У нас есть только
оригинальные песни

Endi bachadon kerakmas...mi?!

calendar 12.12.2017
2918

Vaqtidan oldin tug'ilgan bolalarning to'liq rivojlanishi va yashab qolishini ta'minlash bugungi kunning eng dolzarb muammolaridan biridir. 
Butunjahon sog'liqni saqlash tashkiloti bergan statistik ma'lumotlarga ko'ra, dunyoda har yili 15 million bola vaqtidan oldin tug'ilar ekan. Ulardan faqat bir millionga yaqinini qutqarib qolishning imkoni bo'lmaydi, qolgan kichkintoylarni esa ko'pincha, jismoniy, aqliy va nevrologik muammolar kutadi. Shu sababli olimlar vaqtidan ilgari tug'ilgan bolalar hayotini asrab qolishning yangi usullarini izlashyapti. Ular orasida eng yoqimlisi sun'iy bachadon g'oyasi. 
20 asrning 60-yillarida hozirgi Piterburgdagi Otto nomli akusherlik va ginekologiya instituti olimi Oleg Georgievich Belokurov sun'iy bachadon yaratdi, ishlab chiqdi va tayyorladi. Hatto unda ona va homila o'rtasidagi moddalar almashinuvi bo'yicha tadqiqot ham o'tkazdi. Loyihani turg'unlik davri to'xtatib qo'ydi, biroq g'oya rivojlanishda davom etdi. 
Bugungi kunda sun'iy bachadon sifatida kislorod, namlik va harorat darajasini ma'lum darajada saqlab turadigan maxsus kuvez - inkubatorlardan foydalanilyapti. Ammo, bola bu paytda homilani o'rab turadigan yo'ldosh suyuqligi ichida bo'lmaydi. Gaz almashinuvi ko'proq sun'iy ventilyatsiya apparatidan foydalanilgan holda o'pka yordamida amalga oshiriladi. Hatto normal rivojlangan organizm ham bunday zo'riqishni ko'tara olmaydi va buning salomatlikka salbiy ta'siri kelajakda aks etishi mumkin. 
Bu muammolarning echimi amerikalik shifokorlar va biomuhandislar tomonidan taqdim etildi. Ular dunyoda birinchi bo'lib, tabiiysiga o'ta o'xshash va undagi sharoitlarga ega sun'iy bachadon prototipini yaratishdi. Sun'iy qorin tarkibi amniotik (ya'ni, homilani o'rab turadigan yo'ldosh suvi) suyuqlikka juda yaqin bo'lgan elektrolit eritmasi bilan to'ldirilgan plastik paketni o'zida aks ettiradi. Tashqi tomonida kichkintoyning kindigi bilan bog'lanadigan kichik qarshilikka ega oksigenator joylashgan. 
Yurak urishi kislorod va oziqlantiruvchi moddalar bilan to'yintiruvchi hamda korbonat angidridni to'plovchi qon tsirkulyatsiyasini ta'minlaydi. Barcha hayotiy ko'rsatkichlarni elektron tizim kuzatib turadi. 
Tizimni bachadonda o'pkasining rivojlanishi insonnikiga juda yaqin bo'lgan buzoqlarda sinab ko'rdi. 
" Yasama bachadon sharoitida rivojlantirilgan buzoqlar bilan bo'lgan jarayon hayratlanarli darajada muvaffaqiyatli o'tdi, – deb hikoya qiladi Filadelfiyadagi bolalar kasalxonasidan tadqiqot rahbari Alan Fleyk. – Ular normal o'sdi. O'pka va miyalari ham yaxshi rivojlandi. Biz qay birini olib ko'rmaylik, barcha rivojlanish jarayoni hamma parametrlar bo'yicha a'lo darajada o'tganiga guvoh bo'ldik". Buzoqlar vazn yig'di, ularda jun o'sib chiqdi, harakatlana boshladi, ko'zlarini ochdi – hammasi ona qornidagi rivojlanishga juda mos tarzda kechdi, deb baholaydi mualliflar. 
Xullas, tadqiqotchilar bunday sun'iy bachadonlar kasalxonalarda keng ko'lamda foydalanilishini tatbiq etish uzoq vaqt talab qilishini tan olishyapti. Oldinda esa uni insonlarda sinab ko'rish ishlari turibdi. Ammo bundan oldin tadqiqotchilar o'z ixtirolarini yanada takomillashtirishni rejalashtirishgan.

Яндекс.Метрика