У нас есть только
оригинальные песни

"E'tirof - 2015"! Imi-jimida, apil-tapil o'tib ketadimi?

calendar 21.12.2015
2483

“E'tirof” tashkil qilinganida rosa umidlar qilgandik. Endi g'oliblar shaffof tarzda aniqlanadi. Endi boshqacha bo'ladi...
Birinchi yil rosa shov-shuv bo'ldi. O'tgan yilgi shou juda cho'zilib ketdi. Bu yil bir bo'ladi, bir bo'lmaydi degan gap-so'z tarqaldi. Yo'q, baribir o'tkaziladigan bo'ldi.
O'tgan ikki yil ichida el ishonchini o'z kuchida saqlovchi qoidaga amal qilingan edi: nomzodlar kimligi e'lon qilinib, ommaning ovoz berishi haqida e'lon bor edi. Bu yil na “ovoz bering!” bor, na boshqa narsa! Tez-tez, ko'z-ko'rona, apil-tapil tomosha... Bunday tomosha kimga kerak?
El taklifnoma izlamoqda. Hatto bir kun oldin ham qaysi xonandalar qo'shiq kuylashi ma'lum bo'lmagan marosim taklifnomalari allaqachon tanish-bilish va qarindosh urug'ning qo'liga etib borgani g'alati. Bu bilan hech kimning ishi yo'q.
“O'ziga xon, ko'lankasi maydon” bo'lmoqda. Taklifnoma so'raganlarga “vazirlikdan so'rang” deyishadi. Vazirlik “Yoshlar ijod saroyi”ga, bu saroy “O'zbeknavo”ga yo'naltiradi... birlashma yana vazirlikka. Xullas, ajoyib uchburchak! Taklifnomalar esa sirli ravishda o'z egalarini topgan.

23 ta nominatsiya! Qanday nominatsiyalar, nomzodlar kimlar? Bundan ommaning xabari ham yo'q. Ertaga kutilmagan ravishda g'oliblikka umuman daxli bo'lmagan “mashhurlik niqobidagi”lar taqdirlansa, buning hayratlanarli joyi yo'q. Ko'nikamiz.
Kumush Razzaqovaning san'atda borligi endi esga tushib qolganday... Har tugul-a, har tugul! Ma'lumotlarga qaraganda, o'z davrining kumush yulduziga aylangan Razzaqova uzoq vaqtdan so'ng “Istiqlol” sahnasida kuylashi katta yo kichik shov-shuv bo'lishi mumkin.

So'nggi yillarda Rossiya sahnalaridan arimagan Nazarxonning “E'tirof 2013”da “Ulug'imsan, Vatanim”ni kuylab chiqqani, uzoq kutilgan va kutilmagan voqea bo'lgandi. Bu yil ham u taqdimotga qo'shiq kuylash uchun taklif etilgani ma'lum bo'ldi. Balki, “syurpriz” qilib, Yulduz Usmonovaning ham ishtirokini o'ylab qo'yishgan bo'lsa, ne ajab? Ajab, ajab, yana ajab!
Bu yil g'oliblarni aniqlashda ommaviy so'rovnoma o'tkazilmagan bo'lsa, OAVda taqdimot targ'iboti “xo'ja ko'rsin” tarzda nomiga reklama qilingan bo'lsa, shaffoflik qaerda qoldi? Qani muxlislarning demokratik ovoz berish huquqiga e'tibor? Shu joyda bir mashhur qo'shiq yangraydi: “Jim turing! Shovqinlanmang!”.

Taqdimot marosimini ilk bor Rustam Dinamovichga (uni shou-biznesda shunday murojaat ila tanishadi!) ishonishgandi. Keyingi yil Sa'dulla Abdullaevga. Ish bor joyda kamchilik topiladi. Ikki rejissyor ishidan qoniqishmagan ko'rinishadi. Bu yil Hasan va Husan Solihovlarga omad kulib boqdi. “Yosh tomoshabinlar” teatri aktyorlari sanalmish Solihovlar yirik tadbir rejissyorligida ishonchni qay darajada oqlashi ertaga ma'lum bo'ladi!
Dinamovich (Rustam Shamsutdinov) shu kunlarda nima bilan mashg'ulligi noma'lum, Abdullaev tog'dagi dachasida “Ozod Zamin shou”sini suratga olish bilan ovora.

Bu rejissyor kim bilan munosabati yaxshi bo'lsa, o'sha yulduzlarni jamlab, serhasham dekoratsiya qurib, shov-shuv ko'tarishga urinib, hanuz trendda ekanligini isbotlashga urinmoqda. Hasan va Husan esa boshlariga qo'ngan “baxt qushi”dan mamnun!
Xullas, “E'tirof – 2015” imi-jimida, apil-tapil tarzda o'tkazilayotgandek.

Konvertda ism-sharifi bekitib qo'yilgan g'oliblar esa allaqachon kimlar ekanligi aniqligiga shubha yo'q. Eng qizig'i, g'oliblarni kim aniqladi? Haqiqiy e'tirof qilishga haqli omma fikrimi yo 3-4 ta mutasaddining shaxsiy fikri? Shu joyda yana o'sha mashhur qo'shiq yangraydi. “Jim turing! Shovqinlanmang!”.

Mayli, nima bo'lganda ham vijdon o'z kuchini yo'qotmasin. Uning kuchi yo'qolar ekan, odamlar ko'p narsalarga ishonmay qo'yadi.
Jasur HAMROЕV

Яндекс.Метрика