У нас есть только
оригинальные песни

Firibgarlik qayerdan paydo bo'ladi?

calendar 08.03.2018
764

Hazrati Payg'ambar alayhissalom shunday dedilar: «Har bir tug'ilajak bola fitratda tug'iladi. Ammo uni nasroniy, majusiy yoki yahudiy qiladigan uning ota-onasidir». Demak, har bir bola fitratda  tug'iladi. Biz bu hadisni kengroq tushunishimiz lozim. Fitrat nima? Bu – sof tabiat. Yosh bolada ana o'sha soflik, beg'uborlik bor. Unda mavhum qo'rquvlar yo'q. Agar razm solsangiz, yosh bolada qo'rquv bo'lmaydi, aldov bo'lmaydi, ayyorlik bo'lmaydi, firibgarlik bo'lmaydi. Bola faqat rostini gapiradi, yolg'on gapirmaydi, yuz-xotir qilmaydi, biror aybni ko'rsa, otasiga ham aytaveradi. Chunki u hali andisha qilmaydi, u hali mukallaf emas, u shaffof, xuddi ko'zguga o'xshab, borini ko'rsatadi. Shuning uchun, hali unda qo'rquv bo'lmagani uchun tepalarga chiqaman deydi, olovga boraman deydi, suvga tushaman deydi.

Ana shunday pokiza, xolis, toza vijdonli bolani qo'rqoq qiladigan, yolg'onchi, muttaham, firibgar qiladigan ham ota-onadir, atrof-muhitdir. Xuddi shuningdek, uni sodiq mo'min-musulmon qiladigan, halol qiladigan, yaxshi inson qiladigan ham uning ota-onasi bo'ladi, yoki ota-onasining o'rnidagi ustozi yoki homiysi, valiysi bo'ladi.

Alloh taolo xohlasa, har bir insonni ota-onasiz ham dunyoga keltirgan bo'lar edi, lekin O'zigagina ma`lum hikmat ila bizni dunyoga kelishimizni ular orqali qilib qo'ydi. Bu dunyodan ketar ekanmiz, oxiratdagi maqomimizni belgilashning yo'lini ham ular orqali qilib qo'ydi. Ular rozi bo'lsalar, biz Allohni rozi qila olamiz, ular norozi bo'lsalar, Allohni rozi qila olmaymiz. Alloh taolo O'zining rizosini ota-onani rizosiga bog'lab qo'ydi. Allohni rizosi otaning rizosida, Allohning qahri otaning qahridadir. Ota rozi – Xudo rozi degan gap shundan olingan. Ota norozi bo'lsa, Alloh norozi bo'ladi. Bu ikki insonni ota-onalik darajasidan hech kim tushira olmaydi, ota-ona kofir, mushrik bo'lgan taqdirda ham farzandidan yoki yoshlardan yaxshi muomala ko'rish haqqiga doim ega bo'lib qolaveradi.

Farzandning dunyoda kim bo'lishi, oxiratda kim bo'lishi ham ota-onaning unga ko'rsatgan ta`siriga bog'liq bo'ladi. Bu ta`sir bir necha yo'llardan – fitriy hamda kasbiy yo'llardan iboratdir. Fitriy yo'l – ota-onaning qoni bilan o'tadigan ma`lumotlar, onaning suti bilan o'tadigan irsiy belgilardir. Firibgar o'z-o'zidan firibgar bo'lib qolmas ekan, birodarlar. Firibgarlik ba`zan qonda ham bo'lar ekan. Bunday yomon xulq, badfe`llik qonda ham bo'ladi. Ba`zan qoni toza bo'lmay, zoti toza bo'lmay, firibgarlarga uchraganda ta`sirlanishi oson bo'ladi. Buning eng oxirgi ko'rinishi esa mutlaqo iymonsizlik, yomon tarbiya ko'rganlik evaziga sodir bo'ladi. Xullas, inson o'z-o'zidan firibgar bo'lib qolmas ekan. Bir firibgarni isloh qilish uchun, uni muolaja qilish uchun uni har tomonlama surishtirmog'imiz, hatto kerak bo'lsa, zotini ham o'rganmog'imiz kerak bo'ladi.

Яндекс.Метрика