У нас есть только
оригинальные песни

Foto: Butun Toshkent taniydigan “sehrli otaxon”

calendar 19.04.2016
2349

Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhida jamoat transporti va jamoat joylarida hech qachon sadaqa so‘ramaydigan, lekin hammaning ko‘nglini olishga harakat qiladigan otaxon haqida fotoxabar e'lon qilindi.

“Bu g‘alati yo‘lovchi ko‘plab toshkentliklarga tanish. Tayoq ustida piyolani o‘ynatib, bolalar va kattalarni quvontirishga harakat qilayotgan otaxonni metroda, tramvaylarda ko‘rish mumkin. U hech qachon sadaqa so‘ramaydi. Lekin uni ko‘rib qolsangiz, zerikarli safar vaqtida bolalarni xursand qilishga harakat qilgani uchun, ko‘ngildan chiqarib hech bo‘lmasa mayda pul bering”, — deb yozadi fotoxabar muallifi.

Fotoxabarga fikr bildirganlarning aksariyat otaxonni tanigan, ular orasida “birinchi marta bundan 10 yil avval ko‘rgandim”, “birinchi marta ko‘rganimda hali maktabda o‘qirdim” kabi kommentlarni ko‘plab topish mumkin. Kimdir uni tramvay va avtobusda, yana birov metroda, boshqalar bozorda ko‘rganini yozgan.

“Kecha Oloy bozorida ko‘rgandim, to‘xtatdim. Sehrli otaxon”, — deb yozadi bir kommentator. “Umrlari uzoq bo‘lsin. O‘tgan yili metroda ko‘rishgandik. Yaxshi amaki”, — deb yozgan foydalanuvchilardan biri. “Tanish otaxon, men gaplashishga ham ulgurganman. Hayotlari qiyin o‘tgan, umrlari uzoq bo‘lsin”, — deb yozgan boshqa biri. Ba’zilar esa uning soqov ekani haqida yozgan, bir guruh foydalanuvchilar otaxonga moddiy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan.

Barcha foydalanuvchilar ham otaxon va u haqidagi iliq fikrlarga birdek qo‘shilmagan. Jumladan, ulardan biri shunday deb yozadi: “Tamom, otaxon uchun rosa piar-kampaniya bo‘ldi. Endi hamma uni qidirishga va moliyalashtirishga kirishadi. Agar uni yana bir bor ko‘rib qolsam, internetda juda mashhurligi, u haqda iliq fikrlar bildirishayotganini aytib, selfiga tushib olaman. Xabar muallifiga rahmat. Kimdir tayoq ustida piyolani o‘ynatib ko‘rganmi? Men harakat qilganman, umuman o‘xshamagan. Shunday ekan, iqtidorni izlaymiz. Otaxon, qayerdasiz?”.

Яндекс.Метрика