У нас есть только
оригинальные песни

Ektor Kuper: «Termada hech kimga joy kafolatlanmagan»

calendar 22.08.2018
1035

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Ektor Kuper boshchiligida Toshkentda yig‘inga kirishgani haqida xabar berib o‘tgandik. O‘FA matbuot xizmati argentinalik mutaxassis bilan qisqa intervyu uyushtirib, bo‘lajak yig‘in va tarkibga jalb qilingan futbolchilar haqida suhbatlashdi.

— Janob Kuper, yig‘inga futbolchilarni jalb qilishda nimalarga asoslandingiz?

— Birinchi navbatda, O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionati saralashidan o‘rin olgan barcha uchrashuvlarini ko‘rib chiqdim. Shuningdek, bu yil o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvlarining videoyozuvini ham yordamchilarim bilan tahlil qildik. Ana shu uchrashuvlarda qatnashgan futbolchilarni dastlabki yig‘inga taklif qilishga qaror qildik. Yig‘in davomida futbolchilar bilan yaxshiroq tanishib, ular haqida kengroq ma’lumotga ega bo‘lamiz. Shundan kelib chiqib, milliy terma jamoaning asosini shakllantirib boramiz.

— Demak, dastlabki yig‘inga chaqirilgan futbolchilar asosiy tarkibdan joy olish uchun raqobatga kirishishlari kerak bo‘ladi, to‘g‘rimi?

— Ha, albatta. Yig‘inga chaqirilgani asosiy tarkibdan joy kafolatlandi, degani emas. Yig‘in davomida bizni qoniqtirmagan futbolchilarga javob berib yuboriladi. Shuningdek, O‘zbekiston Superligasi uchrashuvlarini muntazam kuzatib borish orqali, milliy chempionatdan ham futbolchilar kelasi yig‘inlarga taklif qilinadi. Buning ustiga, Olimpiya terma jamoasida to‘p surayotgan futbolchilar bor. Ulardan ham milliy terma jamoaga bir qator futbolchilarni chaqiramiz.

— Olimpiya terma jamoasi haqida so‘z ochdingiz. Indoneziyada bo‘lib o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarini kuzatib boryapsizmi?

— Albatta, kuzatib boryapman. Olimpiya terma jamoasi juda yaxshi shakllangan, kuchli futbolchilardan iborat. Bu jamoadan bir qator futbolchilarni ko‘z ostimga olib qo‘ydim. Ularni keyingi yig‘inlarga jalb qilamiz. Asosiysi, futbolchining yig‘in paytidagi jismoniy va funksional holatiga ko‘p narsa bog‘liq. Buning ustiga, termaga taklif qilingan futbolchi mening uslubimga mos kelishi kerak. Mana shu ikki jihat futbolchilarning milliy terma jamoada o‘ynab ketishida eng asosiy omil hisoblanadi.

— Milliy terma jamoamiz sentyabdra Suriya va Eron bilan, oktyabrda Qatar va Shimoliy Koreya bilan o‘ynaydi. Tanlangan raqiblar haqida fikr bildirib o‘tsangiz.

— Albatta, o‘rtoqlik o‘yinlari uchun tanlangan raqiblardan to‘la qoniqish hosil qildim. Hozir raqiblarni kuchli yoki kuchsizga ajratib o‘tiradigan payt emas. Muhimi, o‘z o‘yin uslubimizni yo‘lga qo‘yib, asosiy tarkibni shakllantirishimiz kerak.

Fursatdan foydalanib, bizga barcha sharoitlarni yaratib berayotgan, yaxshi sparring raqiblar bilan o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil qilayotgan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyatiga minnatdorchilik bildirib o‘tmoqchiman. 

Яндекс.Метрика