У нас есть только
оригинальные песни

Dollarning qiziqarli tarixi

calendar 21.04.2018
1540

Asrlarki, unga bo‘lgan qiziqish susaymagan. Chunki davlatlar zaxirasining 50-70 foizi mana shu valyutada saqlanadi. Bugungi hikoyamiz boylikning o‘ziga xos ramzlaridan biri bo‘lgan Amerika Qo‘shma Shtatlari dollari haqida.

Dollar so‘zining kelib chiqishini XVII-XVIII asrlarda Germaniyada zarb qilingan va «taler» deb nomlangan kumush tangalar bilan bog‘lashadi. Daniyada talerlar «daler» tarzida talaffuz qilinadi. Inglizlar unga yanada jarangdor – dollar nomini berishadi. Amerika qit’asi ispanlar koloniyasi bo‘lgani bois bu hududda ispan tangalari ishlatib kelinardi. Amerika Qo‘shma Shtatlari uzoq davom etgan urushdan so‘ng mustaqillikka erishadi va 1785-yilda bu davlatning pul birligi dollar deb e’lon qilinadi. AQShning birinchi dollarlari 1794-yilda kumushdan zarb qilingan. 

Dollar muomalaga kiritilgan vaqtdan boshlab AQSh hukumati uning qiymatini oltin bilan bog‘lagan. 1792-yilda oltinning bir unsiyasi 19,3 dollar deb belgilangan. 1834-yilda AQShning oltin zaxirasi yetarli bo‘lmaganligi tufayli unsiya bahosi 20,67 dollarga ko‘tarilgan. Bu qiymat asrlar davomida o‘zgarib borsa-da, dollarning oltin bilan baholanishi va bog‘liqligi saqlanib qolinavergan.

Ikkinchi jahon urushidan keyin zaiflashib qolgan Yevropa davlatlarining milliy valyutalari hali tiklanmagan iqtisod tufayli qadrsizligi, dollarning AQSh hukumati tomonidan oltinga almashtirilishi bo‘yicha kafolat o‘z ishini qiladi. Dollar ko‘hna qit’aga oqib kela boshlaydi.

1944 yilda Bretton-Vuds kelishuviga asosan AQSh hukumati 35 dollar evaziga bir troya unsiyasi miqdorida oltin berish majburiyatini oladi, oltin asosiy valyutadan zaxira valyutasiga aylanadi.

1960-yillarga kelib bu qiymatni saqlab turish ham muammoga aylanadi. Oltinning narxi yana ko‘tarilib ketadi. 1971-yilda 38 dollarga, 1973-yilda 42,22 dollarga teng bo‘ladi. 1971-yilda prezident Richard Nikson dollarning oltin bilan bog‘liqligiga chek qo‘yadi, bu xabar rasman 1976-yildagina e’lon qilinadi. O‘sha yilda Yamaykada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda valyuta tizimlarining o‘zgaruvchan kursi yo‘lga qo‘yiladi, oltin erkin narxda sotila boshlaydi.

Bu oltinning valyuta xususiyatini yo‘qotganini, dollar zaxira valyutasiga aylanganini anglatardi. «Endi dollarning dunyo bo‘ylab hukmronligiga chek qo‘yildi, oltinga almashilmaydigan valyuta o‘z qadrini yo‘qotadi» deya fikr yuritganlar tez orada xato qilganlariga amin bo‘ladilar. Bu vaqtga kelib AQSh dollari har qanday oldi-berdida qulayligi bilan qadr qozonib ulgurgandi.

Dollar haqida faktlar:

