У нас есть только
оригинальные песни

Dunyodagi eng katta kutubxonada O'zbekistonda nashr etiladigan kitoblar saqlanadigan bo'ldi

calendar 08.03.2018
838

London shahrida amaliy tashrif bilan bo'lib turgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O'zbekistonga oid xorijdagi madaniy merosni tadqiq etish markazi va Toshkent islom universitetining Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi vakillaridan iborat delegatsiya 5 mart kuni Britaniya kutubxonasining ma`muriyati bilan uchrashuv o'tkazdi. O'zbekiston delegatsiyasini Britaniya kutubxonasining to'plamlar rahbari va kuratori doktor Kristian Jyensen, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo to'plami rahbari doktor Kolin Beker, Osiyo va Afrika to'plami rahbari doktor Luiza Mengoni, Yevropa va Amerika to'plami rahbari Janet Zmrojyek qabul qildi.

Ma`lumot o'rnida aytish mumkinki, Britaniya kutubxonasi dunyodagi qo'lyozma, kitob, xarita, jurnal va boshqa manbalarning eng boy fondiga ega kutubxona hisoblanadi. Kutubxonada 150 milliondan ziyod manbalar saqlanadi. Unga har yili 3 million yangi adabiyot qo'shiladi, kutubxonaga har kuni o'rtacha 16 000 kitobxon tashrif buyuradi. Agar kuniga Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan 5 ta kitob o'qilsa, jami manbalarni o'qib tugatish uchun 18 000 yil kerak bo'ladi.

Uchrashuvda o'zaro hamkorlikning istiqbollari muhokama etildi. Britaniya kutubxonasi rasmiylariga O'zbekistonda buyuk allomalarimiz merosini saqlash, tadqiq etish, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizga ajdodlarimiz asarlarida tarannum etilgan ilm-ma`rifatga chorlovchi g'oyalarni yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma`lumot berildi.

Shuningdek, Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan mamlakatimiz tarixiga oid asarlar nusxalarini olish, kutubxonaning konsepsiyasi, ish uslubi va metodologiyasini o'rganish, mutaxassislar almashinuvini yo'lga qo'yish masalalari muhokama qilindi.

Britaniya kutubxonasining Osiyo va Afrika to'plami rahbari doktor Luiza Mengoni o'z so'zida Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan O'zbekiston ulamolari va mutafakkirlari qalamiga mansub nodir qo'lyozma va toshbosma asarlarni o'rganish, kataloglarini yaratish, faksimele nusxalarini olishda hamkorlik qilishga tayyor ekanini ma`lum qildi.

Ushbu maqsadda qo'lyozmalarning katalogini yaratuvchi sharqshunos, islomshunos olimlar, foto nusxalarni tayyorlovchi mutaxassislarni yollash, hamkor tashkilotlarni belgilash zarurligi ta`kidlandi. Mazkur vazifalar muayyan muddatni o'z ichiga olgan alohida loyiha doirasida bajarilishi haqida ma`lumot berildi.

Muzokaralar natijasida Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan O'zbekiston tarixiga oid yozma manbalarning mavjud nusxalarini olish, o'rganilmagan asarlarning elektron nusxalarini yaratish, Buyuk Britaniyada o'zbek mutaxassislarining malaka oshirish o'quvlarini tashkil etish va mamlakatimizda nashr etiladigan tadqiqotlarni Britaniya kutubxonasiga taqdim etish bo'yicha kelishuvga erishildi.

Britaniya kutubxonasi vakillari mamlakatimizda ushbu sohada amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida O'zbekistonga tashrif buyurish istagida ekanini ma`lum qildilar.

Яндекс.Метрика