Energiya samaradorligiga erishish: tanqid, tahlil, taklif

Makroiqtisodiy mutanosiblik va barqaror o'sish sur`atlariga erishishning muhim shartlaridan biri iqtisodiyotda tarkibiy o'zgartirishlarni izchil davom ettirish, shu jumladan, mahalliy xomashyo hamda materiallarni chuqur qayta ishlash orqali ishlab chiqarish va eksport tarkibida yuqori qo'shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar ulushini ko'paytirish hisoblanadi. Mamlakatimizda mustaqillik yillarida ushbu yo'nalishda amalga oshirilayotgan aniq hamda keng ko'lamli islohotlar qo'lga kiritilayotgan ulkan natijalarga mustahkam zamin yaratmoqda. O'tgan chorak asrda O'zbekiston iqtisodiyoti 6 baravar o'sgani, hali-hanuz davom etayotgan global moliyaviy-iqtisodiy inqirozning salbiy ta`sirlariga qaramasdan, yurtimizning barqaror rivojlanib borayotgani buning yaqqol tasdig'idir.

Milliy iqtisodiyot raqobatdoshligini kuchaytirish va tarkibiy islohotlarni amalga oshirish bo'yicha uzoq muddatli strategiyani ro'yobga chiqarish, muvaffaqiyatlarni mustahkamlash uchun yana bir qator dolzarb masalalarni hal qilish talab etiladi. Xususan, mamlakatda energetika resurslaridan foydalanish tizimi tubdan qayta ko'rib chiqilib, taraqqiyotning energiya samaradorligini ta`minlaydigan modeliga o'tish bugungi kun zaruratidir.

Binobarin, respublikamizda sanoatlashish sur`ati hamda aholi sonining jadal o'sishi tufayli energiya iste`moli, ayniqsa, iqtisodiyot tarmoqlarining energetika resurslariga bo'lgan ehtiyoji sezilarli darajada ortib boraveradi. Chunki BMT prognozlariga ko'ra, 2030 yilga borib, O'zbekiston aholisi 37 million nafarga yetishi mumkin.

Bu, o'z navbatida, uglevodorod resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanishni taqozo qiladi.  Nega deganda, ushbu xomashyo zaxiralari chegaralangan. Hisob-kitoblarga qaraganda, resurslar iste`molining bugungi hajmi saqlanib qoladigan bo'lsa, 2030 yilda energetika resurslarining tanqisligi jami ehtiyojga nisbatan 65,4 foizni tashkil qilishi ehtimoli bor.

Uglevodorod resurslari orasida tabiiy gazga alohida e`tibor talab etiladi. Chunki elektr energetikasida birlamchi issiqlik-energetika resurslari ehtiyojlari tarkibida tabiiy gazga bog'liqlik 85 foizdan ortadi. Tabiiy gaz sarfining 42 foizi elektr energiyasini ishlab chiqarishga, 27 foizi aholi, 26 foizi iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlarini ta`minlashga to'g'ri keladi. Shuning o'ziyoq, birinchi galda, tabiiy gazdan issiqlik elektr stansiyalari (IES)da elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish uchun foydalanish samaradorligini oshirish zarurligini ko'rsatadi. 

Afsuski, bugungi kunda sohaning joriy texnik holati shu darajadaki, IESda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxida xarajatlar ulushi o'rtacha 94,5 foizni, ayrim stansiyalarda esa 100 foizdan ortiqni tashkil etmoqda. Issiqlik elektr stansiya-larida sohaviy asbob-uskunalarning eskirishi o'rtacha 91,73 foiz ekani bunga sabab bo'layotir. 2015 yilda “O'zbek¬energo” AJ kondensatsion issiqlik elektr stansiyalarida elektr energiyasini ishlab chiqarishda foydali ish koeffitsiyenti 28,4 — 42 foiz o'rtasida, o'rtacha esa 33,5 foizni tashkil qildi. Bu Yevropa Ittifoqi, Janubi-Sharqiy Osiyoda foydalanilayotgan shu turdagi zamonaviy issiqlik elektr stansiyalari ko'rsatkichlaridan 1,5 baravar kamdir. Tabiiyki, 1 kVt. soat elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun xorijdagi elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilari bilan taqqoslaganda ko'proq issiqlik-energetika resurslari sarflanmoqda. Masalan, 2015 yilda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari zamonaviy IESlarida 1 kVt. soat elektr energiyasini hosil qilishga 269 gramm shartli yonilg'i sarflangan bo'lsa, “O'zbekenergo” AJ issiqlik elektr stansiyalarida bu ko'rsatkich qariyb 374,9 grammga yetadi.

