29 oktyabr kuni Quyoshda yirik portlash sodir bo'lganidan so'ng 3 noyabr kuni Еrda magnit bo'roni boshlandi.
Toshkent vaqti bilan 12:30da Quyosh
tojidan qo'zg'algan oqim Еr orbitasiga etib keldi. Quyosh shamolining
tezligi soatiga 600 kilometrni tashkil etdi.
Olimlar magnit bo'ronini 1 noyabr kuni sodir bo'lishini taxmin qilishgan edi.
Ma'lumot
uchun, Quyoshda sodir bo'lgan ulkan portlashlar kosmik kengliklarga
katta miqdordagi zaryadlangan zarralarni tarqatib yuboradi. Asosan
proton va neytronlardan iborat Quyosh shamoli to'lqinlari soniyasiga
400-1000 kilometr tezlikda harakatlanib, 1-2 kun ichida Еr atmosferasiga
etib keladi.
Magnit bo'ronlari vaqtida arterial gipertoniya va gipotoniya qayd etilgan bemorlar, shuningdek, keksalar, bolalar, homilador ayollar va psixoemotsional ta'sirchan kishilar o'zlarini noxush his etishlari mumkin.
Magnit bo'ronlarining salbiy ta'sirlarini bartaraf etish hozircha imkonsiz. Faqatgina ularning xavflilik darajasini kamaytirish mumkin. Buning uchun avvalo alkogol ichimlari va tamaki mahsulotlari, jismoniy zo'riqishlardan voz kechish tavsiya qilinadi. Qon bosimi va asab xastaliklari mavjud bemorlar bu vaqt mobaynida parvoz hamda erosti jamoat transportlaridan chetda yurganlari ma'qul. Magnit bo'roni vaqtida qonda xolesterin miqdori ortishi kuzatilgani bois, bunday paytlarda yog'li va kuchli kaloriyali taom hamda disertlarni iste'mol qilishdan tiyilish lozim. Ular o'rniga bo'tqa, barra sabzavot va mevalar, qaynatilgan baliq va javdar non tanovvul qilish maqsadga muvofiq. Toza suv, shirin ko'k choy ham bunday holatda ijobiy ta'sir kuchiga ega.