FM Radio to'lqinlar haqida

Hozirda «FM» to'lqinida faoliyat yuritayotgan radio kanallarimiz bisyor. Har birining o'z uslubi, o'z shiori, «o'z» qo'shiqlari, o'z muxlislari va o'z ... kamchiliklari bor.

«Nima bo'libdiki, gapni kamchilikdan boshlading?» dersiz balki. To'g'ri, ish bor joydagina kamchilik bo'ladi. Lekin, shu kamchiliklarga yo'l qo'ymaslik ham unchalik qiyin emas-da...

«Xususiy radiolarda qo'yilayotgan qo'shiqlar haqida gapirmagan bitta sen qoluvding o'zi» deysizmi? Yo'q, qo'shiqlar saviyasi – alohida masala, kattaroq muammo.

Reklamalarmi? E, yo'q, uniyam qo'yaturing hozir. Balki boshqa safar...

Xullas, radiolarda kechayu kunduz tinmay mehnat qiluvchi (agar ularninng ishini shunday atash mumkin bo'lsa), tinglovchilar bilan eng ko'p va bevosita muloqotda bo'luvchi boshlovchilar haqida dilimizdagilarning bir parchasini (attang, sal nordonroq joyi to'g'ri keldi-da!) oq qog'ozning pok yuziga tushirishga jazm qildik.

«Ie, nima bo'pti boshlovchilarga, mana, masalan, falon-falonlar yaxshigina olib boradi...» deyishingiz turgan gap. Tan olish kerak, saviyali, xushovoz, ziyrak va hozirjavob boshlovchilarimiz yo'q emas. Lekin, keling, hozir ularni yaxshi-yomonga ajratib o'tirmaylik-da, «O'rmonga o't ketsa ho'lu quruq baravar yonadi», deganlaridek, bir boshdan, yo'g'e, «FM» to'lqin chizig'ining u yoq-bu yog'idan ularning faoliyatiga bir nazar solaylik.

Xo'sh, tayyormisiz? Unda, ketdik to'lqinlar oralab! (Faqat ehtiyot bo'ling, to'lqin surib ketmasin!)

*  *  *

Erta bilan uyg'onasiz, dastlab telefoningizdan bir xabar olasiz, keyin esa televizor yoki radioning qulog'ini buraysiz. Endi, televizor qo'ysangiz, uni eshitish kamlik qiladi, qarab ham o'tirish kerak. Yaxshisi, radioni baralla qo'yib, odatiy yumushlarga unnaysiz. Uyqusirab, to'g'irlagichni duch kelgan tomonga burib, oxiri bittasida to'xtaysiz: «Vjrr...» Quloq solib ko'rsangiz, bu tinib-tinchimas boshlovchilar tuni bilan uxlamay, o'zlariga o'xshagan bek... (e, kechirasiz, adashib ketadigan odatim bor, uzr, «bekor» emas) bedor muxlislar bilan gurunglashib chiqqan bo'ladi. Afsuski, ayrimlarining uxlamagani shundoq bilinib turadi. «Ha, endi, sen xurrak otib yotganingda ular ishlagan-da!» deysizmi? Ha, buni o'zlariyam pisanda qilib qo'yishadi: «...Tonggacha xizmatingizda di-djey Falonchi bo'ldi». Tavba, kimning xizmatini qilibdi? Qanaqa xizmatini? Pashsha qo'rib o'tiribdimi, yoki sham ushlab turibdimi?

«Ee...» deysiz-da, boshqa yoqqa burasiz: «Vjrr...»

Bu yoqda yana biri. Ungayam qo'ng'iroq qilishadi-da, yonidagi singlisimi-ey, allakimni uyg'otib berishni so'rashadi muxlislar. Bechora ko'ngli bo'sh-da, «Falonchi!!!» deya baqiradi ovozi boricha. Mayli, budil... (e, uzr) boshlovchining niyati yaxshiku-ya, lekin shu bitta g'aflat bosganni deb butun poytaxt tinglovchilarining qulog'ini batangga keltirish shartmikan? «Qo'y-e!» deysiz-da, yana radio jonivorning qulog'ini buraysiz: «Vjrr...»