Hozirgi kunda Navoiy, Tolimarjon, Toshkent issiqlik elektr stansiyalarida amalga oshirilayotgan bug'-gaz va gaz turbinasi qurish ishlari, shuningdek, yaqin kelajakda To'raqo'rg'on, Taxiatosh, Sirdaryo IESlarida ham bunday ishlar ko'zda tutilayotgani sohada yonilg'i sarfini 1 kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 269 — 300 grammgacha shartli yonilg'iga qisqartirish imkonini beradi. Bu sa`y-harakatlar, shubhasiz, energetika sohasida barqaror rivojlanishni ta`minlash yo'lidagi strategik vazifalardan biri bo'lgan yonilg'ini qat`iy tejash, elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish tannarxini pasaytirishga xizmat qiladi.

Kimyo sanoatidagi yuqori energiya sarfi o'z-o'zidan mahsulot tannarxining ortishiga hamda uning yetarli darajada raqobatdosh emasligiga asosiy sabab bo'lmoqda.  O'zbekiston kimyo sanoati korxonalarida mahsulot chiqarish narxida xarajatlar ulushi 99,7-100 foizni tashkil qiladi. Ulardan 64 foizi aynan energetika resurslariga sarflanadi. Vaholonki, zamonaviy texnologiya va asbob-uskunalarni qo'llaydigan xorijiy korxonalarda bu ko'rsatkich 25 — 30 foizdan iborat, xolos. 

Xususan, O'zbekistonda bir tonna ammiak ishlab chiqarishga 1868 kub metr tabiiy gaz sarflanadi. Agar bu jarayonda Haldor Topsoe rusumli zamonaviy uskunalardan foydalanilganda, mazkur ko'rsatkich 902 kub metrdan oshmaydi. Ya`ni yurtimiz korxonalarida ammiak ishlab chiqarishga tabiiy gaz sarfi zamonaviy texnologiyalar qo'llanilgandagiga qaraganda 2,1 baravardan ham ziyoddir. Bunday ishlab chiqarish sub`yektlarida elektr energiyasi turdosh zamonaviy korxonalardagiga nisbatan 1,5 — 2,5 baravar ko'p ishlatiladi. Qolaversa, eskirgan asbob-uskunalar ta`mirtalab bo'lib qolgani sababli ularning ekspluatatsiyasi xarajatlari 1,5 — 2 baravar ko'proqdir.

Hisob-kitoblar shuni ko'rsatayaptiki, O'zbekistonda birmuncha tejamkor quvvatlar ishga tushirilsa, energiya sarfini 2 — 2,5 baravarga, ammiakning tannarxini esa 1,8 baravarga pasaytirish mumkin. Bunday holat boshqa turdagi mineral o'g'itlar ishlab chiqarishda ham kuzatilmoqda. Masalan, azot ishlab chiqarishda mahsulot tannarxida energiya resurslarining ulushi 70 foizdan ortiqni tashkil qiladi, energiya sarfi esa xorijdagiga nisbatan 2 — 2,5 baravardan oshadi.

