У нас есть только
оригинальные песни

Dilso‘z: Maktabda yanada yaxshi o‘qimaganimdan va ingliz tilini mukammal o‘rganmaganimdan xafa bo‘laman

calendar 07.01.2017
1217

2016-yil yorqin, unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi. Qizim Dilso‘z ilk qadamlarini tashladi. Tili chiqdi, birinchi aytgan so‘zi — dada! U tug‘ilganidan beri uyimizda boshqacha kayfiyat, har kuni bahor! Bir yoshga to‘lgani, shodiyonani his qilib, yayragani qalbimga o‘zgacha bir shukuh olib kirdi!

Ko‘z yoshlar. 30-noyabr kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Yoshlar simfonik orkestrining konserti bo‘lib o‘tdi. Dastur avvalida Birinchi Prezidentimiz xotirasiga atalgan musiqiy asar yangrab, suratlari ekranda ko‘rsatildi. Bu lahzalarda nafaqat men, zalda o‘tirgan barcha san’at ixlosmandlari ko‘zlariga yosh olishdi.

Umr yo‘ldoshim ham san’at vakili ekanligining hozircha faqat plyus tomonlarini ko‘rayapman. Buning minuslari bormi-yo‘qmi, hozircha bilmayman. Meni tushunishi, qo‘llab-quvvatlashi, fikrlari bilan o‘rtoqlashishlari ham foydali, ham qiziq. Mana, qizim tug‘ilgach ham ijodda faolman.

Oshxonada… Pishiriqlar tayyorlashni kichkinaligimdan yaxshi ko‘raman. Ilk tajribalarim unchalik o‘xshamagan. Nuqul piroglarni kuydirib qo‘yardim. Onam tayyorlab bo‘lganimdan so‘ng xatolarimni aytib o‘rgatardilar. O‘zim asalli tortni yaxshi ko‘rib yeyman. Biror bayram yo bahonani kutib o‘tirmay, vaqtim bo‘ldi deguncha pishiraman.

Men va qizim. Dilso‘z tashqi ko‘rinishi jihatdan ko‘proq dadasiga o‘xshaydi. Fe’l-atvorini esa bilmadim. Hali kichkina-ku, bu borada biror nima deyish qiyin. Hozir u bilan vaqt o‘tkazish juda qiziq.

Vaqt hukmi ta’sir o‘tkazmaydigan biror-bir inson yoki narsa bo‘lmasa kerak yer yuzida. Albatta, taronalarim ham men bilan birga ulg‘ayadi. Deylik, o‘n, yigirma yildan keyin “Uylanasizmi, yo‘qmi?” kabi qo‘shiq kuylamasam kerak. Hozir ham o‘ylanib-o‘ylanib aytganman bu qo‘shiqni. Lekin ellikka kiramizmi, nasib qilsa, yetmishgami, sevgi haqida kuylayveramiz. Inson axir muhabbat bilan tirik.

Afsus… o‘zimga yarasha afsuslanadigan tomonlarim bor. Maktabda yanada yaxshi o‘qimaganimdan, ingliz tilini vaqtida mukammal o‘rganmaganimdan xafa bo‘laman ba’zida. Yana hammasi hali oldinda, imkon bor, istagingni so‘ndirma, deya o‘zimni ovutib ham qo‘yaman. Qizim bilan xorijiy tillarni o‘rgana boshlasam ham ajabmas

Яндекс.Метрика