У нас есть только
оригинальные песни

Eronning “Istiqlol” klubi bilan shartnoma tuzgan Server Jeparov 1,5 yil ichida 500 ming dollar maosh oladigan bo‘ldi

calendar 15.01.2017
1306

2016-yilgi mavsumni Toshkentning “Lokomotiv” klubi safida o‘tkazgan Server Jeparov faoliyatini fors chempionatida davom ettirishi haqida “temiryo‘lchilar” matbuot xizmati xabar bergandi. “Championat.asia” nashri ma’lumotiga ko‘ra, Jeparov “Istiqlol” klubi bilan shartnoma imzolagan.

O‘z chempionatida 5-o‘rinni egallab turgan “Istiqlol” Jeparovni 1,5 yillik shartnomaga ko‘ndirdi. Unga ko‘ra O‘zbekiston terma jamoasi vitse-sardori shu mavsum so‘nggiga qadar “Istiqlol”ning chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi uchun yordam beradi. Kelasi mavsum esa tehronliklar sharafini to‘liq himoya qiladi.

 

Kelishuvga ko‘ra, Server Jeparov oldindagi yarim yillik uchun 150 ming AQSh dollari miqdorida maosh oladi. Keyingi 1 yili uchun esa “Istiqlol” 350 ming dollar to‘lab beradi.

Bugun — 15-yanvar kuni Jeparov “Istiqlol”da tibbiy ko‘rikdan o‘tmoqda. Shundan keyingina kelishuv bandlari aks etgan shartnomaga imzo chekadi.

Ma’lumot uchun, Server Jeparov professional futbolchilik faoliyatini Namanganning “Navbahor” klubida boshlagan bo‘lib, keyinroq poytaxtning uch grandi — “Paxtakor”, “Bunyodkor” va “Lokomotiv” klublari safida mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan.

Jeparovning xorij chempionatlaridagi ishtiroki ham qoniqarli bo‘lgan. U avvaliga Janubiy Koreyaning “Seul” klubi bilan, keyinroq esa Saudiyaning “Ash-Shabab” jamoasi bilan mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan. “Paxtakor” va “Bunyodkor” klublari bilan Osiyo chempionlar ligasining yarim finaliga qadar yetib borgan, “Lokomotiv”ning esa shu musobaqa chorak finalida to‘p surishi uchun hissa qo‘shgan.

Яндекс.Метрика