У нас есть только
оригинальные песни

Endi tarix bo'lib qoladi: Toshkentdagi Kinochilar uyi va metro rahbariyati binosi buziladi

calendar 09.11.2017
1617

Yaqin orada Islom Karimov shohko'chasida Tashkent City xalqaro biznes markazi qurilishi munosabati bilan binolarning katta ko'lamli buzilish ishlari boshlanadi.

Sobiq O'zbekiston shohko'chasi, hozirda esa Islom Karimov shohko'chasining “O'zbekiston” metro stansiyasidan kelaverishdagi o'ng tomonidagi bir necha ko'p qavatli binolar buzilishi rejalashtirilgan. Ular orasida Kinochilar uyi, respublika OVIRi, Toshkent metropoliteni boshqarmasi, sobiq Fond Forum binolari bor. Ushbu ma`lumot “O'zbekkino” milliy agentligida tasdiqlangan.

“O'zbekkino”dagi manbaning aytishicha, ko'chaning o'ng tomonidagi, metroning “O'zbekiston” stansiyasidan boshlab “Bunyodkor” stansiyasigacha barcha binolar buzib tashlanadi. Bu hudud Tashkent City qurilishi uchun ajratiladi. 

"Bizga narsalarni yig'ishtirish buyurildi. Bir necha kun ichida binoni bo'shatib berishimiz kerak. Buzilish ishlari boshlanadi”, deb ta`kidlagan manba.

Manbaning qo'shimcha qilishicha, “O'zbekkino” qayerga ko'chishi bo'yicha yakuniy qarorga kelmagan, biroq taxmin qilinishicha, u Chilonzor ko'chasidagi hujjatli filmlar studiyasi “O'zkinoxronika” binosiga ko'chib o'tadi.

Qayd etish joizki, Respublika Kinochilar uyi O'zbekistonning sobiq rahbari Sharof Rashidovning jonbozligi bilan qurilib, 1982 yilda Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlari kinofestivali o'tkazilishi kunlari ochilgan. Kinochilar uyida 3 ta kinozal bo'lib, ulardan biri 900 kishiga, qolgan ikkitasi 230 va 50 kishiga mo'ljallangan.

Tashkent City xalqaro biznes markazi poytaxtning Alisher Navoiy, Olmazor, Islom Karimov va Furqat ko'chalari oralig'idagi 80 gektar hududda barpo etiladi. Loyihaga muvofiq Tashkent City’da biznes markazlar, savdo majmualari, mehmonxonalar, ofislar, kongress-xol, ko'rgazma zallari, ko'p qavatli zamonaviy uylar, restoranlar, sun`iy ko'l, favvoralar, ijtimoiy va boshqa ob`yektlar quriladi. 

Яндекс.Метрика