Shu orada xayolingizga bir gap keladi: «Radioboshlovchilik bizda ancha shakllangan. «Diktor» so'zi-ku, mayli, g'arbona bo'lsin. Axir, «boshlovchi», «suxandon» kabi so'zlarimiz ham bor-ku! Manavi «Di-djey» degan, so'zga o'xshagan narsa qayerdan chiqqan o'zi!?»

Qaysidir kanalda to'xtaysiz: munajjimlar bashorati ketyapti. Vaqtida ochganingizni qarang, navbat sizning burjingizga kelibdi. Eshitib, shod bo'lasiz. Keyingilarini eshitish shart emas, yaxshiroq qo'shiq izlab, kanalni o'zgartirasiz: «Vjrr...» Bu to'lqinda ham munajjim buvaning foli, lekin... bunisi yomonroq tush ko'rganmi, sizning burjingiz oldiga xavfli kunni yozib qo'yibdi!..

«Vjrr...» – keyingi to'lqinda yangiliklar o'qilyapti, lekin bo'sh... (yo'g'e) boshlovchisi efirga chiqishdan oldin ham matnga bir ko'z tashlab olsa yaxshi bo'lardi-da... Bir payt, unda aytilayotgan voqealar haqida kecha qaysidir kanalda xabar berilganini eslab qolasiz. «E, bular yangilik emas, allaqachon eskilik bo'lib ulgurdi-ku!»

Ishqilib, nonushta qilib olgach, ishgami, o'qishgami otlanasiz. Yo'lni radio hamrohligisiz tasavvur ham qilib bo'lmaydi. Agar shaxsiy mashinangizda yo taksida bo'lsa yaxshi – bitta to'lqin yoqmasa, boshqasiga suzib o'tsa bo'ladi. Lekin, avtobus yoki tramvayda ketar bo'lsangiz... Haydovchining didiga «tasanno» o'qib borasiz ichingizda (tashqariga chiqarish noqulay – kimdir buni maza qilib tinglab ketayapti-da!) Shu, jibla... (e, uzr) boshlovchi bechora ham biron joyga shoshyaptimi, labi labiga tegmay bidirlaydi. Ayrim so'zlarini anglab yetishga zo'rg'a ulgurasiz: so'zlayotgan narsasida (buni gap deb bo'lmaydi-da!) na nuqta-vergul, na maza-matra bo'ladi. Shunda, ertalabki o'ylaganlaringiz noto'g'ri ekaniga amin bo'lasiz: «Bundaylarga «suxandon» yoki «boshlovchi» degan nom hayf, bular aynan «di-djey» ekan!» Atrofingizga qarab, shundoq yonginangizdagi o'rindiqda qulog'iga «naushnik» taqib olib, ko'zini yumganicha o'tirib borayotgan o'smirlarga havas qilib ketasiz. Yo'q, ular o'tirib, siz tikka turib ketayotganingiz uchun emas. Ular o'zlariga yoqqan narsani tinglab ketayotganlari uchun...

Xullas, ishga eson-omon yetib olganingizga shukrlar qilib, kirish eshigi oldida boshingizni qattiqroq silkitib olasiz. Yo'q, yomg'ir yo qor yog'ayotgani yo'q, shunchaki, boyagilarni boshingizdan qoqib tushirish uchun...

...Qaytishda yana shu ahvol. Charchab chiqqansiz, «Ey, haydovchi aka, shuningizni yaxshiroq kanalga qo'yib qo'ysangiz, yoki umuman o'chirsangiz qandoq bo'larkin?!» deyishga erinasiz. U yoqda esa qandaydir radio o'yini ketyapti. Bittasi telefon qilib tushadi-da, «Iltimos, savolni qaytarib yuboring...» deydi. O'zi o'n daqiqadan beri shu savolni qaytaradi boshlovchi bechora. Nachora, muxlislar ham o'ziga yarasha-da... Savol qaytarilgach, haligi ishtirokchi endi «Variantlar yo'qmi?» deb so'raydi. Variantlar aytilgach, yordam so'raydi...

