У нас есть только
оригинальные песни

El-klasiko! Barcha davrlarning eng asosiy o'yini haqida

calendar 23.12.2017
1113

Bugun «El-klasiko». Bu o'yinga ortiqcha ta`rif berib o'tirishning hojati yo'q. Dunyo futbol muxlislarini ikkiga ajratuvchi o'yin yana e`tiborimiz markazida bo'ladi. Tribuna.Uz barcha davrlarning eng zo'r qarama-qarshiligiga batafsil to'xtaladi.


ReAL - BARSeLONA
Bosh hakam:
 Xose Mariya Sanches Martines
Boshlanish vaqti: 23 dekabr, 17:00
Translyatsiya: UzReport TV, Pervyy kanal

Bu o'yinning kattaligi ushbu sahifamizga sig'maydi, bu aniq. Albatta, bu saytda ham, boshqa manbalarda ham bu o'yin haqida kattaroq prevyular yozilishi shubhasiz. Biz esa, doimiy format chegarasidan chiqmagan holda, bu o'yin haqida ham eslab o'tib ketamiz. 

O'yin oldidan
O'yin El Klasiko uchun noodatiy bo'lgan vaqtda, juda erta boshlanishiga e`tibor qaratishingiz mumkin. Bu yerda xitoylik tomoshabinlar ham hisoblashilgani avvalroq ma`lum qilingandi. 

«Barselona» Yevropada hali ushbu mavsumda ligada mag'lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan uch jamoadan biri. So'nggi o'yinlarda o'z o'yinini topib olgan va yaqinda Klublar o'rtasidagi jahon chempionatini yutib, yaxshi kayfiyatda bo'lib turgan «Real» ushbu seriyani buzish uchun juda munosib nomzoddir. Buning ustiga, bumavsumda faqat «Real» Valverde jamoasini mag'lub eta oldi – esingizda bo'lsa, avgustda bo'lib o'tgan Ispaniya Superkubogining har ikki o'yinida «Real» g'alaba qozongandi.  

Yo'qotishlar
Muhimi, madridliklarda jarohatlangan futbolchilar deyarli qolmadi va Zidanda ushbu o'yinda turli variantlarni sinab ko'rish uchun yaxshi imkoniyat bor. Beylning safga qaytgani, ammo asosiy tarkibda tushmasligi, Krishtianuning aynan shu o'yin uchun alohida tayyorlanayotgani haqida xabarlar chiqib turibdi. 

«Barselona»da esa aksincha, Samuel Umtitiga qo'shilib, Alkaser ham safdan chiqdi. Hujum chizig'idagi yana bir variant Delofeuning o'yinga tayyor bo'lishi dargumon. Usmon Dembele mashg'ulotlarga kirishgan bo'lsa-da, u jarohatidan oldin ham hali jamoa o'yiniga kirishib ulgurmagandi, undan katta yordam kutish qiyin. Xayriyatki, Inesta safga qaytdi va «Deportivo» bilan o'yinda muxlislar eski «Barselona»ni ham, nihoyat gol urishni boshlagan Luis Suaresni ham ko'rishdi.

Mehmonlarda bosimning kamroq ekani va durang ham ular uchun g'alabaga yaqin ekanini e`tiborga olsak, ular xotirjamroq to'p surishlari mumkin. Xulosa qilib, o'yinda har ikki tomon imkoniyatlarini teng baholash to'g'riroq bo'lardi. «Real» tarkibdagi balans va ijrochilarning ko'pligi hisobiga, «Barselona» esa, Leo Messining individual harakatlari yordamida biror natijadan umid qilishi mumkin. 

O'zaro o'yinlar
«Real» va «Barselona» shu kunga qadar 208 marta o'zaro to'qnash kelgan. 88 uchrashuvda madridliklar g'alaba qozongan bo'lsa, 80 uchrashuvda «Barselona»ning qo'li baland kelgan. 40 uchrashuvda durang natija qayd etilgan.

«Barselona» o'zaro o'yinlarda yaqqol ustunlik qilgan 2010 yilgacha bo'lgan davrni qo'shmasak, keyingi 28 o'yinning 10 tasida madridliklar, 11 tasida esa, «Barselona» g'alaba qozongan.

El-Klasikolarda «Real»ning, ayniqsa, Serxio Ramosning  (4 marta) muntazam qizil kartochka olishini ham ta`kidlash kerak.

Qiziqarli faktlar
«El-klasiko»da kamdan-kam holatlarda golsiz durang kuzatilgan. So'nggi marta 2002 yilda bu to'qnashuvda hisob ochilmagan. Ungacha esa 1989 yilda bu kabi nursiz durang qayd etilgan.

«Barselona» so'nggi 23 uchrashuvining 20tasida g'alaba qozondi. «Real» esa La-ligada o'z uyida o'tkazgan so'nggi 32 uchrashuvning 30tasida g'alaba qozongan.

Ikki jamoa o'rtasida La-liga doirasidagi so'nggi klasiko Madridda bo'lib o'tgan bo'lib, o'yin taqdirini so'nggi soniyalarda Messi tomonidan kiritilgan gol (3:2) hal qilgan.

Taxminiy tarkiblar

Real Madrid: Navas, Karvaxal, Varan, Serxio Ramos, Marselo, Modrich, Kazemiro, Kroos, Isko, Ronaldu, Benzema
Barselona: ter Shtegen, Serxi Roberto, Pike, Vermalen, Jordi Alba, Rakitich, Buskets, Inesta, Paulino, Messi, Luis Suares.

Яндекс.Метрика