotgan edi. Ammo uning darhol o‘z uyiga qaytishi shubha ostida. Gap shundaki, Dauning-strit, 10 ga ko‘chib o‘tgach, Devid Kemeron uyini ijaraga bera boshlagan edi. OAV ma’lumotiga ko‘ra, hozirda uyda istiqomat qilayotganlar chiqib ketishga ulgurgani yo‘q.

Яндекс.Метрика