Umuman, kimyo sanoatida energiya iste`moli bir foizga kamayishi mahsulot tannarxini 0,6-0,8 foizga pasaytirish imkonini beradi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, bugun kimyo sohasidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mineral o'g'itlar monopol mahsulotlar reyestriga kiritilgan. Monopol mahsulot narxida ko'zda tutilgan daromad har doim ham ishlab chiqarish quvvatlarini yangilash, korxonani rivojlantirish hamda moliyaviy-iqtisodiy xavflarning oldini olish maqsadida o'z aylanma mablag'ini to'ldirish uchun yetmaydi.

Bundan tashqari, mineral o'g'it sotib oladiganlar — qishloq xo'jaligi korxonalarining debitor qarzdorligi, ikkinchi tarafdan ishlab chiqarilgan mahsulotning me`yordan ziyod qoldig'i mavjudligi tufayli vaziyat yanada chuqurlashib, energiya resursi yetkazib beruvchilar kreditor qarzdorligining ortishiga sabab bo'lmoqda.

Bunda kimyo sanoatida energiya samaradorligini oshirish mavjud ammiak va azot ishlab chiqarish quvvatlarini ilg'or texnologiyalarni joriy qilish orqali to'liq modernizatsiyalashni hamda energiya ko'p iste`mol qiladigan quvvatlarni ekspluatatsiyadan chiqarishni taqozo etmoqda. Bu ammiak tayyorlashda energiya sarfini 1,5 — 2 baravarga kamaytirishga zamin yaratadi. Navoiy viloyatida “Navoiyazot”ning eskirgan quvvatlari o'rnida ammiak, karbamid va azot kislotasi ishlab chiqaradigan zamonaviy quvvatlarni qurish to'g'risida qaror qabul qilingan bo'lsa-da, “Farg'onaazot”da bu borada aniq bir strategiya yo'q. Taassufli tomoni shundaki, ushbu korxona mahsulotlari tashqi bozor u yoqda tursin, ichki bozordagi raqobatga ham bardosh bera olmayapti.

Qurilish materiallari sanoati ham issiqlik-energetika resurslarining yirik iste`molchisi hisoblanadi. Mazkur sohada mahsulot ishlab chiqarish hamda sotishda yonilg'i va energiya sarfi ulushi 50 foizga yetadi. Bu, albatta, o'tgan asrda qurilgan zavodlarda hali ham eskirgan texnologiyalardan foydalanilayotgani natijasidir. Bugun sement ishlab chiqaradigan uchta zavodda yuqori energiya sarfiga ega bo'lgan “ho'l” deb ataladigan usul keng qo'llaniladi. Misol uchun, “Ohangaronsement”da bir tonna mahsulot ishlab chiqarishga 286,7 kilogramm, “Quvasoysement”da 246,6 kilogramm, “Bekobodsement”da esa 230 kilogramm shartli yonilg'i ketadi. Mamlakatimizdagi sement zavodlaridan faqatgina “Qizilqum¬sement”da kam, ya`ni 130 kilogramm shartli yonilg'i sarflanadi. Bu “quruq” usuli amaliyotga tatbiq etilgani samarasidir. Ammo ushbu ko'rsatkich ham Yaponiya, Koreya Respublikasidagi tegishli korxonalar bilan qiyoslanganda, 30 foiz ko'p. “Quruq” usulida ishlaydigan mazkur korxonalarda shartli yonilg'ining barcha sarfi bir tonna klinkerga 120 kilogrammdan oshmaydi. Xitoy va Turkiyadagi sement zavodlari ham xuddi shunday ko'rsatkichlarga ega. Va aynan ular ichki bozordagi mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan asosiy raqobatga kirishadi. Natijada o'zimizning sement mahsulotimiz narx omili sabab raqobatda o'z mavqeini boy berib qo'ymoqda.

Samaradorligi yuqori bo'lgan texnologiyalarni joriy etish orqali energiya iste`molini, hatto, 30 foizga kamaytirish istiqbolda sement zavodlarida 230 ming tonna shartli ¬yonilg'i yoki 200 million kub metr tabiiy gaz tejab qolish imkonini -beradi. Pirovardida sement tannarxi 15 — 20 foiz arzonlashadi.

