У нас есть только
оригинальные песни

"Euronews" Buxoro hunarmandlari haqidagi reportajni namoyish etishni boshladi

calendar 19.11.2015
2423

Euronews telekanalida 16 noyabr kunidan «Uzbekistan life» dasturining «O'zbekiston hayoti: Zardo'zlik, hunarmandchilik va Buxoro gilamlari» deb nomlangan yangi qismi efirga uzatilishi boshlandi. Bu haqda «O'zbekturizm» milliy kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi reportajda qadimiy Buxoro shahrining Buyuk Ipak yo'lidagi muhim o'rni, shahar orqali o'tgan karvonlar bu o'lkadagi savdo-sotiq rivojiga hissa qo'shgani, natijada hunarmandchilikning turli sohalari taraqqiy etgani haqida hikoya qilinadi.

Tomoshabinlar e'tibori birinchi navbatda Buxoro gilamchiligiga qaratiladi. Reportajda Buxoro gilamlari o'z sifati va dizayni bilan alohida ajralib turishi qayd etiladi. «Life» dasturi boshlovchisi gilam to'quvchi ayol xonadonida mehmon bo'lib, Buxoro gilamlarining yaratilish sirlari haqida hikoya qilgan.

Shuningdek, ijodkorlar Buxoroda nasldan naslga o'tib kelayotgan kulolchilik san'ati haqida reportaj tayyorlashgan. Ko'rsatuvda Buxoroning eng oldi kulollaridan biri Abdulla Narzullaev o'z san'ati haqida gapirib beradi.

Unga ko'ra, Buxoro kulolchiligida 100dan ortiq xildagi hunarmandchilik buyumlari yasalishi e'tirof etiladi.

Zardo'zlik san'atiga bag'ishlangan reportajda esa Dilnoza Tosheva chiqish qiladi va o'zining to'qimachilik san'atidagi ba'zi sirlarni ayon etadi.

Qayd etish kerakki, bu telekanal tomonidan Buxoro shahri haqida ilk marta reportajlar tayyorlanishi emas. Bundan oldin "Buxoro: Buyuk Ipak yo'lidagi an'analar zamonaviy sayyohlar uchun" hamda "Oltin Buxoro: savdogarlar va hunarmandlar shahri" kabi ko'rsatuvlar efirga uzatilgandi.

Yil oxirigacha telekanal orqali Termiz shahrining me'moriy obidalari haqidagi reportaj efirga berilishi kutilmoqda.

Dunyoning 155 mamlakatiga 13 tilda uzatiladigan Euronews orqali efirga ketgan O'zbekiston haqidagi barcha ko'rsatuvlarni telekanal saytidan topish mumkin. Ular «O'zbekturizm» bilan hamkorlikda tayyorlanmoqda.

Quyida telekanalda Buxoro haqidagi ko'rsatuvlar uzatilayotgan efir vaqtlari ko'rsatilgan.

Яндекс.Метрика