Endi haydovchi ham chiday olmay, rulni boshqa to'lqinga buradi: «Vjrr...» Bu yoqda qaysidir tildagi qo'shiq nihoyalab qolgan. Tugagach, yana allaqaysi tilda kimdir bidirlay ketadi. Razm solib tinglasangiz... Yo'g'-e! Bo'lishi mumkin emas! O'zbekcha! To'g'ri, sof o'zbekchamas, ozroq jargon, ozroq ruscha aksent, ozroq inglizchami-ey, qandaydir birikmalar, ozroq adabiy til unsurlari va... qolgani g'irt sheva!

Gap aylanib til masalasiga kelgach, yana o'ylaysiz: aslida, shu kanalning nomi ham, agar o'zbek tilining QONUN-QOIDALARiga rioya qilinsa, «Radio “Falon”» emas, balki, «“Falon” radiosi» bo'lishi kerak-ku! Qolaversa, hozirgina e'lon qilingan, «to'lqinlarda kuylaydigan» ham «Gruppa “Pismadon”» emas, aslida, «“Pismadon” guruhi» deb aytilishi lozim. «E, seni o'qitganga rahmat...» deb qo'yasiz (yana ichingizda, albatta)...

Kechqurungi dasturlar bir-biridan qiziq. Bittasida «es emas»... (e, yana adashdim) «SMS-xabarlar». Kimdir tanishiga aytmoqchi bo'lgan gapini «sotka»sidan xabar tariqasida radioga yuboradi. Qo'shma... (yo'g'e, uzr,) boshlovchi uni butun shaharga o'qib eshittiradi. Sal o'tmay unisidan «javob xati» keladi. Buyam el bilan baham ko'riladi... Ie, shoshmang! Ikkalasidayam «sotka» bor ekan, dil izhorlarini bir-biriga yuborsa, yoki yotib olib gaplashsa ham bo'lardi-ku! Nima, endi shundan hamma xabar topishi shartmi!? Yaxshiyamki, xususiy televideniya bizda bu darajada rivojlanmagan...

«Vjrr...» – boshqa kanalga o'tasiz. Bunisida ham savol-javob o'yini ketmoqda. Savol berilgan, lekin javob beruvchi mo'ljalga aniq urolmayapti. Bechora yord... (e, kechirasiz) boshlovchi unga yo'nalish beradi: yuqoriga, pastga, o'ngga, chapga... «E, farosatingga balli!» deysiz-da, boshqa to'lqinga bosh urasiz: «Vjrr...»

Bunda ham bevosita alj... (yo'g'e, uzr) suhbat. Kimdir sim qoqqan, masx... (e, jin ursin!) boshlovchi bilan ko'cha gapini qilib olgach, yonida o'tirgan opasigami, boshlovchining o'zigami, salomlar yo'llaydi. Keyin qaysidir yulduzning falon chiran... (ufff!) qo'shig'ini qo'yib berishni so'raydi. (Bizning osmonimiz keng, yulduzlar ko'p, qo'shiqlar esa...)

«Vjrr...» Bu yoqdagi boshlovchi «soat millari (soat yoki vaqt emas!) 21 dan 15 daqiqa o'tganini eslatib» o'tadi. «E, vaqt o'lchovini asbobning qismidan ajrata olmagan chalasavodning gapini eshitgandan ko'ra...» deysiz-da, keyingi to'lqinga suzib o'tasiz.

«Vjrr...» Ie! Bu to'lqindagi boshlovchi yo charchaganidan uxlab gapiryapti, yo sal sarxushroq. Bechora yoqar-yoqmas, cho'zib-cho'zib alah... (e, kechirasiz) gapiryaptiki, xuddi urg'ochi chumolining iziday yozuvda, o'n daqiqaga mo'ljallab yozilgan nutqni bir soatda o'qib berishga mahkum qilingandek. Tag'in shu tezlikdayam tutilib-tutilib qolyapti. Achinib ketasiz, chidolmasdan, yana radio jonivorning qulog'ini buraysiz.

«Vjrr...» Keyingi boshlovchi esa, «Xush kelibsiz ikkinchi musiqiy soatimga...» deb sizni qarshi oladi. (U bo'lmasa, shu soatga kirolmasmidik balki...) «Ey og'ayni, soat ham, kun ham, yil ham, umuman, vaqt Xudoniki!..» deb, jahl bilanuning soatidan chiqib ketasiz.