Shuningdek, g'isht ishlab chiqarishda ham energiya resurslari katta miqdorda sarflanadi. Xalqaro amaliyot shuni ko'rsatayaptiki, ishlab chiqarishda energiya sarfini keskin kamaytiradigan texnologiyalar mavjud. Jumladan, gaz o'tkazmaydigan tunnel pechlarini qo'llash, bo'shliqni kengaytirish orqali yonilg'i sarfini o'rtacha 30 — 40 foiz iqtisod qilish mumkin. Ammo ushbu texnologiyalar mamlakatimizdagi korxonalarda ommalashmayapti.

Shu ma`noda, yurtimizda qurilish sanoati korxonalarini tubdan modernizatsiyalash, amaliyotga yuqori texnologik liniyalarni joriy qilish zarur. Bunda, ayniqsa, energiya tejamkor texnologiyalarga alohida e`tibor qaratish lozim. Masalan, g'ovakli kavakda g'isht ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish yonilg'i sarfini 15 foiz qisqartiradi. Qurilishda ishlatiladigan hamda issiq saqlaydigan materiallarning zamonaviy turlarini ishlab chiqarishni o'zlashtirish ham juda muhim. Negaki, devor konstruksiyasidagi 1 kub metr shunday material 3 mingta g'ishtning issiqlikni izolyatsiyalovchi xususiyatini o'zida mujassam etadi. Vaholonki, mahsulot ishlab chiqarishga atigi 50 kilogramm shartli yonilg'i ketsa, 3 ming dona g'isht tayyorlashga 1000 kilogramm shartli yonilg'i sarflanadi. 

Energiyani tejash bo'yicha shu va boshqa chora-tadbirlar qurilish materiallari sanoatida energiya sarfini keskin kamaytirishga, natijada mahsulotning tannarxini pasaytirishga olib keladi. Bu, ayniqsa, ichki va tashqi bozordagi raqobatda juda muhim o'rin tutadi.

Darhaqiqat, energiya samaradorligini oshirish energetik resurslarni, birinchi galda, O'zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega bo'lgan tabiiy gazni iqtisod qilishga, ayni paytda yuqori qo'shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga keng yo'l ochadi. Masalan, 3,5 milliard kub metr tabiiy gazni sintetik suyultirilgan yonilg'iga aylantirish xom ashyoga nisbatan qo'shimcha qiymatni 7 — 9 baravar oshirish imkonini beradi. Hisob-kitoblar shuni ko'rsatayaptiki, O'zbekistonda gazni GTL texnologiyasi bo'yicha qayta ishlash orqali mahsulot tayyorlash tannarxi dunyo ko'rsatkichlaridan birmuncha past. Xususan, metanol ishlab chiqarish 2 baravar, sintetik yonilg'i 1,6 baravar arzon bo'ladi. Bu gazning eksport narxlari bo'yicha qiymatini hisobga olgan sharoitda ham yuqori raqobat ko'rsatkichlariga erishishda muhim omildir. 

Bunday misollarni ko'plab keltirish mumkin. Deylik, ming kub metr tabiiy gaz qiymatini birlik sifatida oladigan bo'lsak, undan plastik mahsulotlar ishlab chiqarilsa, bozor qiymati 15 baravar o'sadi, tayyor mahsulotlar 25 marta ko'payadi. Ko'rinib turibdiki, tabiiy gaz eksportining ortib borayotgan qismini qayta ishlash natijasida olingan mahsulotlarni eksport qilish jadallashtirilishi maqsadga muvofiq.

Shu bilan birga, energiya resurslarini tejashdan qolgan qo'shimcha mablag'ni iqtisodiyotimizning yetakchi korxonalarini modernizatsiyalashga, ularni zamonaviy energiya tejamkor, yuqori ishlab chiqarish quvvatiga ega asbob-uskunalar xaridiga yo'naltirish mumkin. Bu, energiya samaradorligini joriy qilish orqali tayyorlanayotgan mahsulotning tannarxini pasaytirish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatdoshligini oshirish, pirovardida tarkibiy o'zgarishlarni jadallashtirishga xizmat qiladi. 