  • AQSh dollari davlat pul birligi sifatida Marshall orollari, Salvadorda ham ishlatiladi. Shuningdek Zimbabvening amaldagi valyutasidir.
  • 1861-yildan keyin chiqarilgan har qanday federal banknot hozirgi kunda ham to‘lov vositasi sifatida qabul qilinaveradi. Ya’ni har qanday «eski» pullar ham o‘taveradi.
  • Biz bilgan va ko‘rgan 1, 5, 10, 20, 50, 100 dollarliklardan tashqari 2, 500, 1000, 5000, 10 000, 100 000 dollarliklar ham bor. Ikki dollarlik juda kam nusxada chiqarilgan bo‘lsa, katta qiymatdagi pullar faqat banklararo to‘lovlarda ishlatilgan. To‘lovlarning elektron tizimi (pul ko‘chirish) yo‘lga qo‘yilgach, bu pullar muomaladan olingan. Lekin bu banknotlar hanuz kimlarningdir qo‘lida bor va ularning numizmatik qiymati nominal qiymatidan bir necha barobar ortiq.
  • Tangalarning ham o‘z nomlari bor: 1 sentlik — penni, 5 sent – nikel, 10 sent – daym, 25 sent – kvoter, 50 sent – xaf deb yuritiladi.
  • Har kuni AQShda 35 mln. dona turli nominaldagi banknotlar ishlab chiqariladi. Ularning umumiy qiymati taxminan 650 million dollarga teng. Bu pullarning 95 foizi yaroqsiz pullar o‘rniga ishlatiladi. 2005-yilda bir banknotni chop etish uchun taxminan 5,7 sent sarflanishi hisoblab chiqilgan.
  • AQSh federal zaxira tizimi ma’lumotlariga ko‘ra 1 dollarlik 22 oyda, 5 dollarlik 24 oyda, 10 dollarlik 18 oyda, 20 dollarlik25 oyda, 50 dollarlik 55 oyda yangisiga almashtiriladi. Yuztalik eng ko‘p «yashaydi», u 60 oy aylanib yuradi. 
  • Dollarning yashil rangda tovlanishi sababi ham qiziq. 1869-yilda AQSh moliya vazirligi Filadelfiyaning «Messers J. M. & Sox» kompaniyasiga yangi pullar chop etish bo‘yicha buyurtma beradi. Ungacha bo‘lgan davrda dollar asosan oq-qora rangda bo‘lib, faqat bir chetigina yashil rangga bo‘yalgan. Fotografiyaning paydo bo‘lishi tufayli oq-qora rangdagi pullar osongina qalbakilashtirila boshlandi. Buning oldini olish maqsadida banknotlarga boshqa ranglar qo‘shishga qaror qilinadi. Fabrikalarda ko‘p miqdorda yashil bo‘yoqlar borligi, boshqa ranglar qo‘shimcha xarajatlar keltirib chiqarishi mumkinligi uchun shu rangga zo‘r beriladi va dollar «ko‘k» (to‘g‘rirog‘i «yashil») degan yana bir sinonimga ega bo‘ladi. Oxirgi yillarda chop etilayotgan banknotlarda qizil rang ham paydo bo‘ldi. Har kuni dollar ishlab chiqarish uchun taxminan 20 tonna bo‘yoq sarflanadi.
  • Dollar eng ko‘p qalbakilashtiriladigan valyutadir. Shuning uchun AQShda qalbakilashtirishga qarshi kurashga doim qattiq e’tibor beriladi. Dollar qog‘ozini faqat bitta kompaniya ishlab chiqaradi va bu kompaniyaga AQSh hukumatidan tashqari har qanday joyga mahsulot sotish taqiqlangan. Bo‘yoqlar formulasi AQShning Gravirovka va muhr byurosi siri hisoblanadi. 1990 yildan boshlab dollar himoyasi yanada kuchaytirildi. Unga qo‘shimcha iplar va mikromuhr qo‘yila boshlandi. Har 7-10 yilda banknotlar dizayni o‘zgartirib turiladi. Dollar faqat ikkita fabrikada — Texas va Vashingtonda tayyorlanadi va bu korxonalarda uch mingga yaqin xodim ishlaydi.
  • Chop etilgan pullarning 30-50 foizi AQSh hududidan tashqariga chiqib ketadi.
  • Nominal qiymatidan qat’i nazar har qanday banknot taxminan 1 gramm og‘irlikka teng.
  • Banknotlarning asosiy dizayni 1928-yilda tasdiqlangan va unga ko‘ra pullarda asosan AQSh prezidentlari suratlari tasvirlanadi: 1 dollarlikda AQShning 1-prezidenti Jorj Vashington, 2 dollarlikda 3-prezident Tomas Jefferson, 5 dollarlikda 16-prezident, Shimol va Janub o‘rtasidagi urush g‘olibi Avraam Linkoln, 10 dollarlikda AQSh asoschilaridan biri, birinchi moliya vaziri Aleksandr Hamilton, 20 dollarlikda 7-prezident Endryu Jekson, 50 dollarlikda 18-prezident, grajdanlar urushi qahramoni Uliss Grant, 100 dollarlikda olim, publitsist va mohir diplomat Benjamin Franklin surati tushirilgan.
Яндекс.Метрика