 

«Vjrr...» Boshqa kanalda xushovozgina bir qiz yaxshigina bir she'rni yomongina qilib o'qimoqda. Aslida-ku, she'r ­– ritmik jihatdan tartibga, ohangga solingan, pauzalar bilan ma'lum qismlarga ajratilgan, ifodali o'qishga mo'ljallangan va moslangan badiiy asar, san'at namunasi. Bu boshlovchi esa, («Ey, yo'q, bunisi endi g'irt «ddi-ddjjeyy» ekan!») aynan misraning o'rtasida hans... (ie, uzr) nafas rostlab oladi. Xuddi shu «nafas rostlashi» so'zlar talaffuzidan-da balandroq eshitiladi. «Hayf senga shu ovoz...» deysiz-da, boshqa to'lqinga o'tasiz.

«Vjrr...» Bu yoqdayam bir yigit she'rbo... (e, kechirasiz) she'rxonlik qilyapti. Shunday hissiz, shunaqangi sovuq ohangdaki, etingiz uvishib ketadi. Shoir bo'lmaganingizga shukrlar qilasiz...

Hammasidan hafsalangiz pir bo'lib, ko'rpa ostiga kirar ekansiz, kun bo'yi radio degan shu bechoradan eshitganlaringiz orasida eng bama'nisi qulog'ingiz ostida jaranglaganday bo'ladi: «Vjrr...»

Hamidbek YUSUPOV,

tinglamovchi.


Комментарии (2) | Добавить: 17.12.2015
2. Sultonbek (22.03.2017 17:35)
xa gapingizda jon bor
1. sara (19.12.2015 13:40)
Yoqmaganga majburiy emas yoqmasa o'chir
Faqat ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar izoh qoldirishi mumkin. Marhamat ro'yhatdan o'ting!
[ Регистрация | Kirish ]
MP3 va KLIP Izlash

«Новости»

Noutbuk xarid qilayotganda 10 ta ommaviy xato
Aholi soni bo'yicha Xitoy ortda qoldirildi
Nokia 9 rekord darajadagi operativ xotiraga ega bo‘ladi
Samsung suv tushishidan himoyalangan Galaxy Feel smartfonini namoyish qildi
1 iyundan boshlab "GM Uzbekistan" barcha avtomobillari so'mda sotilishi yo'lga qo'yiladi
Toshkentda oq qulupnay sotilmoqda
Yaxshi tayyorgarlik ko'ra olmagan Jahongir Otajonovning konsertni qanday o'tdi
Chiroyli sochlarning 5 dushmani
Tirsak va tizza terisiga yoshlikni qaytarish usullari
Forbes eng serdaromad futbolchilar kimligini ma`lum qildi
Chempionlar ligasi finali ilk bor tomi yopiq stadionda o'tkaziladi
Balotelli: "Oltin to'p"ni yutishim uchun Messi va Ronalduni o'ldirishim kerak
Shoygu o'zbekistonlik hamkasbiga G'alaba Bayrog'i nusxasini topshirdi
Organizmni tozalashga yordam beruvchi mahsulotlar nomi ma`lum qilindi
Ofis xodimlari uchun oddiy mashqlar to‘plami
Ertalabki shoshma-shosharlikni yengishning 9 ta yo‘li
Ramazon oyida to'g'ri taomlanish uchun foydali maslahatlar
TOP-7: Eng qimmatbaho mobil telefonlar
Samsung allaqachon «Star» nomli Galaxy S9 ustida ish boshlagan
Joriy yil uchun zakot, fitr sadaqa va fidya miqdori belgilandi
Tvorog insult va infarktning oldini olishda foydali
Internet orqali mahsulot xarid qilishda ehtiyot bo'ling
Markaziy bank boshqaruvi kimga o'tdi?
Usmonov Navalniyga qarshi: Shovqin kuchaymoqda
Ronalduga ancha ko'proq muddatga qamoq jazosi tahdid solmoqda
Sizga yoqmagan odamlar bilan qanday ishlash kerak?
Rossiyaning 200 va 2000 rubllik yangi banknotalari chiqariladigan sana ma`lum qilindi
Forbes: Rossiyaning eng badavlat merosxo'rlari reytingi
Jizzaxda “Barkamol avlod-2017” sport musobaqalariga start berildi
Uyqusizlikdan qutulishning 5 usuli