Bularning barchasi energiya samaradorligini oshirish bo'yicha uzoq muddatli davlat strategiyasini ishlab chiqish va qabul qilish zaruratini tug'dirmoqda. Unda iqtisodiyotning barcha soha hamda tarmog'ida energiyani tejash, xalq xo'jaligi va aholi iste`molida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, elektr energiyasi ishlab chiqarish bo'yicha zamonaviy quvvatlarni ishga tushirish, “yashil iqtisodiyot”ga o'tish masalalarini kompleks hal qilish yo'llari ¬nazarda tutilardi. Energiya samaradorligini yuksaltirishdek foydalanilmay yotgan ulkan zaxirani ishga solish, shubhasiz, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan belgilab berilgan milliy iqtisodiyotimizning raqobatdoshligini oshirish hamda yalpi ichki mahsulotimizning yuqori sur`atlarda o'sishini ta`minlash bo'yicha ¬ustuvor vazifalarni hal qilishda muhim o'rin tutadi.

Iqtisodiy tadqiqotlar markazi materiallari 
asosida tayyorlandi.


Комментарии (0) | Добавить: 10.02.2017
Faqat ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar izoh qoldirishi mumkin. Marhamat ro'yhatdan o'ting!
[ Регистрация | Kirish ]
MP3 va KLIP Izlash

«Новости»

Ronalduni o'z farzandi butun internetda sharmanda qildi …
Mourino darvozabon boshiga butilka bilan urdi
Yevropa Ligasi. Qur`a qanday kuchli juftliklarni hosil qildi?
Jeenbekov O'zbekistonga aloqador bitimni ma`qulladi
Neymar yana qiliq ko'rsatmoqda
2020-yilga kelib yo‘qoladigan 30 ta odatiy buyum
Zilzila vaqtida namoz o‘qiladimi?
O‘zbekiston uchun 1948-yilda AQShda imzolangan konvensiya kuchga kirdi
AQSh Davlat kotibi: Qo‘shma Shtatlar Shimoliy Koreya bilan muzokaralarga tayyor
Oq uy: Rossiya va Xitoy AQSh milliy xavfsizligiga tahdid tug‘diradi
Banklar tomonidan haq olinmaydigan xizmatlar qanday? (ro'yxat)
«Bizga ham kerak emas» - Ukraina Rossiya bilan temir yo'l qatnovini to'xtatmoqchi
Germaniya 2017 yil shamoldan energiya olishda rekord qo'yadi
Endi bachadon kerakmas...mi?!
Kumush saratonni davolashi aniqlandi
Xiaomi'ning hoshiyasiz Mi Mix 3 smartfoni suratlari tarqaldi
Og‘riq qoldiruvchi dorilar xavfli kasalliklarni keltirib chiqarishi aniqlandi
Qozog'iston ko'mir konidagi ishchilar yer yuzasiga chiqishdan bosh tortishmoqda
Samsung smartfonlarni zaryadlovchi "aqlli" kiyimni ixtiro qildi
Dubayda salkam 300 mln dollarlik safari-hayvonot bog'i ochiladi
Qozog'istonda Rossiya telekanallari o'chirib qo'yildi
Iblis izmidagi oqsoch
«WI-FI» BOLALAR SALOMATLIGIGA O'NGLAB BO'LMAYDIGAN ZARAR YETKAZADI
Tovuq tuxumi ichida brillant bor ekan
Koinot vaqti butunlay to'xtab qolishi mumkin
«Arsenal» yana ochko yo'qotdi
Avtomobildan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda - obuna bo'lish, karshering va ijara
Aeroporti yo'q 6 mamlakat: U yerlarga qanday borish mumkin?
Megalomaniya buyuklikka intilgan telbalar kasalligimi?
10 dekabr – O'zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi qabul qilingan kun